Maktabdan to oliy ta’limgacha qizlarning o‘qishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezident tashabbusi bilan talabalar soni oxirgi yillarda bir necha baravar oshdi, oliy ta’lim qamrovi 2016-yildagi 9 foizdan 2024-yilga kelib 40 foizdan oshdi. Qizlar uchun oliy ta’limga kirishda alohida imtiyozlar belgilandi. Olima ayollarni ko‘paytirish maqsadida universitetlarning magistratura bosqichiga kirgan qizlarning ta’lim shartnomalari to‘lab beriladi. “Raqamli avlod qizlari” kabi progressiv loyihalar qilinmoqda va hokazo.
Gender tenglik masalasida ham O‘zbekiston so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishdi. Parlament va Senat tarkibida ayollar ulushi oshdi. Bu islohotlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham ijobiy baholanmoqda.
Bularning qadriga yetish kerak. Bular shunchaki ayollarni qo‘llash emas, undan kattaroq narsa, O‘zbekistonning taraqqiyoti uchun muhim omil deb qaralishi va qadrlanishi lozim.
Dunyoviylik – biz uchun hayot-mamot masalasi
Afg‘oniston va O‘zbekiston tajribalari bir-biriga tubdan zid. Bir joyda ilm, ta’lim va ayollar huquqlari cheklanayotgan jamiyat; ikkinchisida esa dunyoviylik tamoyili asosida taraqqiyotga qadam qo‘yayotgan davlat.
Dunyoviylik – bu dinni inkor etish emas. Bu – davlat ishlarini barcha fuqarolar uchun teng va adolatli tashkil etish kafolati. Dunyoviy davlatda har kim o‘z diniy e’tiqodiga amal qilishi mumkin, ammo u qonunning o‘rniga o‘tmaydi. Qonun — hamma uchun maqbul mezondir.
Shu bois dunyoviylik – XXI asrda nafaqat siyosiy, balki hayotiy zaruratdir. Unga amal qilgan davlatlar barqarorlik, tinchlik va rivojlanishga erishadi. Uni yo‘qotganlar esa uzoq yillar qorong‘ilik va inqiroz domida qoladi.
Xulosa shuki: Tolibonning “ayollar yozgan kitoblarni taqiqlash” qarori – bugungi kundagi eng og‘ir ilmiy-ma’naviy cheklovlardan biri. Uning oqibati Afg‘oniston uchun kadrlar yetishmasligi, iqtisodiy tanazzul, xalqaro izolyatsiya va eng muhimi, kelajak avlodning fikriy qashshoqligi bo‘ladi.
O‘zbekiston esa aksincha, dunyoviylik tamoyili va gender tenglik siyosati orqali taraqqiyot yo‘lidan sobit qadam bormoqda. Qizlar ta’limiga yo‘l ochish, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash – kelajak taraqqiyotining eng muhim garovi.
Dunyoviylik va ilm — bu nafaqat konstitutsiyaviy norma, balki xalqimiz uchun hayotiy ahamiyatga ega qadriyat.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!