Fransiya va Britaniya Ormuz bo'g'ozida kemalar xavfsizligini ta'minlaydi

Fransiya va Buyuk Britaniya Ormuz bo'g'ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta'minlash maqsadida ko'pmillatli harbiy-dengiz missiyasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. AQSh va Isroilning Eronga qarshi jangovar harakatlari dunyodagi eng muhim savdo yo'llaridan birida harakatlanishni qiyinlashtirgani sababli Yevropa davlatlari ushbu chorani ko'rishga majbur bo'lmoqda. Londonda o'tgan muzokaralarda 30 ga yaqin davlat vakillari Fors ko'rfazida savdo kemalarini himoya qilish rejasini muhokama qildi. Bu haqda Dw.com xabar beradi.
Yangi missiya faqat mudofaa xarakteriga ega bo'lib, u quruqlikdagi ob'ektlarga zarba berishni nazarda tutmaydi. Operatsiyaning asosiy vazifasi savdo kemalarini raketa, dron va tezyurar qayiqlardan himoya qilishdan iborat. Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya harbiy yukning asosiy qismini o'z zimmasiga olishi kutilmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers missiya uchun aniq huquqiy mandat zarurligini ta'kidladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa O'rta yer va Qizil dengizdagi kuchlarning bir qismi, jumladan «Sharl de Goll» aviashashtasi ushbu operatsiyaga yo'naltirilishi mumkinligini bildirdi.
Ekspertlarning fikricha, faqat harbiy kuch ishlatish bilan Ormuz bo'g'ozida barqarorlikka erishib bo'lmaydi. To'liq xavfsizlikni ta'minlash uchun Eron bilan diplomatik kelishuvga erishish zarur. Hozirda Yevropa davlatlari Hindiston va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarni ham koalitsiyaga jalb qilishga urinmoqda. Shu bilan birga, Hindiston, Pokiston va Xitoy o'z kemalarining xavfsiz o'tishi bo'yicha Eron bilan ikki tomonlama kelishuvlar tuzishga harakat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!