Epshteynning Londondagi maxfiy uylari: qurbonlar izi ochilmoqda

BBC surishtiruvi natijasida Jeffrey Epsteinning London markazida bir nechta maxfiy xonadonlari bo‘lgani va ulardan jinsiy jinoyatlar yo‘lida foydalanilgani aniqlandi. Ushbu uylarda asosan Rossiya va Sharqiy Yevropadan kelgan ayollar saqlangan hamda ular orqali boshqa qurbonlarni jalb qilish ishlari amalga oshirilgan. Britaniya politsiyasi 2015-yildayoq tekshiruv boshlash imkoniga ega bo‘lsa-da, o‘z vaqtida chora ko‘rmagani va arizalarni e’tiborsiz qoldirgani uchun keskin tanqidga uchramoqda. Hozirda ushbu ish doirasida Fransiya va boshqa davlatlarda ham yangi tergov harakatlari boshlanib, xalqaro miqyosdagi o‘rganishlar davom etmoqda.
AQShda jinsiy jinoyatlarda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn faoliyatiga oid yangi tafsilotlar oshkor boʻlmoqda. BBC surishtiruviga koʻra, u Britaniya politsiyasi tomonidan tekshiruv boshlanmagan davrda London markazida bir nechta kvartiralarni ijaraga olib, ulardan noqonuniy faoliyatida foydalangan.
Jurnalistlar Kensington va Chelsi kabi nufuzli hududlarda joylashgan kamida toʻrtta xonadonga oid dalillarni aniqladi. Ushbu joylarda asosan Rossiya va Sharqiy Yevropadan kelgan ayollar yashagan boʻlib, ularning ayrimlari keyinchalik Epshteynning jinsiy zoʻravonlik qurboni boʻlganini maʼlum qilgan. Ayrim holatlarda esa ayollar boshqa qurbonlarni jalb qilishga majbur etilgani aytilmoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, bu kvartiralardan foydalanish va ayollarning “Eurostar” orqali Parijga qatnovlari Epshteyn 2019 yilda AQShda hibsga olinguniga qadar davom etgan. Hujjatlarga koʻra, u 2011–2019 yillar oraligʻida kamida 50 dan ortiq temiryoʻl chiptalarini xarid qilgan.
Surishtiruvda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratilgan: Skotlend-Yard Epshteynga nisbatan tekshiruvni 2015 yildayoq boshlash imkoniyatiga ega boʻlgan, ammo bu amalga oshirilmagan. Keyinchalik murojaat qilgan ayollarning arizalari ham jiddiy koʻrib chiqilmagani taʼkidlanmoqda.
Huquq himoyachilari mazkur holatni keskin tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, huquq-tartibot organlari odam savdosi va zoʻravonlik holatlari boʻyicha oʻz vaqtida chora koʻrmagan.
Shu bilan birga, “The Telegraph” nashri AQSH Adliya vazirligi Britaniyada olib borilayotgan ayrim tekshiruvlarga toʻsqinlik qilayotganini yozdi. Ayniqsa, ayrim siyosiy shaxslarning Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalari boʻyicha dalillarni taqdim etish masalasi choʻzilib ketmoqda.
Ayni paytda Fransiyada ham Epshteyn faoliyati yuzasidan yangi tergovlar boshlangan. Mutaxassislar esa bu ish xalqaro darajada yanada keng koʻlamli tekshiruvlarni talab qilishini taʼkidlamoqda.





























Izohlar 0
…