
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Rojdestvo bayrami davomida jamoa futbolchilarining jismoniy holati, xususan, vazn ko‘rsatkichlarini qat’iy nazorat ostida ushlash niyatida ekanini ochiq bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis uchun bayram — dam olish bilan birga mas’uliyat ham hisoblanadi.
Gvardiolaning ta’kidlashicha, futbolchilar bayram dasturxonidan bahramand bo‘lishlari mumkin, biroq bu erkinlik chegarasiz emas. U har bir o‘yinchining formaga qay darajada sodiq qolishini diqqat bilan kuzatmoqchi.
«Ular yeyishlari mumkin, lekin men nazorat qilishni istayman. 27 dekabr kuni “Nottingem Forest”ga qarshi o‘yin uchun tarkibni tanlashim kerak. Agar kimdir hozir yaxshi formada bo‘lib, uch kilogramm ortiqcha vazn bilan qaytsa — u Manchesterda qoladi. Nottingemga bormaydi. Bu aniq», — deya Gvardiolaning so‘zlarini keltiradi Daily Mail.
Bu qat’iy yondashuv “shaharliklar”ning joriy mavsumdagi yuksak maqsadlari bilan bog‘liq. Ayni paytda «Manchester Siti» Angliya Premer-ligasida 17 ta uchrashuv o‘tkazib, 37 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Peshqadam esa 39 ochko bilan Londonning «Arsenal» jamoasi hisoblanadi.
Gvardiola uchun har bir mayda detal muhim. Ushbu talabchanlik va intizom esa «Siti»ning chempionlik poygasida so‘nggi nafasgacha kurash olib borish niyati jiddiy ekanini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.