
Portugaliya milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati oldidan tayyorgarlik doirasida navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish arafasida turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyi boshida portugaliyaliklar Lissabon shahrida Eron terma jamoasini qabul qiladi.
Manbalarning ta’kidlashicha, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv deyarli yakuniy bosqichga yetib kelgan. Uchrashuv 2026 yil iyun oyida «Benfika» klubiga tegishli mashhur «Eshtadiu da Lush» stadionida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda faqat rasmiy tasdiq qolgan, xolos.
Qayd etish joizki, mazkur bellashuv Portugaliya uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki jahon chempionati guruh bosqichida portugaliyaliklar O‘zbekiston, Kolumbiya hamda pley-off orqali aniqlanadigan jamoa — Kongo Demokratik Respublikasi, Yamayka yoki Yangi Kaledoniyadan biri bilan kuch sinashadi.
Portugaliya murabbiylar shtabi Eron terma jamoasi o‘yin uslubini O‘zbekiston jamoasiga yaqin deb hisoblamoqda. Shu sababli mazkur o‘rtoqlik bahsi orqali jamoa nafaqat umumiy forma, balki ayni raqiblarga qarshi taktik yechimlarni ham sinab ko‘rishni rejalashtirgan.
Mutaxassislar fikricha, Lissabondagi ushbu uchrashuv Portugaliya uchun guruhdagi raqiblarga moslashish va o‘yin modelini yanada mukammallashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.