17:09 / 08.08.2019
3 258

Sooranbay Jeenbekov: Atambayev avval guvoh edi, endi ayblanuvchiga aylandi

Sooranbay Jeenbekov: Atambayev avval guvoh edi, endi ayblanuvchiga aylandi
Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov sobiq prezident Almazbek Atambayev avval guvoh maqomiga ega bo‘lgani, ammo endi ayblanuvchiga aylanganini ta’kidlab o‘tdi.

«Agar kechagi kunga qadar Atambayevni guvoh sifatida tergovga chaqirishgan bo‘lsa, endi unga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etgan ayblanuvchi sifatida qaraladi», — deydi Jeenbekov.

Mamlakat bosh prokurori Otkurbek Jamshitov Atambayevning uyiga qilingan hujumga yuridik baho berilishini bildirgan.

«Ayni vaqtda ekspertiza belgilangan. Biz voqealar tafsilotini yig‘moqdamiz. Yaqin vaqtlar ichida bo‘lib o‘tgan hodisalarga yuridik baho beramiz», — deydi Jamshitov.

Shu bilan birgalikda prokuror qonunchilikka ko‘ra guvoh tergovga majburan olib kelinishi mumkinligi, ammo Atambayevga uch marta chaqiriq qog‘ozi yuborilganiga qaramasdan, tergovga kelmaganini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Qirg‘iziston maxsus kuchlari Atambayevni kuch bilan qo‘lga tushirishga urinib ko‘rdi va sobiq prezidentning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi rezidensiyasiga qurolli hujum uyushtirdi. Ammo Atambayevning tarafdorlari bu hujumni bartaraf etib, qo‘shimchasiga olti nafar harbiyni asir olgan. Atambayev asirga olinganlar qo‘yib yuborilishini bildirgan.

To‘qnashuvlar davomida maxsus kuch vakillaridan biri o‘qotar quroldan yaralanib, jarrohlik amaliyoti davomida vafot etdi. Xabar qilinishicha, o‘q harbiyning bronjiletini teshib o‘tgan.

Almazbek Atambayev to‘qnashuv davomida o‘qotar quroldan foydalanganini tan olgan. Ammo sobiq prezidentning ta’kidlashicha, uning tarafdorlaridan hech kim o‘qotar quroldan o‘q uzmagan.

«O‘qotar quroldan faqat men o‘q uzdim. Avval ham ogohlantirganman — men o‘zimni himoya qilaman. Men so‘yishga olib boriladigan qo‘y emasman.

Men o‘q uzdim, ammo ataylab kimnidir nishonga olmadim. O‘q bronjiletni teshib o‘tgan? Bilmadim. Qorong‘i edi, balki rikoshet bo‘lgandir. Boz ustiga ularni (maxsus kuchlar askarlarini) kimdir har doim oldinga yurishga niqtab turgandi», — deydi Atambayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sooranbay Jeenbekov: Atambayev avval guvoh edi, endi ayblanuvchiga aylandi