date
views 6 391

Berkaxon – islomni qabul qilgan birinchi mo‘g‘ul hukmdori

Berkaxon – islomni qabul qilgan birinchi mo‘g‘ul hukmdori
Tarixdan ma’lumki, mo‘g‘ullar XIII asrda abbosiylar xalifaligi hududlarini zabt etib, uning poytaxti Bag‘dodni vayron qilish bilan islom dunyosiga jiddiy talafot yetkazgan. Ammo mo‘g‘ul hukmdorlari orasida islomni qabul qilib, uning rivojlanishi uchun hissa qo‘shganlari ham bor.

Berkaxon (1209-1266) mo‘g‘ullar saltanatining asoschisi Chingizxonning nabirasi va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘chining uchinchi farzandidir. Jo‘chixon tajribali sarkarda edi va u otasiga Markaziy Osiyoni zabt etishda katta yordam bergan. Uning to‘rt xotini, o‘n to‘rtta o‘g‘li va ikkita qizi bor edi. Chingizxon bosib olgan hududlarini uluslarga ajratib, o‘g‘illariga bo‘lib berdi. Jo‘chi Chingizxondan olti oy oldin vafot etib, u boshqarayotgan g‘arbiy xonlik to‘ng‘ich o‘g‘li Botuxon qo‘liga o‘tdi. Berkaxon akasi Botu vafot etganidan keyin Oltin O‘rda sifatida tanilgan xonlikni meros qilib oldi va hududni deyarli mustaqil ravishda boshqardi.

Bugungi Qozog‘iston g‘arbidagi Saroychiq shahrida Berkaxon Buxorodan kelayotgan karvonni uchratadi. U sayyohlardan ularning e’tiqodlari to‘g‘risida so‘raydi, keyinroq so‘fiy shayx Sayfiddin Boharziy guvohligida islomni qabul qiladi. Berka islomni qabul qilgan birinchi mo‘g‘ul xoni edi. Uning ukasi Tug‘-Timur ham islomni qabul qilgan. Ko‘p jildlik "Baybars tarixi" asarining muallifi Rukniddiyn Baybars o‘z kitobida Berkaxon qanday musulmon bo‘lganini batafsil bayon qilgan.

Berkaxonning jiyani Huloku hozirgi shimoliy Eronni boshqarayotgan davrda akasi Munke tomonidan Erondan Misrgacha bo‘lgan hududlarni mo‘g‘ullar xonligiga qo‘shib olish to‘g‘risida ko‘rsatma oladi. 1256 yilda Huloku kamida 100 ming kishilik qo‘shin bilan yurish boshlaydi. Qo‘shin ismoiliylar sultonligining tog‘li yerlariga yetib borib, bir yil ichida ularni taslim etadi va ularning yetakchisi Rukniddiyn Xurshoh asir olinib, o‘ldiriladi. Keyin Xuloku Iroqqa e’tiborini qaratadi va xalifa al-Mustasimga maktub yuborib, mo‘g‘ullarga itoat qilishini talab qiladi. Buni xalifa rad etadi. So‘ng 1258 yil yanvarda Huloku qo‘shini Bag‘dodga keladi. Mo‘g‘ullar ikki hafta ichida shaharni egallab oladi.

Bir oy o‘tgach, halifa al-Mustasim qatl qilinadi. Olti asrdan ko‘proq vaqtdan beri yuksalib kelayotgan shahar talon-taroj va yer bilan yakson etiladi. Bag‘dodning ko‘plab aholisi o‘ldiriladi.
Ko‘p o‘tmay Huloku Suriyaga jo‘nab ketdi. Berkaxon Bag‘dodning talon-toroj qilingani, musulmon aholi qirib tashlangani va boshqa musulmon shaharlar ham bosib olinayotgani haqida eshitib, g‘azablanadi va qasos olishga kirishadi.

Huloku Berkaxon qo‘shini bosqinidan qo‘rqqanidan Suriyada kichik garnizonini qoldirib, Eron tomonga chekinadi. 1260 yilga kelib, mo‘g‘ullar Suriyaning katta qismini bosib oldi va Falastinni zabt etish uchun janubga qarab harakatga tushdi. Misrda hukmronlik qilayotgan mamluklar ularning yengilmas armiyasini to‘xtatdi. Mamluk sultoni Kutuz o‘zining lashkarboshilaridan biri Baybarsni Falastinga yuboradi. Mamluklar mo‘g‘ullarni mag‘lubiyatga uchratib, shu bilan mo‘g‘ullar istilosini to‘xtatib, hududini kengaytirishga chek qo‘ydi. Mo‘g‘ul qo‘mondoni qo‘lga olinib, qatl qilindi. Tez orada mamluklar Falastin va Suriyani qaytarib oldi.

Xuloku Falastindagi jangda qasos olmoqchi bo‘lib urushga tayyorlanayotgan edi, ammo mamluklarga qarshi tura olmadi, chunki Berkaxon Kavkaz mintaqasida Hulokuga qarshi bir qator hujumlarni uyushtiradi. U hanuz Bag‘dodda olib borgan yurishlaridan g‘azabda edi. Berkaxon va Huloku o‘rtasidagi hujumlar ochiq urushga olib keladi, ziddiyat yanada avj oladi, chunki ikkalasi ham zamonaviy Xitoy va Mo‘g‘uliston hududini o‘z ichiga olgan Sharqiy xonlikni boshqarish uchun boshqa nomzodni qo‘llab-quvvatlardi. Huloku akasi Xubilayni qo‘llab-quvvatlar, Berka esa boshqa akasi Ariqbug‘o tarafida edi. Ikkala da’vogar ham urushda o‘z tarafdorlariga qo‘shildi, ammo jangda Ariqbug‘o Xubilayga taslim bo‘ldi. Urushda Huloku va Berkaxon jiddiy zarar ko‘rdi.

Ariqbug‘o sharqiy xonlikning xoniga aylanmagan bo‘lsa-da, Berkaxon Hulokuning Misrni o‘z ichiga olgan Yaqin Sharqqa egalik orzusini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Huloku 1265 yilda vafot etganida urush hali ham davom etardi. Bir necha oy o‘tgach, 1266 yilda Berka ham vafot etdi. Huloku hukmronligi davomida Eronda mustahkamlanishga muvaffaq bo‘ldi, uning ilxoniylar sulolasi 1335 yilgacha Eronni boshqardi. Uning o‘rinbosarlari islomni qabul qildi.

Berkaxonning jiyani Mangu Temur uning o‘rniga Oltin O‘rda xoni bo‘ldi. Berkaning Huloku bilan to‘qnashuvi uning e’tiborini mamluklar saltanatiga qarashiga, xonligining yanada kengayishiga chek qo‘ydi va musulmon o‘lkalar vayronaga aylanishining oldini oldi va boshqa musulmon shaharlarni Bag‘dod boshidan kechirgan janglardan qutqardi.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Berkaxon – islomni qabul qilgan birinchi mo‘g‘ul hukmdori