13:57 / 13.02.2020
4 179

Qo‘rg‘oshin izotoplari qadimgi odamlarning kelib chiqishiga aniqlik kiritadi

Qo‘rg‘oshin izotoplari qadimgi odamlarning kelib chiqishiga aniqlik kiritadi
Foto: Google Photos
Olimlar qadimgi odam qoldiqlaridagi tish emalidan olingan qo‘rg‘oshin izotoplari namunalari asosida ularning qaysi hududlarda yashaganini aniqlash imkonini beradigan yangi ilmiy usul ishlab chiqdi.

Bu boradagi ilmiy ishlar Arkanzas universitetida olib borildi. Olimlar kaddo hindularining shtat janubi-g‘arbidagi qadimgi manzilgohlaridan topilgan qoldiqlar asosida tadqiqot olib bordi. Biroq ular o‘rgangan odam qoldiqlari qadimiy emas, balki o‘rta asrlarga oid bo‘lib chiqdi. Ya’ni o‘sha jag‘ suyaklari bundan 600 yoki ko‘pi bilan 800 yil avval yashagan hindularga tegishli ekan.

Shunga qaramay, Arkanzas universiteti olimlari ushbu metod albatta undan ham qadimiy odam tishlarini tadqiq qilishga xizmat qila oladi deb ishonch bildirmoqda. Buning uchun qadimgi odam tishlaridan olingan qo‘rg‘oshin izotopi namunasini taxminan o‘sha zamonda yashab o‘tgan deb hisoblangan boshqa jonzotlar tishlaridagi qo‘rg‘oshin izotoplari hamda geologik jinslar tarkibi bilan taqqoslanadi. Usulning batafsil bayoni Journal of Archaeological Sciense jurnalida e’lon qilingan.

Tirik organizmlar uchun toksik xossaga ega bo‘lgan qo‘rg‘oshin izotoplari odatda hayvonlarning va odamning tish emalida yig‘iladi. Bu izotoplar esa albatta organizmga atrof-muhitdan kelib tushadi. Uni analiz qilish orqali u yoki bu tur, shuningdek, odam aynan qaysi arealda yashaganini aniqlasa bo‘ladi. Maqolada qayd etilishicha, bu borada aynan turli jonivorlarning tish emalini o‘zaro taqqoslashning aniqlik darajasi kattaroq bo‘lib, aksincha, geologik jinslar bilan taqqoslash amaliyoti kerakli aniqlik darajasini bermaydi.

Albatta, bu ilmiy usulning aniqlik ko‘rsatkichiga soya soladigan jiddiy tashqi omillar ham mavjud. Masalan, tish emalida aniqlangan qo‘rg‘oshin izotopi aslida ancha keyin shaxta gazlari yoki sanoat manbalari orqali ifloslanish natijasidan paydo bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli katta bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘rg‘oshin tuproqning o‘zida ham mavjud bo‘lishi mumkin va u yerga ko‘milgan jasaddagi tish emaliga o‘tishi ehtimoldan xoli emas. Bunday chalkashlikni istisno qilish maqsadida olimlar emalni va ifloslanish darajasini baholash uchun uch xil uslub ishlab chiqdi va keyingi tadqiqotlar uchun tavsiya sifatida kiritdi.

Olingan natijalar Red-River va Krenshou hududlarida yashagan qadimgi hindu qabilalari haqida ma’lumot olishga yordam bergani maqolada alohida qayd etilgan. Avvallari bu hududdan topilgan odam qoldiqlari qaysi qabilaga tegishli ekani turli bahslarga sabab bo‘lar edi. Tadqiqotlar esa o‘zaro zid xulosalar taqdim etardi. Chunonchi, bu odam qoldiqlari aslida hindularga aloqasi bo‘lmagan kelgindilarniki deb ham qaralar edi. Arkanzas universiteti olimlari ilmiy uslubi orqali o‘tkazilgan tekshirishlar esa masalaga oydinlik kiritdi. Ular kaddo hindulari avvallari aynan shu yerda yashaganini isbotlagan.

Albatta, Arkanzas shtatiga tegishli lokal ahamiyatli natija bilan bu qadar katta ilmiy maqola qilish va uni dunyoga jar solish Journal of Archaeological Sciense nufuziga loyiq bo‘lmasdi. Unda nega maqolaga bu qadar e’tibor qaratildi degan savolning javobi shuki, taklif qilingan qo‘rg‘oshin izotopli tadqiqot usuli endilikda arxeolog, antropolog va boshqa qadimshunoslarning tadqiqot arsenalini yanada boyitishi tayin. Izlanishlarda bu usulni qo‘llash orqali natijalarda kattaroq aniqlikka erishish hamda yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritish mumkin. Tish emalidagi qo‘rg‘oshin izotopi tahlili – u yoki bu jonivorning yoki qadimgi odamning yashab o‘tgan mintaqasi haqida katta ahamiyatli axborot taqdim etishi mumkin.

Muzaffar Qosimov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qo‘rg‘oshin izotoplari qadimgi odamlarning kelib chiqishiga aniqlik kiritadi