00:15 / 19 февраля 2020
5 379

Xitoy nima uchun millionlab uyg‘urlarni qamoq lagerlariga tashlayapti?

Xitoy nima uchun millionlab uyg‘urlarni qamoq lagerlariga tashlayapti?
©️ BBC
So‘nggi ikki oydan beri Xitoyda yangi paydo bo‘lgan koronavirus vasvasasi tufayli mamlakatdagi tuzumga qarshi Hongkongda qariyb olti oy davom etgan namoyishlar ham, oxirgi yillarda g‘arb davlatlari va inson huquqlari tashkilotlarining doimiy tanqidiga uchrab kelgan Xitoyning uyg‘urlarga qarshi siyosati ham go‘yo esdan chiqqandek. Ammo Shinjon Uyg‘uristonida hali ham millionlab uyg‘urlar erksiz va huquqsiz holda qamoq lagerlarida saqlanyapti va bu voqelikni inkor qilib bo‘lmaydi.

Shu kunlarda Bi-Bi-Si ushbu mavzuga taalluqli bir qator hujjatlarni o‘rganib chiqdi. Bu hujjatlar vositasida Xitoy hukumati yuz minglab musulmon uyg‘urlarni Shinjondagi qamoq lagerlariga tashlash uchun qanday asoslarga tayangani borasida tasavvur hosil bo‘ladi.

Hujjatlarda mamlakat g‘arbidagi Shinjon provinsiyasida yashovchi uch mingdan ortiq insonning shaxsiy ma’lumotlari berilgan. Bu insonlar hayotining eng maxfiy jihatlari 137 sahifadagi elektron jadvalda batafsil tasvirlangan.

Bi-Bi-Siga taqdim etilgan hujjat nusxasi
Masalan, hujjatda bir qator ismlar keltirilgan – ularning qanchalik ko‘p yoki ora-orada namoz o‘qishi, qanday kiyinishi, kim bilan aloqa qilishi, o‘zini qanday tutishi, oilasidagi holatlar haqida ma’lumot keltirilgan.

Xitoy hukumati vakillari shu yo‘l bilan terrorchilik va “islom ekstremizmi”ga qarshi kurashayotganini da’vo qiladi.
Ushbu hujjatlar o‘tgan yili Xalqaro jurnalistlar konsorsiumiga katta hajmdagi ma’lumotlarni sizdirgan manbadan olingan bo‘lib, Shinjondagi lagerlarda qanday ishlar olib borilayotganini ochib beradi.

Xitoyning Shinjonda olib borayotgan siyosati bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi mutaxassislardan biri doktor Edrian Zenz, u Vashingtondagi Kommunizm qurbonlari xotirasi fondining katta xodimi. Zenzning fikricha, hozir muhokama etilayotgan hujjatlar haqiqiy.
Bu hayratlanarli hujjat men ko‘rganlarim ichida eng ishonlisi bo‘lib, u rasmiy Pekin an’anaviy dunyo dinlariga amal qilganlarni faol ta’qib qilib, jazolayotganiga guvohlik beradi”, deydi u.

Qoraqosh uyezdi Shinjonning janubiy qismida joylashgan, aholisining 90%idan ortig‘i musulmon uyg‘urlar. Hujjatlar suratda ko‘rsatilgan 4-"o‘quv-mashg‘ulot" lageriga mansubligi aytiladi.
Lagerlardan biiri hujjatda “To‘rtinchi raqamli ta’lim markazi” deb nomlangan. Zenzning qat’iy ishonishicha, bu o‘tgan yili Xitoy hukumati uyushtirgan press-tur doirasida Bi-Bi-Si jurnalistlari tashrif buyurgan lagerning xuddi o‘zidir.

Ushbu hujjat Bi-Bi-Si jurnalistlari Shinjondagi qamoq lagerlari haqida to‘plagan ma’lumotlarning aksarini tasdiqlaydi. Hujjatda ma’lumoti berilganlarni himoya qilish uchun u nashr qilishdan oldin tahrirlangan.

Elektron jadvalda 311 kishining ma’lumotlari – ularning qisqa hayot tarixi, dinga bo‘lgan munosabati, yuzlab qarindoshlari, do‘stlari va qo‘shnilari bilan shaxsiy munosabatlari keltirib o‘tilgan.

So‘nggi ustun – hukm uchun: agar gap lagerda saqlanayotgan inson haqida ketayotgan bo‘lsa, uni ozod etish kerakmi; agar gap ozodlikdagi inson haqida bo‘lsa, uni lagerga jo‘natish vaqti kelmadimi?
Agar ro‘yxat haqiqiy bo‘lsa, u Xitoy hukumatining bu lagerlarda shunchaki o‘quv kurslari o‘tilishi haqidagi da’volarini rad etadi.

Journal of Political Risk (“Siyosiy tahdidlar jurnali”) uchun yozgan maqolasida Doktor Zenz ushbu hujjatni batafsil tahlil qilgan. Uning qat’iy ishonishicha, bu hujjat Shinjondagi qamoq lagerlari nima uchun ochilganiga guvohlik beruvchi kamsonli hujjatlardan biri sanaladi.

Doktor Edrian Zenz sizdirilgan hujjatlarni o‘rganib chiqqan
Hujjatda keltirilgan jadval u yoki bu insonni lagerga tashlash uchun buyruq berayotganlar qanday o‘ylashini tushunish imkonini beradi. Lager tizimi mafkuraviy va ma’muriy mikroqurilmadir”, deydi doktor Zenz.
Ro‘yxatning 598-raqamidagi shaxs Xelchem ismli 38 yoshli ayol – u bir necha yil oldin hijobda yurgani uchungina lagerga “qayta o‘qitish” uchun jo‘natilgan.

Bu asossiz jazolash holatlaridan faqat bitta holat, xolos.
Hujjatda ismi keltirilgan yana bir shaxs xorijga chiqish pasportini olish maqsadida davlat organlariga murojaat qilgani uchun lagerga tashlangan – demak, rasmiy Pekin fuqarolardagi chetga chiqish niyatini ham radikallashish belgisi sifatida ko‘radi.

66-raqamdagi shaxs Memettohti sharifli 34 yoshli erkak – aynan shu sababli lagerga tushgan. Holbuki, uning shaxsiy tavsifnomasida “alohida xavf tug‘dirmasligi” ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lgan.

239-raqamdagi shaxs 28 yoshli Nurmamat – “bir havolaga (link) bosib, bexosdan xorijiy vebsaytga kirib qolgani uchun” lagerga jo‘natilgani yozilgan. Hujjatda aytilishicha, bu fuqaroning axloqida boshqa hech qanday muammo bo‘lmagan.

Shinjondagi qamoq lagerlariga qanday sabablar bilan tushish mumkin: tug‘ish nazorati siyosatini buzish, "ishonchsiz" odam bo‘lish, dindor bo‘lish, xorijdagi kimdir bilan aloqada bo‘lish, avval hibsga olingan bo‘lish, IJOP tizimi e’tiboriga tushish, rasman jinoyatda ayblanish, qamoqdagilarga aloqador bo‘lish
Ro‘yxatdagi 311 kishining barchasi Shinjon Uyg‘uristonidagi Qoraqosh uyezdida yashagan. Bu uyezd Xo‘tan shahriga yaqin bo‘lib, aholsining 90%i uyg‘urlardan iborat.
Doktor Zenz “Qoraqosh ro‘yxati” deb nomlagan hujjat bugun Xitoy hukumati har qanday diniy alomat va e’tiqodni ishonchsizlik belgisi deb ko‘rib chiqishiga guvohlik beryapti.

Bunday “ishonchsizlik” bilan kurashish uchun davlat uyg‘urlarning shaxsiy hayotiga aralashish uchun yo‘l topishi lozim edi.
2017 yil boshida uyg‘urlarni tashqi dunyodan ihotalash siyosati kuchga kirganida “qishloq ishchi guruhlari” deb atalgan kommunistik partiya vakillari uyg‘ur jamiyatini oq-qoraga saralay boshladi.

Bu guruhlarning har bir a’zosi bir nechta oilalarga biriktirilgan edi. Bu vakillar o‘z qo‘l ostidagi kishilarning uyiga borar, ular bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatar va har bir oiladagi “diiny vaziyat” borasida batafsil hisobotlar tayyorlar edi. Masalan, ularga biriktirilgan oilalarning uyida nechta Qur’on bor, oila a’zolari bir kunda necha marta namoz o‘qiydi, kabi savollarga javob izlanardi.

Shu kunlarda oshkor bo‘lgan hujjat aynan o‘sha ma’lumotlar odamlarni lagerga hukm qilish uchun asos bo‘lganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, bu hujjat butun boshli oilani lagerga jo‘natish bilan rasmiy Pekin haligacha jamoaviy mas’uliyat prinsipini amalda qo‘llayotganini bildiradi.

Hujjatda har bir shaxsga tegishli bo‘limning 11-ustunida uning qarindoshchilik aloqalari va u muloqotda bo‘lgan odamlarning ism-shariflari tirkalgan.
Har bir qarindosh yoki do‘stning ismi yonida u odamning necha mahal namoz o‘qishi, bungacha tarbiya lagerida yoki xorijda bo‘lgan-bo‘lmagani haqida qisqa izoh berilgan.

Ro‘yxatdagilarning barchasining xorijda qarindoshi borligi qayd etilgan. Katta ehtimol bilan bu hujjatdagilarning hammasi aynan shu sababli “ishonchsiz” kishilar toifasiga kirib qolgan.

Hujjatning 179-, 315- va 345-bo‘limlarida Yusuf ismli 65 yoshli erkakka tavsif berilgan. U yerda aytilishicha, Yusufning ikkita qizi bor va ular “2014 va 2015 yillarda hijob va chodra kiyishgan”. Uning o‘g‘li “siyosiy Islomga moyil”, oilasi esa “xan xitoyliklarga (ya’ni, Shinjonga mamlakatning boshqa hududlaridan ko‘chirib keltirilgan etnik xitoylarga) ochiq qarshi kayfiyatda” bo‘lgan.

Yusufga chiqarilgan hukm – “tarbiyalanishni davom etdirish”. Bu Yusuf nafaqat o‘zining amallari yoki so‘zlari, balki, oilasining “ishonchsizligi” sababli ham lagerda qolishini anglatadi.

“Qishloq jamoalari” yig‘adigan ma’lumotlar Shinjonda tashkil etilgan yirik miqyosdagi ma’lumotlar tizimiga borib tushadi. Bu tizim Joint Operations Platform (Birgalikdagi amaliyotlar platformasi) yoki IJOP deb ataladi.

IJOP tizimi kuzatuv ma’lumotlari va mintaqadagi politsiya ishlarining yig‘indisidan iborat. Bu yerga yana tashqi kuzatuv kameralari va provinsiyadagi har bir kishi telefoniga yuklab olishi lozim bo‘lgan davlat mobil ilovalaridan iborat g‘oyatda yirik tizim ma’lumotlari ham kelib tushadi.

Doktor Zenzga ko‘ra, IJOP tizimi sun’iy intellekt yordamida bunday ulkan ma’lumotlar omboridagi kesishuv nuqtalarini topish imkoniga ega. Keyingi qadam esa Kommunistik partiya a’zolarining telefoniga eng shubhali shaxslarning ism-sharifi va manzilini xabar qilib jo‘natish bo‘ladi.

Masalan, “xorijiy vebsaytga kirib qolgan erkak”ni aynan IJOP ma’lumotlari asosida lagerga joylashtirish mumkin edi.
Ammo murakkab texnologiyalar har doim ham kerak bo‘lmaydi. Ro‘yxatdagi 88 kishi “ishonchsiz” degan sifat bilan qayd etilgan. Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, Xitoyda keng tarqalgan bu “belgi” lagerga tushish uchun yagona asos bo‘lishi ham mumkin.

Ushbu “ishonchsiz” degan tushuncha Xitoyning qamoq lagerlari jinoyat qilganlar emas, balki, rasmiy Pekin shubhali deb hisoblaydigan butun boshli milliy guruhlar uchun barpo etilganini isbotlaydi”, deydi doktor Zenz.

Pekin rasmiylari Shinjonda “e’tiqod erkinligini hurmat qiladigan, uni himoyalaydigan” qonunlar amal qilayotganiga ishontirishga urinadi. Ular yana uyg‘urlarni alohida ajratib qo‘yish dasturi (rasmiy atamalarga ko‘ra “professional tayyorlov dasturi”) “terrorchilik va ekstremizmga qarshi maqsadlarda qo‘llanayotgani”ni uqtiradi. Lagerlarga shu kabi jinoyatlarda aybdor deb e’tirof etilganlar tushayotgani haqida aytiladi.

Biroq “Qoraqosh ro‘yxati” bu da’volarga zid keladi. U yerda biron insonning lagerga tushishiga sabab bo‘ladigan ko‘plab sabablar keltirilgan. Bu fuqarolik, oila, chet elda yashovchilar bilan aloqa va “ishonchsizlik” tufayli yuz berishi mumkin.

Agar ro‘yxatga ishoniladigan bo‘lsa, unda barcha uyg‘urlar Xitoyning oilani rejalashtirish haqidagi qat’iy qonunlarini buzgani sababli ertami-kechmi shu lagerlarga tushishi mumkin. Chunki rasmiy Pekin nazdida ko‘p bolali bo‘lish – “uyg‘urlar o‘z an’analarini dunyoviy davlat qonunlaridan ustun qo‘yishi”ning eng birinchi belgisi bo‘ladi.

Xitoy hukumati o‘zining Shinjondagi amallarini oqlab, buni ekstremizm tahdidiga tezkor munosabat bildirish dasturi deb nomlaydi.
Haqiqatdan ham “Qoraqosh ro‘yxati”da bu kabi jinoyatlarga ko‘plab ishoralar berilgan. Kamida olti kishi lagerga “terrorchilik hujumi uyushtirgani” yoki “shunga harakat qilgani” uchun tushgan. Yana ikki kishi esa “taqiqlangan video” tomosha qilgani uchun bu yerga keltirilgan.

Biroq hujjat mualliflarini eng ko‘p qiziqtirgan narsa diniy savollar bo‘lgan. Uning 100 dan ortiq bo‘limida u yoki bu oiladagi “diniy vaziyat” haqida gapirilgan.
Hujjatning haqiqiyligini tekshirish qiyin – unda na muhr, na imzo bor.

Osiyo Abdulahib "hujjatni oshkor qilish Shinjondagi yaqinlarini xavf ostiga qo‘yishini, ammo bu jinoyatlarga kimdir chek qo‘yishi kerakligini" aytadi
Hujjatni sizdirgan manbaning ma’lum qilishicha, bu ro‘yxat Shinjonda o‘tgan yili, boshqa maxfiy hujjatlar bilan birga tarqalgan.
O‘sha hujjatlarning barchasi bir uyg‘ur qochqinning qo‘liga tushib qolgan, keyin u o‘z aloqalari orqali hujjatlarni xorijga chiqarib yuborgan. Bundan faqat shu kunlarda yuzaga chiqqan ro‘yxatgina mustasno bo‘lgan.

O‘tgan yili Xitoydagi qamoq lagerlari haqidagi hujjatlar g‘arb ommaviy axborot vositalarida nashr qilinganidan keyin o‘sha qochqin “Qoraqosh ro‘yxati”ni ham o‘z kanallari orqali Amsterdamda istiqomat qiladigan uyg‘ur ayoli Osiyo Abdulahibga jo‘natdi.
Abdulahib Bi-Bi-Siga hujjat haqiqiy ekanini tasdiqlaydi.

Hujjatda muhr bor-yo‘qligi muhim emas. Bu haqiqatdan mavjud, tirik odamlar haqidagi ma’lumot. Bu hech qanday yo‘l bilan matbuotga chiqmaydigan odamlarning shaxsiy ma’lumotlari. Xitoy hukumati buni “soxta” deb ayta olmaydi”, deydi u.

Xitoy tashqarisida yashovchi boshqa ko‘plab uyg‘urlar kabi Abdulahib ham “qayta tarbiyalash” dasturlari boshlanishi bilan Shinjonda yashovchi oilasi bilan aloqani yo‘qotgan. Ayol ushbu ro‘yxatni bir qator xalqaro ommaviy axborot vositalariga, jumladan Bi-Bi-Siga bergan. Uning aytishicha, boshqa tanlovi yo‘q edi.

Albatta, meni do‘stlarim va qarindoshlarimning xavfsizligi tashvishga soladi. Ammo agar hamma o‘zi va oilasini o‘ylab jim yuraversa, bu jinoyatlar davom etaveradi”, deydi Osiyo Abdulahib.

Shinjondagi qamoq lagerlaridan birining tashqaridan ko‘rinishi
O‘tgan yil oxirida rasmiy Pekin Shinjondagi qamoq lagerlariga hukm qilingan barcha uyg‘urlar “ta’lim olishni yakunlagani” va ozodlikka chiqqanini e’lon qildi. Shu vaqtning o‘zida hukumat vakili “agar sobiq yoki yangi ta’lim olganlar yana o‘qishni istab qoladigan bo‘lsa”, bir nechta lagerlar ochiq qolayotganini aytib o‘tdi.

“Qoraqosh ro‘yxati”ga tushganlarning 90%i “ozod etilgan” yoki “ozod etilishga tayyor” deb qayd qilingan.

Biroq doktor Zenzning fikriga ko‘ra, qayta o‘qitish lagerlari bu – nisbatan keng miqyosdagi qamoq tizimining bir qismi xolos; tizimning asosiy qismi dunyo ommasidan sir tutiladi.

Ro‘yxatdagi shaxslarning yigirmadan ortig‘i “sanoat parkida ishlash uchun” ozodlikka tavsiya etilayotgani belgilab qo‘yilgan. Bunday “tavsiya”ga bo‘ysunmaslik qiyin. Hozir ko‘pchilikning aytishicha, Xitoy uyg‘urlarning “yorqin kelajagi”ni muqarrar ta’minlash maqsadida majburiy mehnat tizimini ishlab chiqyapti.

Ro‘yxatda qayd etilgan ikki holatda ta’lim markazidagi muddat oddiy qamoqxonaga hukm qilish bilan tugagan. Bu Xitoy qamoq tizimi so‘nggi yillarda oxirigacha to‘xtamay ishlayotganini bildiradi.

Hujjatda ismi ko‘rsatilgan ko‘pchilik shaxslarning qarindoshlari uzoq yillik qamoq jazolarini olgan, bir qator holatlarda ularning aybi oddiy diniy rasm-rusumlarga rioya qilgani bo‘lgan.

Masalan, ro‘yxatdagilardan birining otasi “qalin, xinaga bo‘yalgan soqol qo‘ygani va diniy adabiyotlarni o‘rganadigan guruh tuzgani uchun” besh yil qamoqqa hukm qilingani aytilgan.

Hujjatdagilardan yana birining qo‘shnisi “xorijdagi odamlar bilan Internetda aloqa o‘rnatgani uchun” 15 yil olgan, boshqa bir kishining akasi esa “telefonidagi xoinona suratlar uchun” 10 yilga hukm qilingan.

“Xitoy hozir Shinjondagi qamoq lagerlarini yopgan-yopmagani muhim emas. Chunki ushbu ro‘yxat bizga u yerdagi hokimiyat tizimining zehniyati va ruhiyatini ko‘rsatib turibdi. Biz mintaqaning ijtimoiy hayotida xuddi avvalgidek bugun ham “jodugarlarni ovlash” (yo‘q joydan dushman topish) kayfiyati hukmronlik qilayotganini ko‘ryapmiz”, deydi doktor Edrian Zenz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)