10:46 / 04.07.2020
1 924

Remdesivir — koronavirusga qarshi asosiy dori sifatida ko‘rilayotgan preparat haqida nimalar ma’lum?

Remdesivir — koronavirusga qarshi asosiy dori sifatida ko‘rilayotgan preparat haqida nimalar ma’lum?
O‘z vaqtida Ebola bezgagini davolashda qo‘llanilgan remdesivir preparati yangi tipdagi koronavirus pandemiyasi vaqtida ham diqqat markazida bo‘lib turibdi. Remdesivir – hozircha COVID-19 terapiyasida qo‘llash uchun ma’qullangan yagona dori vositasi hisoblanadi.

Remdesivirni ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, preparat COVID-19`ga chalingan bemorlarning sog‘ayish muddatini 4 kungacha qisqartirishi mumkin.

Qayd etish joiz, remdesivirni ishlab chiqaruvchi kompaniya uni orfan preparat, ya’ni kam uchraydigan kasalliklarga qarshi dori vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu esa farmkompaniyaga qator imtiyozlarni beradi.

Xronologiya
Remdesivir 2015 yilda, AQSH Qurolli Kuchlarining yuqumli kasalliklarni tadqiq qilish instituti (USAMRIID) tomonidan Gilead Sciences kompaniyasi bilan hamkorlikda, Ebola bezgagiga qarshi antivirus sifatida ishlab chiqilgan.

2020 yil mart oyida amerikalik tibbiyot mutaxassislari COVID-19`ga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ushbu preparatni qo‘llay boshladi. Bu vaqtda remdesivir hali AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari nazorati boshqarmasi (Food and Drug Administration – FDA) tomonidan ma’qullanmagan edi.

Aprel oyi oxirida OAVda remdesivirning koronavirusga qarshi dori vositasi sifatidagi samarasi o‘rganilgan sinovlar muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda o‘tkazilgan klinik sinovlar haqidagi hisobotning qoralama shakli xatolik sabab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida qisqa vaqtga paydo bo‘lib qolgan edi. Hisobot qoralamasida remdesivir bemorning ahvolini yaxshilashga va bemor qonidagi patogen mikroorganizmlarni kamaytirishga yordam bermasligi aytilgan.

Ammo aprel oyi oxiriga kelib, AQSHning bosh infeksionisti Entoni Fauchi xalqaro miqyosda remdesivir sinovlari ijobiy xulosa berganini e’lon qildi.

«Sinovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, remdesivir koronavirusdan sog‘ayish vaqtini qisqartirishda katta va aniq-ravshan ijobiy ta’sirga ega», dedi Fauchi 29 aprelda Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

O‘shanda ma’lum bo‘lgandiki, preparat bo‘yicha sinovlar AQSH, Osiyo va Yevropaning bir nechta mamlakatidagi koronavirusga chalingan mingdan ortiq bemorni qamrab olgan.

Sinovlarda remdesivir qabul qilgan bemorlar o‘rtacha 11 kunda, platsebo guruhidagilar esa o‘rtacha 15 kunda sog‘ayishi kuzatilgan. Shunga qaramay, preparat COVID-19'dan o‘lim darajasini kamaytiradi, deb bo‘lmaydi.

Oq uydagi oval kabinetda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH Allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti rahbari Entoni Fauchi remdesivir bo‘yicha Xitoydagi tajribalar haqida gapirar ekan, u yerdagi sinovlarni «kuchsiz va noadekvat» deya atadi.

Oradan bir necha kun o‘tib, 1 mayda FDA AQSHda remdesivirni koronavirusdan davolashda foydalanish uchun favqulodda ruxsat berganini e’lon qildi.

Narx
29 iyun kuni Gilead Sciences saytida kompaniya bosh ijrochi direktori Deniyel O’Deyning ochiq xati e’lon qilindi. Unda aytilishicha, remdesivir eksperimental preparatining narxi rivojlangan davlatlar uchun bir ampulasi 390 dollar etib belgilangan.

«Biz narxni rivojlangan davlatlar ichida xarid qobiliyati eng past bo‘lganlari uchun ham maqbul qiymatgacha pasaytirdik. Remdesivir qo‘llash ruxsat berilgan barcha rivojlangan davlatlar uchun shu narx amal qiladi», – deyiladi e’londa.

Qayd etilishicha, koronavirusga chalingan kishiga o‘rtacha 6ta ampulani o‘z ichiga oluvchi 5 kunlik davolash kursi tavsiya etiladi. Demak, COVID-19`dan remdesivir bilan davolanish narxi rivojlangan davlatlarda 2340 dollarga tushadi.

Gilead Sciences hisob-kitoblariga ko‘ra, agar AQSH shifoxonalari koronavirus bemorlarini remdesivir bilan davolay boshlasa, har bir bemor uchun xarajatlardan 12 ming dollardan iqtisod qilib qolishi mumkin.

«Biz ushbu global favqulodda zarurat sharoitida dori vositasiga bo‘lgan talabning keng va adolatli tarzda qondirilishini ta’minlash uchun remdesivirga o‘z ahamiyatidan ancha past narx belgiladik», – degan kompaniya raisi.

Remdesivirning effektivligini kimlar tasdiqladi?
AQSHdan so‘ng dastlab may oyida Yaponiya ham remdesivirni koronavirusga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash uchun ma’qulladi. May oyi oxirida Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ham remdesivirni kovid yuqtirib olgan ayrim bemorlarni davolashda foydalanish uchun tasdiqladi.

Iyun oyi boshida Hindiston koronavirusdan davolashda remdesivirdan foydalanishga favqulodda ruxsat berdi. Ko‘p o‘tmay Isroil rasmiylari ushbu preparatni COVID-19dan dori vositasi sifatida rasman qayd etishdi.

Iyun oyi so‘nggida Dori vositalari bo‘yicha Yevropa agentligi (EMA) remdesivirning sotuvga chiqarilishiga shartli ravishda ruxsat berishni tavsiya etib chiqdi. 26 iyun kuni Janubiy Koreya ushbu dorini COVID-19`ni davolash bo‘yicha milliy tavsiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Hozircha faqat amerikaliklar uchun
29 iyun kuni AQSH Sog‘liqni saqlash vazirligi hukumat Amerikaning Gilead kompaniyasidan 500 mingta remdesivir ampulasini sotib olganini ma’lum qildi. Bu – preparatning keyingi uch oy davomida ishlab chiqariladigan deyarli barcha zaxiralariga AQSH egalik qilishini anglatadi.

«Prezident Tramp amerikaliklarni COVID-19`dan davolashda ruxsat etilgan birinchi dori vositasi bilan ta’minlash uchun ajoyib xaridni amalga oshirdi», – dedi AQSH sog‘liqni saqlash vaziri Aleks Azar.

Remdesivir zaxiralarining AQSH tomonidan sotib olinishi jahonda, xususan Yevropada iliq kutib olinganicha yo‘q. «Ular dori omborining katta qismiga ega chiqishdi, shunday ekan Yevropaga deyarli hech vaqo yo‘q», – dedi Liverpul universiteti ilmiy xodimi Endryu Xill.

Rossiyada favipiravirga urg‘u qaratilmoqda
Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, virusolog Andrey Pokrovskiyning so‘zlariga ko‘ra, «remdesivir – mutlaq panatseya emas. Ammo bu – biroz bo‘lsa-da samara berayotgan preparatlardan biri».
Uning tushuntirishicha, preparat virusning RNK-polimerazasini bloklab, uning ko‘payib ketishiga imkon qoldirmaydi.

Ayni paytda, Rossiyada koronavirusdan davolashda «Avifavir» dorisidan foydalanilmoqda. Undagi ta’sir etuvchi modda – Yaponiyada ishlab chiqilgan favipiravir.
Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi bosh direktori, investor Kirill Dmitriyev «Avifavir» remdesivirga qaraganda yaxshiroq samara berayotganini aytib chiqqan.

«Avifavir» – koronavirusga qarshi eng yaxshi dori vositalaridan biri bo‘lib, raqobatchilariga, xususan Amerikaning Gilead Sciences kompaniyasi ishlab chiqqan remdesivirga qaraganda yaxshiroq samara ko‘rsatmoqda. AQSH yaqin oylar davomida ishlab chiqariladigan remdesivirning deyarli barchasini sotib olib bo‘lgani va jahon bozorida samarali preparatlar taqchilligini hisobga olib, Rossiya boshqa davlatlarga koronavirusga qarshi kurashda yordam qo‘lini cho‘zishga va «Avifavir»ni chet davlatlarga yetkazib berishni boshlashga tayyor.

Rossiyaning preparati bir necha barobar arzon, qolaversa uni tabletka shaklida qabul qilish ancha qulay bo‘lib, bu – koronavirusning erta bosqichlarida terapiya o‘tkazish imkonini beradi.

Preparatga allaqachon 50tadan ortiq davlat qiziqish bildirdi. Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi va «XimRar» kelasi oylar davomida «Avifavir»ni ishlab chiqarish hajmini oshirib, yetkazib berish geografiyasini kengaytirish niyatida», – dedi Dmitriyev.

Ma’lumot uchun, remdesivir – Gilead kompaniyasining patentlangan preparati bo‘lib, hozirda boshqa kompaniyalar uni ishlab chiqarish huquqiga ega emas. Ammo may oyi o‘rtalarida Gilead 5ta farm-kompaniya bilan shartnoma tuzgan, bu kompaniyalar 127ta davlat uchun remdesivir ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi mumkin.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)