18:05 / 01.10.2020
2 329

Rossiya TIV Suriya va Liviyadagi jangarilar Tog‘li Qorabog‘ga tashlangani haqida bayonot berdi

Rossiya TIV Suriya va Liviyadagi jangarilar Tog‘li Qorabog‘ga tashlangani haqida bayonot berdi
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi janglar vaqtida vayron bo‘lgan uy, 2020 yil 30 sentabr.
Foto: Meduza

Ozarbayjon va Armaniston Tog‘li Qorabog‘da halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni ikki mingdan oshganini ma’lum qildi. Armaniston Mudofaa vazirligi 30 sentabr kuni tongda Tog‘li Qorabog‘da to‘qnashuvlar qaytadan boshlanganidan beri Armaniston 2300 nafargacha odam yo‘qotganini ma’lum qildi (ularning aynan qanchasi halok bo‘lgan, qanchasi yaralangan — aniqlik kiritilmagan).

Armaniston Mudofaa vazirligi esa ozarbayjonliklar bir kun davomidagi o‘z yo‘qotishlarini Armaniston armiyasiga qo‘shib aytayotganini ta’kidladi. Nizo hududida to‘qnashuvlar davom etmoqda, har ikkala tomon tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani va dushmanning harbiy texnikasi yo‘q qilinayotgani haqida xabar berib turibdi.

Gruziya nizoni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni Tbilisida o‘tkazishni taklif qildi. «Mintaqada imkon qadar tezroq tinchlik o‘rnatilishi bizning umumiy manfaatlarimizga mos keladi», — dedi Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya. Avvalroq Rossiya (u muzokaralarni Moskvada tashkil etishni va unda o‘zi vositachi sifatida qatnashishni taklif qilgandi), AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va xalqaro tashkilotlari, xususan, BMT va YEXHT har ikkala tomonni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan edi.

Boku alohida mamlakatlar tomonidan ilgari surilayotgan muloqotga kirishish chaqiruvlarini ma’nisiz deb atadi. «U yoki bu mamlakat tomonidan bo‘layotgan muloqotga chaqiruvlar o‘rinsizdir. Bunday chaqiruvlar xalqaro tashkilotlar, BMT tomonidan bo‘lyapti va biz buni, tabiiyki, qabul qilamiz, shunday chaqiruvlar YEXHT tarafidan ham yangramoqda, chunki ularda ham vakolat bor.

Shunchaki: ‘Muloqotni boshlanglar, biz yordam beramiz’, deb aytayotganlarga kelsak, bunday chaqiruvlarga hojat yo‘q. Hozir haqiqat qaror topadigan fursat
», — dedi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar xalqaro hamjamiyat Armaniston hukumatini Qorabog‘dan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur qila olmasa, u holda «Ozarbayjon askari ularni to‘xtatadi va ularni o‘z hududidan chiqarib yuboradi, shu bilan adolat tantana qiladi». Avvalroq Armaniston tomoni yuzaga kelgan hozirgi vaziyatda — to o‘chish to‘xtatilmagunicha — muzokaralar haqida so‘z ochish o‘rinsizligini ta’kidlagan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriya va Liviyadagi jangarilar Qorabog‘ nizosi hududiga tashlanayotganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda vazirlik bu ish nizolashuvchi tomonlarning qay biri tomonidan amalga oshirilayotganiga aniqlik kiritmadi. Avvalroq janglarda chet ellik yollanma jangarilar qatnashayotgani haqida Ozarbayjon ham, Armaniston ham gapirgan (tabiiyki, bir-birini ayblagan holda).

Armaniston hukumatining ta’kidlashicha, yollanma jangarilarni Turkiya yubormoqda. Armanistonning Rossiyadagi elchisi Vardan Toganyanning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadan Tog‘li Qorabog‘ga «to‘rt mingga yaqin jangari» tashlangan. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bu ma’lumotni rad etib, Turkiya Ozarabyjonga faqat «ruhiy-ma’naviy yordam ko‘rsatayotgani»ni qat’iy aytib o‘tgan edi. O‘z navbatida, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi janglarda halok bo‘lgan Armaniston vakillari orasida «Suriya va Yaqin Sharqning turli mamlakatlaridan bo‘lgan arman millatiga mansub ko‘plab yollanma jangarilar bor»ligi haqida bayonot bergan edi.

Ozarbayjon va Armaniston diasporalari Moskvada yashayotgan vatandoshlarini «bosiqlik»ka chaqirdi. «Keskinlik Rossiya hududiga ko‘chib o‘tishiga va shu bilan ikki xalq jamoalari o‘rtasida nizo o‘choqlari yuzaga kelishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deyiladi Moskva meriyasi tomonidan e’lon qilingan ikki mamlakat diasporalarining qo‘shma bayonotida. 2020 yil yozida, Qorabog‘ nizosi navbatdagi marta «qaytalagan» vaqtda, ozarbayjonlar va armanlar Moskvada ommaviy mushtlashuv, to‘polonlar keltirib chiqargan edi.

Moskva kinofestivali dasturidan Qorabog‘ nizosi haqidagi film olib tashlandi. Gap 1990 yillarda Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlarni yoritib borgan front operatorlari hayoti haqida hikoya qiluvchi «Jannat darvozalari» kartinasi haqida bormoqda. Festival tashkilotchilari bu qaror ehtiyot chorasi sifatida qabul qilinganini bildirdi. «Moskvada va Qorabog‘ atrofida ozarbayjonlar va armanlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oldini olish maqsadida biz, kartina yaxshi bo‘lsa-da, uni namoyish etishdan tiyilishga qaror qildik», — dedi festival dasturiy direktori Kirill Razlogov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)