Okean orti larzada: AQSHda Trampga qarshi millionlar isyoni

Amerika Qo‘shma Shtatlarida vaziyat nihoyatda keskin tus olmoqda. O‘tgan dam olish kunlari mamlakat bo‘ylab Oq uy rahbari Donald Tramp va uning maʼmuriyati siyosatiga qarshi misli ko‘rilmagan namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
Turli manbalarning taʼkidlashicha, bu galgi norozilik chiqishlarida 9 millionga yaqin inson ishtirok etgan. Namoyishchilar Trampning qarorlari, yashash narxining keskin qimmatlashi va immigratsiya xizmatining (ICE) faoliyatiga chek qo‘yish talablari bilan ko‘chalarga chiqdi.
"Qirollarga yo‘q!": Amerika demokratiyasi xavf ostidami?
Namoyishlarning bosh shiori — “No kings” (“Qirollarga yo‘q”) bo‘ldi. Xalq Amerikada qirollarga xos yakkahokimlik boshqaruvini qabul qila olmasligini baland ovoz bilan eʼlon qildi. Tashkilotchilarning fikricha, Tramp mamlakatni zolimlarcha boshqarishga urinmoqda, vaholanki hokimiyat milliarderlarga emas, balki xalqqa tegishlidir.

Oq uy esa bu voqealarga kesatiq bilan javob qaytarib, namoyishlarni “Trampning ruhiy tushkunlik terapiyasi” deb atadi.
Namoyishlar geografiyasi: Vashingtondan Parijgacha
Shanba kuni Vashington markazidagi National Mall va Linkoln memoriali odamlar bilan to‘lib toshdi. Namoyishlar nafaqat AQSHning yirik shaharlarida, balki Yevropaning Parij va London kabi poytaxtlarida ham aks sado berdi.

Nyu-Yorkning mashhur Times Square maydonida minglab insonlar to‘plandi. Ular orasida taniqli aktyor va rejissyor Robert De Niro ham bor edi. U BBC muxbiriga bergan intervyusida Trampni “aqldan ozgan” deb atab, rejimga qarshi tinch yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatish shartligini taʼkidladi. Tramp esa o‘z navbatida aktyorni “past IQ egasi” deb masxara qildi.
Nizoning alanga olishiga nima sabab bo‘ldi?
Joriy yilning yanvar oyida immigratsiya xizmati (ICE) tomonidan ikki amerikalikning otib o‘ldirilishi xalq g‘azabini yana-da alangalatdi. Bu voqea Tramp maʼmuriyatining migratsiya taktikasiga nisbatan nafratni kuchaytirib yubordi.
Prezidentning javobi: "Men qirol emasman"
Tramp 2025 yilda hokimiyatga qaytganidan beri o‘z vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. U hatto gubernatorlarning eʼtiroziga qaramay, shaharlarga Milliy gvardiya qo‘shinlarini joylashtirdi. Prezidentning o‘zi esa bu harakatlarini “inqirozga yuz tutgan mamlakatni qayta tiklash” deb izohlamoqda. “Ular meni qirol deb atashmoqda, lekin men qirol emasman”, — deydi u o‘z bayonotlarida.
Biroq, konstitutsiya himoyachilari va siyosiy tanqidchilar Amerika demokratiyasi jiddiy tahdid ostida ekanidan ogohlantirmoqda.
Aziz o‘quvchilar, sizningcha, millionlab insonlarning bu noroziligi Tramp maʼmuriyatini o‘z siyosatini o‘zgartirishga majbur qila oladimi? Amerikada haqiqatan ham "yangi qirollik" davri boshlanmoqdami?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!