10:45 / 12.10.2020
3 372

Anqara yana bir zamonaviy inshoot bilan dunyoni hayratga solmoqchi

Anqara yana bir zamonaviy inshoot bilan dunyoni hayratga solmoqchi
Turkiya poytaxti Anqara shahrida qurib bitkazilgan zamonaviy konsert majmuasi qachon foydalanishga topshirilishi ma’lum bo‘ldi.
San’at koshonasi Turkiya Respublikasi milliy bayrami sharafiga 29, 30 oktabr kunlari tantanali gala-tadbir bilan ochiladi. Bu haqda Turkiyaning yurtimizdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

Tantanali badiiy kecha mehmonlari dunyoga mashhur taniqli soprano xonandasi Anjela Georgiu, fortepianochilar dueti Guher va Suher Pekinel hamda dirijor Jemi’i Jan Deliorman rahbarligidagi Prezident simfonik orkestri mahoratidan bahra oladi.

Poytaxt markazida, Anqara qal’asi va Anitkabir o‘rtasida joylashgan musiqa shaharchasida dunyodagi eng qadimgi orkestrlardan biri bo‘lgan Prezident simfonik orkestri faoliyat yuritadi. Bu yerda, shuningdek, butun dunyoning to‘rt tarafidan mehmon bo‘lib kelgan nufuzli orkestr va solistlar ham o‘z ijodiy chiqishlarini namoyish etishi mumkin.

2023 o‘rinli katta zal, 500 o‘rinli moviy zal va 600 o‘rinli tarixiy Prezident simfonik orkestri zali, restoranlar, muzeylar va ochiq havo zonalaridan iborat musiqa shaharchasi yaqin muddatda san’at va madaniyat muhiblarini o‘z bag‘riga oladi.

Simfonik orkestrning badiiy rahbari va birinchi dirijori Jemi’i Jan Deliorman muhtasham va ajoyib akustikaga ega san’at maskanida faoliyat yurituvchi ijodiy jamoa dunyoning yetakchi orkestrlari bilan bemalol raqobatlasha olishini ta’kidlaydi.

Yangi san’at koshonasi o‘zining me’moriy va badiiy yechimi bilan jahon musiqa olamida mustahkam o‘ringa ega bo‘lishi kutilmoqda.

Simfonik orkestr tarixi 1826 yili Usmonli sultoni Mahmud II tomonidan asos solingan orkestrga (Mızıka-ı Humayun) borib taqaladi. Ijodiy jamoaga rahbarlik qilish uchun o‘sha paytda taniqli opera kompozitorining ukasi Juzeppe Donitsetti taklif etilgan. Orkestr tarkibida Anri Vyotan (1848), Frans List (1857) kabi yevropalik ijodkorlar faoliyat yuritgan. Ijodiy jamoa tomonidan opera asarlari ham ijro etilgan.

Masalan, 1869 yii Fransiya imperatritsasi tashrifi sharafiga “Faust” operasi namoyish etilgan. 1924 yilda orkestr Respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturk tomonidan isloh etilgan va qayta tashkil etilgan. Prezident simfonik orkestri keyingi yillarda dunyoning turli yirik shaharlarida konsert dasturlari namoyish etib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Anqara shahrida yana bir muhtasham ilm-fan maskani – Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasi ochilgan edi. Ulkan kitob fondiga mahobatli kutubxona betakror me’morchilik majmuasi sifatida baholangan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Anqara yana bir zamonaviy inshoot bilan dunyoni hayratga solmoqchi