16:53 / 13.01.2021
1 820

Japarov Qirg‘izistonda rus tilining rasmiy maqomini saqlab qolishga va’da berdi

Japarov Qirg‘izistonda rus tilining rasmiy maqomini saqlab qolishga va’da berdi
Foto: «TASS»
Qirg‘izistonda rus tili o‘zining rasmiy til maqomini saqlab qoladi. Bu haqda mamlakat prezidenti saylovida g‘olib chiqqan Sadir Japarov «Rossiya 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Rus tili rasmiy maqomga ega edi va bundan keyin ham rasmiy maqomda bo‘ladi», — dedi u.

Japarovning eslatishicha, sobiq ittifoq tarqalib ketganidan keyin Rossiya va Qirg‘iziston ittifoqdosh va yaqin sheriklar bo‘lib qolgan, shu sababli mamlakatlar o‘rtasida «birodarlik» aloqalari saqlanib kelmoqda.

Saylangan davlat rahbari ishontirishicha, bundan keyin ham Moskva va Bishkek «yuqori diplomatik aloqalar»ga ega bo‘ladi. U Rossiyani Qirg‘izistonning asosiy ittifoqdoshi va sherigi deb atab, usiz mamlakat iqtisodiy va geosiyosiy jihatdan qiynalishini ta’kidladi.

Noyabrda Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy kengashi a’zosi Sadirdin To‘raliyev mamlakatda rus tilining rasmiy maqomini bekor qilish taklifi bilan chiqqandi. Bunga Qirg‘iziston yoshlari o‘z ona tilida gaplashmay qo‘yganini sabab qilib ko‘rsatgan. Ammo keyinroq Konstitutsiyaviy kengash rus tili rasmiy til sifatida qoldirilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti saylovida salkam 80 foiz ovoz olib g‘alaba qozondi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistondagi prezident saylovi muddatidan avval o‘tkazildi — bu saylovning o‘tkazilishi 2020 yil oktabrida, parlament saylovlaridagi ehtimoliy qoidabuzarliklar sabab boshlangan tartibsizliklar tufayli avvalgi davlat rahbari So‘ronboy Jeenbekov iste’fo bergach e’lon qilingan edi.

Sadir Japarov oktabrdagi to‘polonlarga qadar tartibsizliklar keltirib chiqarishda ayblanib, 10 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan edi. Namoyishchilar bosimi ostida u qamoqdan ozod qilindi, ertasiga esa parlament tomonidan bosh vazir etib tayinlandi. Jeenbekovning iste’fosidan keyin esa u prezident vazifasini bajaruvchiga aylangan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Japarov Qirg‘izistonda rus tilining rasmiy maqomini saqlab qolishga va’da berdi