00:30 / 19.04.2021
2 966

Rossiya va Belarus davlat to‘ntarishining oldi olingani haqida xabar berdi


Foto: president.gov.by
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) Belarusda harbiy davlat to‘ntarishiga urinish va mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenkoning hayotiga suiqasdning oldi olingani haqida ma’lum qildi. Prezident ham jurnalistlarga fitnachilar o‘zi va o‘g‘illarini o‘ldirmoqchi bo‘lgani haqida aytdi.

Ushbu ish doirasida Moskvada belarus muxolifatchilarining ikki nafari: politolog Aleksandr Feduta va advokat Yuras Zenkovich (FSB xabarnomalarida u Yuriy deb ham atalgan) qo‘lga olingan. Maxsus amaliyot Lukashenkoning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaatidan keyin amalga oshirilgan.

Rossiya FSB va Belarus KGB ishtirokida qo‘shma amaliyot o‘tkazilgani haqida 17 aprel kuni FSB jamoatchilik bilan aloqalar markazi xabar qildi. Parallel ravishda Lukashenko uning va o‘g‘illarining hayotiga suiqasd tayyorlangani, mamlakatda esa harbiy davlat to‘ntarishini amalga oshirish rejalashtirilgani haqida ma’lum qildi.

Kuch ishlatar tuzilmalar isyon tashkilotchiligida gumon qilib Rossiyada Belarusning ikki fuqarosini - politolog Feduta va AQSH fuqaroligiga ham ega bo‘lgan advokat Zenkovichni qo‘lga olgan. Lukashenko Putinga yordam so‘rab murojaat qilganidan so‘ng bu shaxslar qo‘lga olinganini aytib o‘tgan.

Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, davlat to‘ntarishini Belarus va Rossiyada G‘alaba kuni nishonlanadigan sanada - 9 mayda amalga oshirish rejalashtirilgandi.

Isyonchilar go‘yoki mamlakat rahbariyatini yo‘q qilib, telemarkazni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan. Lukashenko mazkur fitnaga 
AQSHning aloqasi borligini aytdi

Lukashenko shanba kuni jurnalistlarga davlat to‘ntarishiga urinish haqida gapirdi. Bu uchrashuvdagi kadrlar «Pul pervoy» telegram-kanalida e’lon qilindi. Avvaliga Lukashenko ko‘chat o‘tqazayotgani tasvirlangan videoyozuv, keyin uning davlat to‘ntarishiga urinish haqidagi so‘zlari keladi.

Belarus prezidenti fitnachilar go‘yoki uning o‘g‘illarini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani haqida aytadi. «Rejaga ko‘ra, bir bolani, o‘xshasa, ikkinchisini qo‘lga olish bo‘lgan. Yerto‘laga joylashtirmoqchi bo‘lishgan. Darvoqe, Gomel oblastida yerto‘la tayyorlashibdi. Biz guruhni qo‘lga oldik, ular buning barchasi qanday rejalashtirilganini ko‘rsatib berishdi», - deydi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur harakatlarga tayyorgarlik ortida AQSH maxsus xizmatlari turgan.
«Bu ishga xorijdagi maxsus kuchlar – katta ehtimol bilan, Markaziy razvedka idorasi, Federal qidiruv byurosi va AQSHning yana boshqa xizmatlari aralashgan deb o‘ylayapman. Amerikaliklardan aynan kim ishlaganini bilmadim. Biz ular Minskka kelib, prezident va uning bolalariga qarshi suiqasd uyushtirish bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lganini aniqladik», degan Lukashenko.

FXX bayonotida Feduta va Zenkovich «Belarus radikal muxolifati ideologlari» deb atalgan.
Maxsus xizmatlar ular Belarusda «mahalliy va ukrain millatchilari»ni jalb etgan holda «rangli inqilob ssenariysida ishlab chiqilgan» davlat to‘ntarishi amalga oshirish va «Lukashenkoni jismonan yo‘q qilish»ga hozirlik ko‘rishganini tasdiqladi.

Federal xavfsizlik xizmatining hisoblashicha, davlat to‘ntarishini tayyorlash uchun Feduta va Zenkovich Moskvada «muxolifat kayfiyatidagi» belarus generallari bilan uchrashuv tashkillashtirmoqchi bo‘lgan, undan oldin Zenkovich AQSH va Polshada «maslahatlashuv» o‘tkazgan.

FXXdagilar talqiniga ko‘ra, Moskvadagi restoranlardan birining alohida xonasida o‘tkazilgan uchrashuvda Feduta va Zenkovich generallarga «respublika rahbariyatidagi barcha shaxslarni jismonan yo‘q qilish» rejalari haqida gapirib bergan.

«Ular harbiy to‘ntarishning rejasini batafsil tuzishgan, xususan, xalqqa murojaat translyatsiyasi uchun radio va telemarkazlarni qo‘lga olish, respublika poytaxtini to‘sib qo‘yish reja qilingan. Kuch ishlatar tuzilmalar va huquq-tartibot organlari faoliyatini qiyinlashtirish uchun Belarus energotizimini to‘liq o‘chirib qo‘yishga tayyorlanishgan», deyiladi FXX ma’lumotida.

Kuch ishlatar tuzilmalar ma’lumotiga ko‘ra, reja bo‘yicha davlat to‘ntarishining «faol bosqichi»ni «maxfiy bazalar»da joylashtirilgan «partizanlar» boshlashi kerak bo‘lgan. FXX relizda «ukrain millatchilari» atamasi nega keltirilganiga aniqlik kiritmagan.

Ma’lum qilinishicha, fitnachilar hokimiyatni qo‘lga olgach, prezidentlik lavozimini tugatib, mamlakatni boshqarish uchun «Milliy yarashuv qo‘mitasi» tashkil etishni rejalashtirgan. «Shu bilan birga, Zenkovich mamlakat parlamenti va huquq tizimining kuratori bo‘lishni, Feduta esa siyosiy islohotlar va ideologik ishlar bilan shug‘ullanishni ko‘zlagan», - deya ma’lum qiladi FXX.

Maxsus xizmatlarning tasdiqlashicha, harbiy to‘ntarishni 9 may kuni, Minskda G‘alaba kuni munosabati bilan parad o‘tkazilayotgan vaqtda uyushtirish reja qilingan.

«Uchrashuv hujjatlashtirilgani»dan keyin gumondor fitnachilar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olingan. Keyin Feduta va Zenkovich Belarus tomoniga topshirilgan.
Qo‘lga olish jarayoni videoyozuvi, shuningdek, gumondor isyonchilarning uchrashuvi Belarusdagi ONT telekanali efirida berilgan. Syujetda davlat to‘ntarishi rejasi «Tishina» kod nomini olgani aytiladi.

Kafedagi uchrashuvga oid kadrda ishtirokchilardan biri «birinchi galdagi vazifa eng asosiy shaxsni yo‘q qilish» ekani haqida gapiradi. «Minskda birinchi soatda kamida 30 kishi qo‘lga olinishi kerak», deydi ko‘rinishidan Fedutaga o‘xshagan ishtirokchi.
Belarusda qo‘lga olinganlarga nisbatan «Fitna yoki hokimiyatni qo‘lga olish maqsadidagi boshqa harakatlar» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Moddaning birinchi qismi bo‘yicha ayblanganlar 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Davlat to‘ntarishi odamlarning o‘limiga olib kelgan holatlar uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan.

Lukashenko fitnachilarni ushlashda yordam uchun Putinga murojaat qilgan. U prezidentning alohida dekretini tayyorlagan
Lukashenkoning talqiniga ko‘ra, fitnachilar AQSHdan qaytgach, Minskka borishga hayiqishgan va Rossiyaga ketishgan. «Biz bu yerga qurol keltirgan guruhlarning bir qanchasini qo‘lga tushirganimizdan keyin, ular bu yerga kelishga qo‘rqishgan. Shundan so‘ng Moskvaga jo‘nab ketishgan», deydi u.

Lukashenko tayyorlanayotgan fitna haqida xabar topgach, Putinga murojaat qilganini aytadi. «Men Rossiya prezidentidan, Tertel [Belarus KGB raisi Ivan Tertel] o‘z hamkasbi Aleksandr Bortnikovdan yordam so‘radik. Va biz ularni o‘sha yerda qo‘lga tushirdik», degan u.

Belarus prezidenti Rossiyaga 11-12 kishidan iborat «qo‘lga olish» guruhi yuborilganini aytib o‘tgan. Lukashenko AQSH prezidenti Jo Bayden bilan telefon muloqoti chog‘ida davlat to‘ntarishiga tayyorlanish masalasini ko‘targan Putinga minnatdorchilik bildirgan - o‘sha muloqot chog‘ida amerikaliklar rahbari Rossiya prezidentiga uchrashishni taklif etgandi.

«Meni boshqa narsa hayron qoldirdi: amerikaliklar nima uchun o‘zlarini bunday tutishdi. Axir prezidentni yo‘q qilish vazifasini mamlakatdagi eng yuqori siyosiy rahbariyat topshiriq sifatida berishi mumkin. Faqat ular, boshqa hech kim, hech qanday maxsus xizmatlar. Putin Bayden bilan gaplashganida unga shu bo‘yicha savol bergan. Hech qanday javob berilmagan! Ozarboyjondan qaytganimda Vladimir Vladimirovich menga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda aytdi», deydi Belarus prezidenti.

U mamlakatda dastlab isyon ko‘tarish, keyin davlat to‘ntarishi amalga oshirish reja qilingan, deb hisoblaydi. Lukashenko isyonchilarning asosiy maqsadi - uni «ag‘darish» bo‘lganini ta’kidlaydi. «Mening vazifam shunday: agar ag‘darishsa ham, hech narsa qila olishmasin. Bu mening asosiy vazifam», - deydi Lukashenko. U yaqin vaqtlar ichida «chorak asrlik prezidentligidagi eng muhim qarori» haqida e’lon qilishga va’da berdi.

Lukashenko bu qarorning mohiyati haqida og‘iz ochmagan, ammo bu orqali hatto u yo‘qligida ham mamlakatdagi siyosiy tizim ishlashda davom etishiga ishora qilgan. U bu qaror yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi yaqin vaqt ichida ro‘y berishini va’da qilgan. Bu ko‘p ehtimol bilan prezident dekreti ko‘rinishida bo‘ladi.

«Xudo haqqi, ular ishga umuman aloqador bo‘lmagan bolalarimga tegishmasin. Xudo saqlasin, nafaqat mening bolalarimni, balki siznikilarni ham. Bu dahshatli qirg‘in bo‘lardi. Ko‘ryapsizmi, men hammasiga chidadim, kutdim, o‘zim uchun qizil chiziqlar tortdim, keyinga qoldirdim. Endi biz ularga ko‘rsatib qo‘yamiz», degan Lukashenko.

Feduta va Zenkovich haqida nimalar ma’lum?
Feduta - Belarusda taniqli bo‘lgan politolog. U 1990-yillarda Aleksandr Lukashenkoning matbuot kotibi sifatida ishlagan hamda uning siyosiy biografiyasini yozgan. U 1994 yilgi saylovlar vaqtida Lukashenkoning shtabida ishlagan va saylovdagi g‘alabadan keyin respublika prezidenti administratsiyasida axborot boshqarmasini boshqargan. 1995 yilda ishdan bo‘shatilgan va keyin muxolifat tomonga o‘tgan.

2020 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida Feduta muxolif nomzod Vladimir Neklyayevning shtabida bo‘lgan. Keyinroq Minskda saylov natijalariga qarshi namoyishlarda ishtiroki uchun qo‘lga olinib, ikki yilga qamalgan. Amnesty International o‘shanda Fedutani vijdon mahbusi deb atagandi.

O‘tgan yili «Fontanka»ga bergan intervyusida Feduta Lukashenko xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganini «klinik fakt» deb atagandi. Uning fikricha, amaldagi prezident o‘z reytingi bilan «pasportli pingvin»ga ham yutqazgan bo‘lardi.
Feduta adabiyotshunoslikdagi ishlari bilan, xususan, Aleksandr Pushkin va Adam Mitskevich ijodiga bag‘ishlangan davomli materiallari bilan tanilgan.

Moskvada qo‘lga olinganlarning ikkinchisi - advokat Yuras Zenkovich - 2007 yildan AQSHda yashay boshlagan, Amerika fuqaroligiga ham ega. Emigratsiyagacha u «Belarus xalq fronti» (BNF) muxolifat partiyasining hududiy yetakchilaridan biri bo‘lgan. U hukumatni demokratlashtirish, belarus tili va madaniyatini uyg‘otish uchun chiqishlar qilgan.

Zenkovich o‘tgan yildagi namoyishlar vaqtida muxolifatni qo‘llab-quvvatlagani uchun avgust oyida 10 kunga qamalgan - o‘shanda u ochlik e’lon qilgandi. U nafaqat Lukashenkoni, balki hukumat bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligi uchun Svetlana Tixanovskayani ham tanqid qilib keladi. Zenkovich 2021 yil mart oyida  Facebook’da belaruslarni Aleksandr Lukashenkoga qarshi «o‘z-o‘zini himoya qilish guruhlari»ni tuzishga chaqirgandi.

Tertel ONT telekanali efirida, «terrorchilik yo‘nalishidagi guruh»ga go‘yoki BNF partiyasi rahbari Grigoriy Kostusev ham aloqadorligi haqida gapirgan. Kostusev 1990-yillardan BNF tizimida bo‘lib, 2010 yilgi prezidentlik saylovlarida 110 ming imzo yiqqan hamda saylovda nomzod sifatida qatnashgandi. 2017 yildan partiyani boshqargan. Lukashenko ham uning nomini tilga olgan: huquqni muhofaza qiluvchi organlar Kostusevga ham e’tibor qaratgan.

«U Moskvada bo‘lmagan, biz unga yetib bordik. Va yana boshqalarga», - degan Lukashenko.
Kostusevning qo‘lga olingani 13 aprel kuni ma’lum bo‘lgandi. Bungacha Tertel siyosatchining nomini mart oyi oxirida Iroda kunida Belarusda o‘tkazilgan namoyishlar bilan bog‘lagandi. Davlat xavfsizlik qo‘mitasi aksiyani ssenariysi xorijda ishlab chiqilgan «mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishga urinish» sifatida baholagan.

Bundan tashqari, Belarus kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari yuqorida nomi tilga olingan uch kishidan tashqari yana bir necha odam qatnashgan Zoom-konferensiyani aniqlashgan. Videoga asoslangan holda «fitna»da psixiatr Dmitriy Shigelskiy ham ishtirok etganini taxmin qilish mumkin. U OAVga bergan intervyusida Lukashenkoda «paranoyyal psixopatiya» yuzaga kelganini aytib o‘tgandi. U Lukashenkoga bunday tashxisni 2001 yilda, Belarusdan AQSHga ketganida qo‘ygandi.

Onlayn-uchrashuvning yana bir ishtirokchisi - politolog Aleksandr Perepechko. U Sietlda yashaydi, Belarus, Rossiya, AQSH va Fransiyada xalqaro ilmiy-tahliliy dasturlarda ishtirok etgani bilan tanilgan. Videoda ko‘ringanlardan yana biri - Vitebsk OMONning sobiq jangchisi Pavel Kulajenko esa 2011 yildan beri Nyu-Yorkda yashaydi va sport murabbiyi bo‘lib ishlaydi.

Lukashenko va uning oila a’zolariga suiqasd rejalashtirilgani aks etgan syujet sifatida ONT tomonidan e’lon qilingan lavhani Kulajenko shunday talqin qilgan: «Bu ochiq muhokama klubi edi, bunday diskussiyalar yanvar oyidan beri o‘tkazib kelinadi. Konferensiya ishtirokchilari tarkibi ham o‘zgarib turadi. Konferensiyada ko‘p odam qatnashgan».

«Bizning muhokama maydonimizda istalgan belarus oilasida kechqurun muhokama qilinadigan mavzu: Lukashenkoning ketishini qanday tezlashtirish mavzusi muhokama qilingan», - degan u Tut.by muxbiri bilan suhbatda.

Aleksandr Perepechko «Ozodlik radiosi»ning belarus xizmati muxbiri bilan suhbatda u va hamkasblari Zoom orqali o‘tkazgan konferensiya terrorizm bo‘yicha shov-shuvli bayonotlar berilishiga sabab bo‘lganidan hayronligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday doimiy videomuloqotlar yarim yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

So‘nggi ishtirokchi ham kuch ishlatar tuzilmalardan chiqqan. Bu belarus muxolifati faoli Igor Makar, u 1998 yildan 2003 yilgacha «Almaz» aksilterror bo‘linmasida faoliyat ko‘rsatgan. Makar KGB xodimlari Yevropadagi belarus siyosiy emigrantlarini o‘ldirish masalasini muhokama qilgani aks etgan videoyozuvlarni OAVga chiqargani bilan tanilgan.

2006 yilda prezidentlik saylovlarida muxolifat nomzodni qo‘llaganidan keyin u Litvada siyosiy qochqin sifatida yashab keladi. Belarus KGB uni terrorizmga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya va Belarus davlat to‘ntarishining oldi olingani haqida xabar berdi