date

2032-yilda asteroid oy bilan to‘qnashishi mumkin

2032-yilda asteroid oy bilan to‘qnashishi mumkin

Insoniyat 2032-yilda 2024 YR4 nomli asteroidning Oy yuzasi bilan to‘qnashuviga guvoh bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilindi. IFL Science tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kosmik jism ilk bor 2024-yil dekabrda Chilidagi ATLAS teleskopi orqali qayd etilgan. Dastlab asteroid Yer uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi taxmin qilingan bo‘lsa-da, keyingi kuzatuvlar bu ehtimolni mutlaqo inkor etdi. Endi esa olimlar Oyga bo‘lgan potensial tahdidni o‘rganishga kirishgan.

Tadqiqotlar shundan dalolat bermoqdaki, asteroidning Oy bilan to‘qnashuv ehtimoli taxminan 4,3 foizni tashkil etadi. Bu xulosaga G‘arbiy Ontario universiteti fizika professori Pol Viyergt boshchiligidagi guruh kelgan. Agar to‘qnashuv amalga oshsa, Oyda diametri taxminan bir kilometrga teng krater paydo bo‘lishi va energiya chiqishi 6,5 megatonna trotil ekvivalentiga yetishi mumkin. Mutaxassislar bunday jarayonni so‘nggi besh ming yildagi eng yirik Oy zarbasi sifatida baholamoqda.

Bunday kosmik hodisa faqat vizual manzara bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Zarbadan sochilgan Oy moddalari Yerdan ko‘rinadigan kuchli meteor oqimini yuzaga keltirishi ehtimol qilinadi. Shu bilan birga, ayrim sun’iy yo‘ldoshlar orbital harakatiga zarar yetishi xavfi ham istisno qilinmaydi.

Jon Xopkins universiteti astrofizigi Endryu Rivkinning aytishicha, hozircha to‘liq xulosa chiqarishga erta. Chunki voqeaning keskinligi asteroidning aniq qaysi nuqtaga tushishiga bog‘liq. Shunga qaramay, NASA zarurat tug‘ilganda Oy va sun’iy yo‘ldoshlarni muhofaza qilish maqsadida asteroid yo‘nalishini o‘zgartirish uchun yadroviy texnologiyalardan foydalanish ssenariylarini ham ko‘rib chiqmoqda.

Asteroidni yanada aniq kuzatish imkoniyati 2026-yil o‘rtalaridan boshlab Jeyms Uebb teleskopi orqali paydo bo‘ladi. Bu uning o‘lchamlari va harakat trayektoriyasini yanada aniq baholashga yordam beradi. Professor Viyergtning ta’kidlashicha, 2027-yil boshlaridagi kuzatuvlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Biroq tahdid tasdiqlansa, ehtiyot choralari uchun vaqt juda qisqa bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » 2032-yilda asteroid oy bilan to‘qnashishi mumkin