08:56 / 10.08.2021
1 625

BMT erta nikoh qurish holatlarini qoraladi


Foto: Pixabay
Zimbabveda 14 yoshli qiz tug‘ruq paytida vafot etganidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) erta nikoh qurish amaliyotini qoraladi. Bu haqda tashkilotning Twitter’dagi sahifasida xabar berilgan, deb yozadi «Korrespondent.net».

«Hukumat an’anaviy ravishda bolalar nikohi amaliyotiga ko‘z yumgan. Zimbabveda nikoh to‘g‘risidagi ikkita qonun bor: «Nikoh to‘g‘risidagi qonun» va «An’anaviy nikoh to‘g‘risidagi qonun». Ikkala qonun ham nikoh uchun minimal yoshni belgilamaydi, shu bilan birga, ular odatda ko‘pxotinlilikka ruxsat beradi », — deydi tashkilot vakillari.

Shuningdek, ular parlamentda qonunlarni uyg‘unlashtirish, 18 yoshga to‘lmaganlarning nikohini taqiqlash va voyaga yetmaganlarning nikohiga aloqador bo‘lganlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

Zimbabvedagi BMT bo‘limining bayonotida aytilishicha, tashkilot mamlakat sharqidagi Marang qishlog‘ida 14 yoshli Pamyat Machayi vafotiga sabab bo‘lgan holatlarni «chuqur tashvish bilan qayd etadi va keskin qoralaydi».
Mamlakat politsiyasi qizning o‘limi bo‘yicha tergov olib bormoqda, hodisa fuqarolar va huquq himoyachilarining noroziligiga sabab bo‘lgan.

«Erta nikohlar bolalar huquqlarini buzmoqda, bunday nikohlarni qullikning bir turi sifatida tan olish kerak. Xalqaro huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, zo‘rlik bilan turmushga uzatilgan qizlar xizmatkor, jinsiy qulga aylanmoqda, ular ta’lim, sog‘liq, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan ozod bo‘lish huquqlarining buzilishidan aziyat chekmoqda», — deyiladi BMT bayonotida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BMT erta nikoh qurish holatlarini qoraladi