14:15 / 28.09.2021
1 187

«Tolibon» hokimiyatni qo‘lga olganidan bir oy o‘tib, afg‘onistonlik ayollar qanday yashamoqda?

«Tolibon» hokimiyatni qo‘lga olganidan bir oy o‘tib, afg‘onistonlik ayollar qanday yashamoqda?
Foto: AFP
Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan «Tolibon» ayollarga nisbatan o‘z pozitsiyasini «islomiy qadriyatlar» doirasida yumshatishga — ularga ishlash va ta’lim olish imkonini yaratishga va’da bergandi. Lekin hozircha yangi hukumatning va’dalari bajarilmadi.

BBC rus xizmati bilan suhbatlashgan afg‘onistonlik ayollar shu qadar qo‘rquvga tushganki, ular bir necha haftadan buyon uylaridan chiqishga jur’at etolmayapti. Ular 20 yil avvalgi ssenariy takrorlanishidan xavotirda. O‘shanda ayollar paranjini «noto‘g‘ri» yopingani uchun kaltaklanishi yoki erkak kishining hamrohligisiz taksiga o‘tirgani uchun qamalishi mumkin edi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar ayollardagi qo‘rquvni tasdiqlaydi — ularning ta’kidlashicha, «Tolibon» ko‘plab viloyatlarda qizlarning maktabga borishini, ayollarning esa uydan chiqishini ochiqdan-ochiq taqiqlamoqda.

11 sentabr kuni boshidan oyog‘igacha paranji yopingan uch yuzga yaqin ayol Kobul davlat universiteti auditoriyasida «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlab namoyishga yig‘ildi. Ular yangi hukumatni tan olishini va «Tolibon» hukmronligi ostida o‘zini to‘liq xavfsiz his qilishini aytdi, shuningdek, G‘arbni va islomga muvofiq kiyinishni istamaganlarni qoraladi. Namoyishchilardan birining qo‘lidagi plakatda «Afg‘onistonni tark etgan ayollar bizning vakilimiz bo‘la olmaydi» deb yozilgan edi.

Foto: AFP
Ammo ularning o‘zlari ham barcha afg‘on ayollarining fikrlarini ifodalamagan: Kobul chekkasida yashovchi 17 yoshli Syuzan uch haftadan ko‘proq vaqt davomida uyidan chiqqani yo‘q — u qo‘rqadi. «Men va yaqinlarimning holi nima kechishini bilmayman», — dedi u BBC’ga. «Men doim dahshatli tushlar ko‘raman, ota-onamiz yigirma yil oldin ko‘rgan kunlarni hozir biz boshdan kechiryapmiz».

Syuzan BBC muxbirlari bilan messenjer orqali muloqot qilgan. «Tolibon» kelishidan oldin u o‘zi tug‘ilgan shahar — Mozori Sharifda har kuni ingliz tilini o‘rganish bilan shug‘ullanganini aytdi. Jangarilar viloyatlarni birin-ketin zabt eta boshlagach, uning oilasi xavfsizroq bo‘lish umidida Kobulga ko‘chib o‘tgan. «Ammo hozir xavfsizlik haqida gapirish imkonsiz», dedi Syuzan. Qizning aytishicha, uning oilasi hazoralardan (1998 yilda «Tolibon» tomonidan shafqatsizlarcha ta’qib qilingan, kelib chiqishi aralash shialar), suhbat davomida Syuzan otasini bir necha bor esladi — u «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatgan armiyada xizmat qilgan, bir necha oydan beri undan hech qanday xabar yo‘q.

«Tolibon» ayollarga nimalarni va’da qilgandi?
«Tolibon» Afg‘onistonni 1996 yildan 2001 yilgacha boshqargan paytda o‘ta qattiq talqindagi shariat qonunlarini joriy qilgan. Sakkiz yoshdan oshgan qizlarning maktabga borishiga ruxsat berilmagan, ayollarga ishlash (sog‘liqni saqlash sohasidan tashqari) va erkak qarindoshining hamrohligisiz ko‘chaga chiqish taqiqlangan, ular boshdan oyoq paranji yopinishi shart edi. Zinoda ayblangan ayollar toshbo‘ron qilingan.

Human Rights Watch tashkilotining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan 2001 yildagi hisobotida bir ayol «Tolibon» jangarilari uni bolasining oldida qanday urganini tasvirlab bergan, ayol paranjisidagi ko‘z uchun qoldirilgan teshiklar «juda keng» bo‘lgani uchun kaltaklangan. «Axloq politsiyasi» (hukumat nomidan shariat qonunlariga rioya etilishini nazorat qiluvchi maxsus bo‘linma) xodimlari ayollarni «noto‘g‘ri» paypoq kiygani yoki yuzini biroz ochgani uchun qamchi bilan savalab qolardi. Ba’zi hollarda, qoidalarga rioya qilmagani uchun (masalan, erkak kishining hamrohligisiz taksida yurish yoki qomatiga urg‘u berilgan kiyim uchun) ayol qamoqqa tashlanishi mumkin edi.

Qat’iy kiyinish qoidalari hamma uchun, jumladan shifokorlar uchun ham istisnosiz qo‘llanilgan. Hisobotda, masalan, viloyatlardan birining shifoxonasi ma’muri jarroh ayolga operatsiya paytida maxsus bosh kiyim o‘rniga chodra kiyishni buyurgani aytilgan.

2021 yilning avgustida qayta hokimiyat tepasiga kelishi bilan «Tolibon» o‘z pozitsiyasini «yumshatishini» e’lon qildi: jangarilar «afg‘on me’yorlari va islomiy qadriyatlarga muvofiq» ayollar huquqlari hurmat qilinishini (ammo amalda bu «Tolibon» talqinida nimani anglatishi hozircha noma’lum), ularga ta’lim olish va ishlash imkoni berilishini va’da qildi.

O‘z so‘zlarining tasdig‘i sifatida «Tolibon» 20 yil avvalgi kabi, tibbiyot sohasidagi ayollarni o‘z ish joylariga qaytishga chaqirdi, shuningdek, ayollarning yangi hukumatda ishtiroki haqida gapirdi. Avgust oyida teleboshlovchi Beheshta Argand jangarilar hokimiyatni qo‘lga kiritgandan keyin birinchi marta «Tolibon» vakilidan jonli efirda intervyu oldi. O‘shanda ko‘pchilik bu «Tolibon» pozitsiyasi yumshaganini bildiruvchi birinchi belgi bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq, ko‘p o‘tmay, 24 yoshli Argand o‘z xavfsizligini o‘ylab, Afg‘onistonni tark etdi, Yaqin Sharq OAVlari esa jurnalist ayollarga efirga chiqish taqiqlanganini yozdi.

19 sentabr kuni Kobul munitsipalitetidagi ishchi ayollarga, agar ularning vazifasini erkaklar qila olsa, ishga bormaslik buyurilgan.

Ayollarning o‘z huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan har qanday urinishlari qattiq qarshilikka uchramoqda: Kobuldagi ayollar namoyishlari qurol yordamida tarqatilganidan tortib, bunday harakatlarning taqiqlanishigacha («Tolibon» buni mamlakatda «norozilik namoyishlarining mavridi emasligi» bilan asoslamoqda). «Tolibon» Xotin-qizlar ishlariga mas’ul vazirlikni yopdi, uning o‘rniga ezgu ishlarni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘qotish vazirligini tashkil etdi. Bunday vazirlik yigirma yil oldin ham ishlagan hamda qattiq qoidalar o‘rnatish va ayollarga keskin cheklovlar qo‘yish bilan shug‘ullangan.

«Umidim kundan-kunga so‘nib bormoqda»
«Tolibon» ayol shifokorlarning ishga qaytishiga ruxsat berishni va’da qilganiga qaramay, bir yil oldin tibbiyot fakultetini tugatgan va karera qilishni orzu qilgan Afg‘oniston fuqarosi Xatima BBC’ga hozir hech qanaqasiga ishga bormasligini aytdi. Suhbat chog‘ida u tinch aholining qirg‘ini haqidagi xabarlarni birma-bir sanab berdi va turmush o‘rtog‘i uni uydan chiqarishga qo‘rqishini qo‘shimcha qiladi.

«Bir hafta oldin toliblar viloyatlardan birida ayol shifokorni kaltakladi», — deydi Xatima. «Uch kun oldin uyimiz yaqinida ular bir ayolni noma’lum sabablarga ko‘ra o‘qqa tutishdi. Men tashqariga chiqqanimda (uzoq vaqtdan beri birinchi marta), yo‘l yoqasida bir erkakning jasadi yotardi, hech kim chirigan jasadni olib tashlamasdi — bu dahshatli manzara edi».

Ikki yosh bolani tarbiyalayotgan Xatimaning fikricha, hozir faqat mamlakat tashqarisida odam o‘zini xavfsiz his qilishi mumkin. «Har kecha biz faqat «Tolibon» va bu yerdagi kelajak haqida gaplashamiz», — deydi u. «Men erkin bo‘lishni xohlayman, ishlab pul topgim keladi, bu mening orzuyim va umidim, ammo u kundan-kunga so‘nib bormoqda».

«Tolibon» shartlariga asoslangan ta’lim
Yangi hukumat afg‘on ayollarining «Tolibon» shartlariga amal qilgan holda ta’lim olishiga ruxsat bermoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, ayollar darslarga erkaklardan alohida qatnashishi mumkin, shu bilan birga ular «Islom an’analariga muvofiq» kiyinish qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart.

Biroq, o‘qituvchi ayollarning keskin tanqisligi, ish haqining uzilishi va xalqaro yordamning to‘sib qo‘yilishi (u Afg‘onistonda ta’lim xarajatlarining katta qismini qoplardi) ayollarning oliy ma’lumot olish imkoniyatini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin, deya ogohlantiradi inson huquqlari tashkilotlari.

«Tolibon» qizlarning ta’lim olishiga aralashmasligini aytgan, lekin 18 sentabr kuni yangi hukumat matbuot kotibi Zabihulla Mujohid yangi o‘quv yilida maktablarga faqat o‘g‘il bolalar va erkak o‘qituvchilar qaytishi mumkinligini aytdi. Jangarilarning ta’kidlashicha, hukumat qizlarni sinflarga qaytarishni rejalashtirmoqda, lekin inson huquqlari tashkilotlari amalda balog‘atga yetganidan keyin qizlarning juda ozchiligiga maktabga borishga ruxsat berilishidan xavotirda.

Foto: AFP
Biroq, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim siyosati viloyatlar kesimida farq qilishi mumkin. «Bugun ‘Tolibon’ vakili qizlarning oltinchi sinfgacha ta’lim olishiga ruxsat berishini aytdi. Ertaga uning o‘rniga qizlarning ta’lim olish g‘oyasini yoqtirmaydigan boshqa odam keladi», — deya Human Rights Watch o‘z hisobotida Vardak viloyati o‘qituvchisidan iqtibos keltirdi.

Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis va yozuvchi Andrey Ostalskiyning fikricha, «Tolibon» madaniyatida ayollar huquqlari hurmat qilinmaydi, lekin mablag‘ning keskin yetishmovchiligi va chuqur iqtisodiy inqiroz guruhni o‘z pozitsiyasini «yumshatishga» majbur qilishi mumkin.

«Bu safar toliblar tashqi dunyoga 90 yillarga qaraganda ko‘proq yuz tutmoqda», — ta’kidlaydi Ostalskiy. «Tolibon»ni moliyaviy muammolar va hamkorlik o‘rnatish istagi tiyib turibdi. Agar (ayollarga munosabat bilan bog‘liq) yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatlar bo‘lsa, hatto Xitoy va Rossiyaga ham iqtisodiy sohada hamkorlik qilish va mablag‘larni blokdan chiqarish qiyinroq bo‘ladi.

«Uy zindonga aylandi»
Yaqin erkak qarindoshlarining qarovisiz qolgan ayollar, ayniqsa, ojiz vaziyatga tushib qoldi. 26 yoshli Nisanning aytishicha, uning uch farzandni yolg‘iz tarbiyalayotgan xolasi toliblar tufayli butun dunyodan uzilib qolgan.

«Uy uning uchun zindonga aylandi», — deydi Nisan. «U ko‘chaga chiqa olmaydi, qo‘shnilaridan yoki hali yosh bo‘lgan bolalaridan oziq-ovqat sotib olib kelishni so‘raydi, bolalar uchun bu juda xavfli. Uning 14 yoshli qizi tug‘ma ko‘zi ojiz, u juda aqlli va o‘qishni davom ettirishni xohlardi, lekin hozirda bunga imkoniyat yo‘q».

«Xolam farzandlari o‘qishini va ularning kelajagi porloq bo‘lishini orzu qiladi — lekin ta’limsiz, otasiz, tirikchiliksiz ularni qanday kelajak kutmoqda?».

77 yoshli Rahmoniy ham xuddi shunday vaziyatda. Uning Londondagi qochqinlar markazida yashayotgan qizi Fotima (ismi o‘zgartirildi), onasi Afg‘onistonda yolg‘iz qolganidan va ko‘chalarda patrullik qilayotgan jangarilar tahdidiga qaramay, oziq-ovqat uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘layotganidan kuyundi. «Kechalari ko‘zimga uyqu kelmaydi, onam haqida qayg‘uraman», — dedi Fotima BBC’ga. «Agar ular (Tolibon) mening Buyuk Britaniyada yashayotganimni bilib qolsa, onamga xavf tug‘iladi. Onam «Tolibon» 20 yil oldin Kobulga kelgan vaqtni eslaydi — ularning qaytishi onamni juda qo‘rquvga solmoqda».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» hokimiyatni qo‘lga olganidan bir oy o‘tib, afg‘onistonlik ayollar qanday yashamoqda?
[/banner_pushhouse