Qurbonlik qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

O‘zbekistonda Qurbon hayiti 27 may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan yurtdoshlar ketma-ket besh kun dam olishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Musulmonlar idorasi qurbonlik qilish tartibi, shartlari va odoblari haqida muhim tavsiyalarni e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, qurbonlik vojib bo‘lishi uchun to‘rt asosiy shart mavjud. Ya’ni inson musulmon, ozod, nisob miqdoriga ega va muqim bo‘lishi lozim. Musofir shaxsga esa qurbonlik vojib sanalmaydi.
Qurbonlik faqat ayrim jonliqlar orqali ado etiladi. Xususan, qo‘y, echki, qoramol va tuya qurbonlik qilish uchun munosib hayvonlar hisoblanadi. Qo‘y va echkini bir kishi so‘yishi mumkin bo‘lsa, qoramol va tuyada yetti nafargacha sherik bo‘lib qurbonlik qilishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, hayvonning yoshi ham muhim ahamiyatga ega. Qo‘y kamida olti oylik, qoramol ikki yoshdan, tuya esa besh yoshdan katta bo‘lishi shart. Mutaxassislar qurbonlik uchun semiz, baquvvat va nuqsonsiz jonliq tanlash afzal ekanini ta’kidlamoqda.
Qurbonlikka yaroqsiz hayvonlar haqida ham ogohlantirildi. Qulog‘i, dumi yoki ko‘zining katta qismi yo‘q, juda ozg‘in, kasal yoki cho‘loq hayvonlarni qurbonlik qilish joiz emas.
Qurbonlik vaqti hayit namozidan keyin boshlanib, hayitning uchinchi kuni quyosh botishi bilan yakunlanadi. Shuningdek, qurbonlik o‘rniga pul yoki jonliq qiymatida mablag‘ berish qurbonlik emas, balki sadaqa hisoblanishi aytildi.
Musulmonlar idorasi qurbonlik qilishda odoblarga ham amal qilish muhimligini eslatdi. Xususan, niyatning xolis bo‘lishi, qurbonlik qiluvchi zulhijja oyi boshidan qurbonlikka qadar soch-soqol olmasligi, hayvonni azoblamaslik va so‘yish qoidalariga amal qilish tavsiya etildi.
Shu bilan birga, pichoqni hayvon oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonlar ko‘zi oldida so‘ymaslik kabi jihatlar ham qurbonlik madaniyatining muhim qismi ekani qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!