— Seni deb ko‘chaga chiqolmay qoldim. Hatto do‘stlarimga ham qo‘shilolmayman. Ular mendan «Qizlaring yaxshimi, katta bo‘lyaptimi?» deb so‘rashadi. Ularning har bir gapi jonimdan o‘tib ketadi. Dunyoga sig‘may qolaman. Shunda hamma ko‘zimga yomon ko‘rinib ketadi. Hatto oilam ham…
Ba’zan onam to‘g‘ri aytgan ekan-da, deyman. Boshida «Uylanaman, shu qizni olib bering», deb seni ko‘satganimda volidam qattiq qarshilik qilgandi. Onam «Uning onasi o‘g‘il tug‘magan, oltita qizi bor. Aqlingni yig‘ishtirib ol, o‘g‘il ko‘rmay armonda o‘tib ketma», deb ogohlantirishiga qaramay, o‘z bilganimdan qolmadim. Chiroyingga uchdim. Hech narsani o‘ylamay, senga uylandim. Baxtli yashadik ham to birinchi qizimiz tug‘ilgunicha. Shunda ham o‘zimni ovutdim. Keyingisi o‘g‘il bo‘ladi, deb kutdim…
Endi-chi, endi? Na yurish-turishimda, na uyqumda halovat bor. Boshim egik. O‘sha kuni ichmoqchi ham, janjal qilmoqchi ham emasdim. Faqat achchiq ustida «Qizlaringni olib ket!» dedim. Onam ham shuni istaydi. Kunda qulog‘imga quyadi: «O‘g‘il tug‘maydigan xotinni olib o‘tirma, javobini ber, buncha qizni nima qilasan? Sendan davomchi qolishini istamaysanmi? Boshqasiga uylan, u senga qo‘chqorday-qo‘chqorday o‘g‘illar tug‘ib beradi. Bundan umid qilma, baribir, o‘g‘il ko‘rmaydi. Men senga boshidanoq aytganman!»
To‘g‘risi, o‘zim ham charchadim. To‘rtinchisi ham qiz bo‘lsa, yashashimizdan nima naf? Bir kun dunyodan o‘tsak, chirog‘imizni kim yoqib o‘tiradi? Mendan xafa bo‘lish o‘rniga o‘zing ham o‘ylab ko‘rsang bo‘lardi…
Xonimlardan maktub: «QIZLAR DO‘ZAXDAN ASRAYDI!..»
— Bu gaplarni aytishga qanday haddingiz sig‘di? Ozgina bo‘lsa ham uyalmadingizmi? Axir farzandni Alloh beradi. Muncha noshukr bo‘lmasangiz. Hayotda qizga ham zorlar qancha? Kunda-kunora janjal. Yana qancha chidash mumkin? Xudo bermasa, men nima qilay?
Siz oilamiz ustunisiz. O‘g‘lingiz bo‘lishini istaysiz-u, meni istamaydi, deb o‘ylaysizmi? Aslida, men buni ikki karra ko‘proq istayman: birinchidan, o‘zim uchun, ikkinchidan, sizni xursand qilish, baxtiyor ko‘rish uchun! Agar bu istak amalga oshishini taqdir ravo ko‘rmasa, men sizdan ko‘ra ko‘proq iztirob chekaman, sizni quvonchga to‘ldirmaganim uchun! «Qizlar otaga mehribon bo‘ladi», deganlari rost. Go‘yoki o‘g‘il bo‘lib tug‘ilmagani ularning aybidek qizlaringizga e’tibor bermagandirsiz-u, buni sezmagandirsiz? Balki, ular tug‘ilganidan beri sizning mehringizni sog‘inib yashayotgandir? Shu narsalar haqida ham hech o‘ylaysizmi?
Siz qayerdan bilasiz, balki, Yaratgan kutganimizdek o‘g‘il emas, qiz farzand berib, sabringizni, shukr qila olish-olmasligimizni sinayotgandir? Balki, bu sinovdan shukronalik bilan o‘tsak, oilamizda o‘g‘il farzand dunyoga kelar?.. Besabrlik, noshukrlik qilayotganingiz yetmagandek, taqdirini siz bilan bog‘lagan, yurak hovuchlab ko‘zlaringizga mo‘ltirab yashayotgan umr yo‘ldoshingizni o‘g‘il tug‘maganlikda azoblab, battar qiynayapsiz.
O‘sha kecha yig‘lab, uxlay olmadim. Tong otmay turib, ota uyimga yo‘l oldim. Xayollarim parishon, ruhim shikasta. Qizlarga ona bo‘lish og‘ir ekan. Ayniqsa, buni otamni yo‘qotgach angladim. Uyga bormasdan to‘g‘ri qabristonga yo‘l oldim. To‘lib turgandim, otamning qabrini quchoqlab, yig‘ladim…
— Otajon, yoningizga keldim, sizni juda sog‘indim! Qaniydi diydoringizga to‘ysam, sizning maslahatlaringiz bilan to‘g‘ri yo‘lni tanlasam. Yodingizdami, yoshligimda ishdan kelsangiz, yugurib doirani olib kelib sizga berardim. Siz doirani shiqirlatib tursangiz, raqqosalardek mayda o‘rilgan sochimni tashlayman, deb doiraga egilardim. «Raqqosa qizim!» deb erkalatardingiz. Meni eshityapsizmi, otajon? Hammasi yodimda… Atlas ko‘ylak bilan do‘ppi olib kelib, birga tushgan shu suratimiz bor, xolos. Sizning duongiz menga yetishmayapti. Kunda salom bersam, «Men bergan tarbiya bilan qizim eng baxtli bo‘ladi», derdingiz. Nega baxtli bo‘lmadim, otajon? Axir biz ham oltita qiz edik. Biror marta nolimadingiz-ku! Yo biz sezmaganmidik? Nima, qizlarni o‘g‘ilday ko‘rib bo‘lmaydimi?»
Qo‘rqib ketdim. Axir padarimning ham ruhini bezovta qilyapman-ku! Aqlimni yig‘ishtirib, boshqa nolimaslikka qaror qildim. Lekin onamga-chi, unga nima deyman? Qaysi yuz bilan uyga qaytib boraman? Qishloqda gap turmasa, «Falonchining qizini o‘g‘il tug‘magani uchun haydab yuborishibdi», degan gap-so‘zlarga onam qanday chidaydi?
Tunov kuni siqilib ketganimdan opamga dardihol qildim. U meni qattiq urishdi. «Odam bunchalik noshukr bo‘lmasligi kerak. Axir qanchadan-qancha tirnoqqa zorlar bor. Yon-atrofga ham nazar solib tur. Bunday yashab bo‘lmaydi. Qizlaringning ruhiyatiga yomon ta’sir qiladi bu holat. Sen onasan, o‘zingni o‘ylashga haqing yo‘q», deya tanbeh berdi.
Uning gaplarini eshitib, Mubinani kuzatdim. U ancha katta bo‘lib qolgan, ko‘p narsalarga aqli yetadi. Balki, tortishuvlarimizni ham eshitgandir?! O‘zimni yomon ko‘rib ketdim. Qizlarimni unutib qo‘yibman. Katta qizimiz kamgap, dasturxon boshida ham yerga qarab o‘tiradi. Qo‘shni qizlar bilan ham deyarli o‘ynamaydi. Bir burchakka tiqilib, siz olib bergan mashinalarni o‘ynaydi yo jim televizor qo‘radi. Nega unga qo‘g‘irchoq emas, mashina olib kelasiz? Boshqa bunday qilmang! Unga qiz bola o‘ynaydigan o‘yinchoqlar olib keling.
Opam gapining oxirida zora insof berib qolar dedimi, bilmayman, bir rivoyat aytib berdi.
«Bir kishining oltita qizi bo‘lib, ayoli yettinchi farzandiga homilador bo‘libdi. U shu farzandining o‘g‘il tug‘ilishini juda-juda istar, bu safar ham qiz tug‘ilib qolishidan xavotirda ekan. U kishi ichida: «Agar shu safar ham xotinim qiz tug‘sa, uni taloq qilaman», deb qasd qilibdi. O‘sha kecha uxlab, tushida qiyomat-qoim bo‘lganini va do‘zax hozirlanganini ko‘ribdi. Uni do‘zaxga hukm qilishibdi. Har safar uni do‘zaxning eshigi oldiga olib borishsa, qizlaridan biri erkakni do‘zaxdan himoya qilar, do‘zaxga kirishiga to‘sqinlik qilar ekan. To olti do‘zax eshigidan shunday o‘tibdi, har eshik oldida qizlaridan biri uning do‘zaxga kirishidan to‘sishlik uchun turib olaveribdi. Yettinchi do‘zax eshigi oldida esa bunday bo‘lmabdi. Ya’ni uni eshikdan to‘sadigan qizi yo‘q edi. Shu payt erkak dahshatdan uyg‘onib ketibdi va o‘zi qasd qilgan narsasining xato ekanini anglab: «Ertaga butun dunyoning Yaratuvchisi Ulug‘ Zotning huzurida nima deb javob beraman?» deya qilgan qasdidan qattiq pushaymon bo‘libdi. U shu zahoti Ulug‘ Zotga yolvorib: «Allohim, bergan taqdiringga roziman, yettinchisini ham qiz qilib bergin!» deb duo qilibdi…»
Farrux aka, ko‘ryapsizmi, qiz katta qilish qanday yaxshi. Axir ular uyimizning farishtalari. Siz ularsiz hayotimizni tasavvur qilolasizmi? Xohlasangiz, mayli, bizdan voz keching. Ammo men uchta qizim borligidan xafa emasman. Ularni ham xafa qilib qo‘ymayman. Biroq qiz bolaga otasiz juda og‘ir. Faqat o‘zingizni emas, qizlarimizning ham ertasini o‘ylab ko‘ring. Ularni otasiz qanday uzataman? Qanday oilaga uzataman?.. Ularning aybi nima? Aybi bizning farzandlarimiz bo‘lib tug‘ilganimi?
Shahnoza RAHMONOVA
yozib oldi.
yozib oldi.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Shimoliy Koreya ballistik raketalar ishlab chiqaruvchi zavodini kengaytirmoqda
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Maksim Shatskix "Istiqlol"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
2024 yilda Rossiyani bir million migrant tark etdi