date

Choy, qahva va suv – yurak uchun tabiiy qo‘riqchilar

Choy, qahva va suv – yurak uchun tabiiy qo‘riqchilar

Britaniyalik olimlar inson sog‘lig‘i uchun eng foydali ichimlik odatlarini aniqladi. British Journal of Nutrition jurnali yozishicha, kuniga yetti-sakkiz piyola choy, qahva va suv ichish yurak-qon tomir hamda saraton kabi og‘ir kasalliklar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Tadqiqot 13-yil davom etdi va unda 183 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Ilmiy guruh ishtirokchilarning ovqatlanish, ichimlik iste’moli va umumiy sog‘lom turmush tarzi haqidagi ma’lumotlarini tahlil qildi.

Natijalarga ko‘ra, kuniga “uch finjon qahva va ikki piyola choy” miqdorida ichimlik iste’mol qilgan kishilarning salomatlik ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan. Olimlar bu nisbat inson organizmi uchun eng muvofiq muvozanat ekanini ta’kidlashdi.

Ichimlik suvi ham bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, suvni muntazam ichish organizmdagi moddalar almashinuvini tezlashtiradi, yurak va buyrak faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda tana haroratini barqaror ushlab turadi.

Qahva tarkibidagi xlorogen kislotasi asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi, qandli diabet xavfini pasaytiradi va ichak mikroflorasining sog‘lom bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, choy tarkibidagi katexin moddasi kuchli antioksidant hisoblanib, organizmni shamollashdan himoya qiladi.

Olimlar bu moddalarning birgalikda ta’siri inson tanasida qon aylanishni yaxshilab, to‘qimalarga kislorod yetkazilishini kuchaytiradi, bu esa yurak faoliyatini barqarorlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Shu bilan birga, mutaxassislar me’yordan ortiq qahva ichishning salbiy tomonlariga ham e’tibor qaratdi. Kunida uch finjondan ortiq qahva iste’moli uyqusizlik, yurak ritmining buzilishi va asab tizimidagi noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Suvni ham haddan tashqari ko‘p ichish tavsiya etilmaydi — organizmda elektrolitlar muvozanati buzilishi, kaliy va natriy miqdori pasayishi ehtimoli bor.

Ilmiy jamoa xulosasiga ko‘ra, insonning sog‘lom turmush tarzida mo‘tadillik va tabiiylik asosiy omil hisoblanadi. Ular faqat ichimlik miqdori emas, balki vaqt va kun davomidagi taqsimot ham muhim ekanini ta’kidlashdi.

Tabiiy choy, qahva va sof suv — tana uchun nafaqat quvvat manbai, balki uzoq umr siri ham bo‘lishi mumkin, deydi olimlar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Foydali » Choy, qahva va suv – yurak uchun tabiiy qo‘riqchilar