19:35 / 13.09.2018
4 820

Xonimlardan maktub: Otasining qamalgani farzandlarimga qattiq taʼsir qildi!

Xonimlardan maktub: Otasining qamalgani farzandlarimga qattiq taʼsir qildi!
— Turmush oʻrtogʻim yetti yilga qamalgan edi. Qaytganiga olti oydan oshgan boʻlsa-da, hali ham ishsiz. Bolalarimiz yeyman-ichaman, deb turgan bir paytda erkakning uyda oʻtirishi qaysi mantiqqa toʻgʻri keladi?! Lavozimda oʻtirgani uchun oddiyroq ishlarni pisand qilmaydi, tuzukroq joyga esa taklif qilishmaydi.

Aqalli uyda oʻtirib ham biron yozuv-chizuv bilan shugʻullanmaydi. Oilani boqish, roʻzgʻor qilish, toʻlovlarning barchasi mening zimmamda. Bir mening maoshim bilan roʻzgʻorni but qilish juda qiyin boʻlyapti. “Aytishadi-ku, erkakning topganida hikmat bor, ayolnikida minnat”, deb. Asti minnat qilmayapman, lekin erkak kishi uyda oʻtirmasin ekan. Gʻirt ezmaga aylanarkan. Hali qarasa, ovqatimdan kamchilik topadi, yana birda bolalarning tarbiyasidan shikoyat qiladi. Axir bu bolalar faqat meniki emas-ku! Tagʻin ayni otaga muhtoj boʻlishganda xoʻjayinim ozodlikda emasdi.

Otasining qamalgani farzandlarimning ruhiyatiga yomon taʼsir qildi. Oʻqishda, mahalla-koʻyda, hammaning oldida yuzlari shuvut boʻldi. Men ham dodimni kimga aytay? Taqdirning tor koʻchalarida yolgʻiz ayolning yarim koʻngil boʻlib qolishiga kim aybdor? Men ham boshqa ayollar kabi baxtli bir oilaning begʻam bekasi boʻlib yashashni istagandim, dunyo soʻramagandim.

Shoʻrpeshona, omadsiz bunday odam bilan boshqa yashagim kelmayapti. Bolalarim hademay qanotimga aylanishadi. Turmush oʻrtogʻim yonimda boʻlmaganida ham uddaladim-ku, bu yogʻiga ham amallayman. Unga xiyonat qilmadim, oilamning boshini xam qiladigan ishlardan yiroq boʻldim. Qolgan umrimni erimning xizmatini qilish bilan oʻtkazmoqchi emasman…

Janoblardan noma: “40 YoSHIMIZDA AYOLIM AJRASHMOQCHI…”

— Munira bilan sevishib turmush qurganmiz. Oila qurganimizda men katta bir kursining egasi edim. Uning ham oliy maʼlumotli boʻlishini istab, garchi oʻzi unchalik xohlamasa ham institutga oʻqishga kirishiga koʻmak berdim. Bu orada farzandlarimiz tugʻildi. Bola bilan oʻqish oson emasligini bilsam-da, “Oʻqiganing ertaga oʻzingga foyda”, deb majburlab boʻlsa ham oʻqishga joʻnatardim. Bolalarga enaga yollagandik.

Roʻzgʻorimiz doimo toʻkin boʻlgan. Ayolimning ishlashiga sira ehtiyoj sezmaganman. Lekin jamiyatga qoʻshilgan ayolning dunyoqarashi keng, fikri toza boʻladi degan maqsadda uni ishga ham joylab qoʻydim. Boshida biroz qiynaldi, keyinchalik ishga borishga mendan oldin tayyor boʻlib turadigan boʻldi. Tugʻilgan kunida mashina sovgʻa qilish niyatida edim. Bu yangilikni eshitgan Muniraning quvonchini koʻrsangiz edi! Farzandlarimizni eng yaxshi bogʻcha-maktablarga berdik. Bugunimdan koʻnglim toʻq edi, ammo bandasi ertaga nima boʻlishini bilmas ekan.

Kunlarning birida noxush hodisa yuz berdi. Juda katta miqdorda tuzilgan shartnomalarda mening soxtalashtirilgan imzom boshimga toʻqmoq boʻlib tegdi. Tuhmat qilgan hamkasblarim maktabdosh doʻstlarim edi. Juda ogʻrindim. Pulni-ku, joyiga qoʻyish mumkin, ammo koʻngilni, oqibatni joyiga qoʻyib boʻlmas edi. Menga nisbatan jinoiy ish ochildi. Korxonaga yetkazgan zararimni (sudda shunday deyishdi) toʻlab bersam, muddat kamaytirilar ekan. Ota-onam nima qilib boʻlsa ham meni qutqarib qolish haqida oʻylardi. Uy-joy, mashinalarni sotib, qarzni yopdik. Ammo men yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindim. Doʻst-birodarlarim, elu xalq oldida sharmisor boʻldim. Hammaning yuzini yerga qaratdim.

Afsuski, “Men tuhmatdan qamaldim”, degan gapni atrofdagilarga uqtirib boʻlmaydi. Biqiq va nam hujrani eslasam, koʻnglim ayniydi. Lekin hayotimning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan oʻsha qamoqxonada ota-onam, ayolim va bolalarimni shunchalik sogʻindimki, yuragim alamdan, hasratdan kul boʻlgandi. Yorugʻ kunlar yetib, uyimga qaytdim. Bu paytda oilam ota-onamnikiga koʻchib oʻtgandi. Qaytgan kunim uyda toʻy boʻldi. Onamning tutdek toʻkilib qolganini koʻrib, ichim zil ketdi. Tuhmatning qurboniga aylangan notavon oʻgʻlini deb umrining qancha fursatini boy berdi ekan bu mushtiparim.

Muniradek sadoqatli ayolim borligidan faxrlanib ketdim oʻshanda. Bugun turmush qurganimizga yigirma ikki yil toʻldi. Afsuski, orziqib kutgan kunlarim ogʻriqli tunlarga almashdi. Ayolim bu muddat ichida tamoman oʻzgaribdi. Qamalganimni, hali ham ishga joylashmaganimni, shuncha payt uyning erkagi boʻlib, hammani boqqanini aytib dilimni xufton qildi. Axir shu kulfatlar boʻlmaganda men uni shunchalar qiyin ahvolga solib qoʻygan boʻlarmidim?.. Uni shu paytgacha yuragimning tub-tubida asragandim. Uning sabriga, sadoqatiga hech shubham yoʻq edi. Ammo ishonchimni chil-chil sindirdi. Ish soʻrab kirmagan idoram qolmadi, hammasi qora tamgʻadan hazar qilsa, men nima qilay?!

Bilaman,bu — sinov! Hali hammasi yaxshi boʻladi. Ammo xotinimni taniyolmay qolyapman. Nuqul ota-onamdan shikoyat qiladi. Farzandlarim ham menga begonadek muomala qilishadi. Bolalarning miyasini ham zaharlaganga oʻxshaydi. Xullas, Munira ajrashmoqchi. Hayotimning bir marta barbod boʻlgani yetmagandek, endi bira toʻla yoʻq boʻlish arafasida turibdi. Menga oilamsiz umrning qizigʻi yoʻq. Yosh yigit boʻlsam ekan, yangidan boshlasam hammasini. Qirqdan oshgan kishiman. Farzandlarim bilan birlashib, ertamiz uchun rejalar tuzadigan paytim-ku, axir. Maslahatingizga muhtojman, azizlarim! Bir oilani parokanda boʻlishdan saqlab qolsangiz, boshim osmonga yetgan boʻlardi…

Ziyoda ASHUROVA, ruhshunos:

— Bu kabi murakkab vaziyatga tushgan erkak birgina siz emassiz. Xursand boʻlishingiz kerakki, oʻtgan vaqt mobaynida ayolingiz shaʼningizni bulgʻaydigan ish qilmabdi. Ota-onangizni yolgʻiz qoldirmabdi. Uning qilgan shikoyatidan sira malollanmang. Chunki ayol kishi hissiyotga beriluvchan boʻladi. Bugun aytgan gapidan ertaga tonib turadi. Hayotining munavvar onlarini yashayotgan har qanday ayolning boshiga shunday kulfat tushsa, almazada boʻlib qolishi aniq.

Yolgʻiz ayolning koʻrgan kuni qursin. Baʼzida erkak kishining oʻzi bir roʻzgʻorni but qilolmay qoladi. Ayniqsa, bolalaringizning oʻtish davridagi injiqliklari Muniraxonni qattiq iztirobga solgani tayin. Shuning uchun ayolingizning hamma gaplarini ham rostga yoʻyavermang. Axir shuncha yildan buyon biladigan ayolining koʻnglini topolmasa, nima degan gap? Siz buni uddalaysiz! Ayolingizni boshqa yolgʻiz qoldirmasligingizni, yana hammasi avvalgidek boʻlishi uchun u yoningizda boʻlishi shartligini ayting. Baxtli kunlaringiz muhrlangan suratlarni, videotasmalarni birga tomosha qiling. Hech biringizga oson boʻlmagan, ammo ajrashsangiz bundan-da qiyin kunlar boʻladi. Ikki oʻrtada boʻyi yetgan bolalarning uvoliga qolishdan qoʻrqing. Shu yerda bir rivoyatni soʻzlab bersam.

Mufazzal bin Qaysning turmush sharoiti ogʻirlashib, yetishmovchilik va qashshoqlik uni tang ahvolga solib qoʻygan, boʻynigacha qarzga botib ketgan edi. U bir kuni imom Jaʼfar Sodiqning huzuriga borib, oʻz ahvolidan nolidi. Boshiga tushgan qiyinchiliklarni ipidan ignasigacha gapirib berdi:

— Falon miqdorda qarzim bor, bilmadim, uni qanday toʻlayman. Falon miqdor xarajatim bor. Nima qilishga ham hayronman. Gangib qoldim. Qay eshikka borsam, hammasi men uchun berk…

Mufazzal soʻzi oxirida imomdan duo qilib, mushkullarini oson qilishda undan yordam soʻradi.
Imom oʻsha yerda turgan shogirdiga buyurdi:
— Borgin-da, Mansur bizga yuborgan bir qop tillani olib kel!

Shogirdi keltirgan tillani Mufazzalga uzatayotgan imom:
— Ol, bu qopda 400 dinor bor. Turmush sharoitingni yaxshilash uchun yordam deb qabul qil, — dedi.
— Sizning huzuringizga pul soʻrab kelmagandim, duo tilab kelgan edim, — debdi esankirab Mufazzal.

Imom Jaʼfar Sodiq Mufazzalning bu soʻzlariga javoban:
— Juda yaxshi, duo ham qilaman. Ammo senga bir gapni aytib qoʻyay, odamlarga turmushingdagi har qanday mayda-chuyda gaplarni miridan sirigacha aytib yurma. Bu gaplaringdan soʻng ular ham seni mayda odamlar qatoriga qoʻshib qoʻyishini unutma. Hurmating ham yoʻqoladi, — degan ekan.

Bu rivoyatdan xulosa shuki, oilangizda boʻlayotgan har qanday muammolarni faqat ichkarida hal qiling. Oshkoralik erkak qavmiga xos xususiyat emas. Oilani saqlab qolish uchun bor imkoniyatingizni ishga soling. Shunda hammasi yaxshi boʻladi.
Lobar QANDAHOROVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xonimlardan maktub: Otasining qamalgani farzandlarimga qattiq taʼsir qildi!