18:28 / 16.02.2019
4 991

Bola qalbi yaxshilikni unutmaydi

Bola qalbi yaxshilikni unutmaydi
Botir aka tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limi idorasi oldiga kelib bir muddat yaqindagina ta’mirdan chiqqan, katta shaharlardagi inshootlardan chiroyi qolishmaydigan binoga tikilib qoldi. «Qanday ko‘rkam, kishi bahri dilini ochadigan maskanga aylantirishibdi», deya ko‘nglidan o‘tkazib, binoning o‘tgan yilllardagi ahvolini esladi. O‘shanda birda otasining, birda onasining hujjatlarini olib kelgandi. Zinalari yemirilib borayotgan, devorlari nurab yotgan idora ichiga kirishga qo‘rqardi kishi. Oradan bir yigit yoshichalik vaqt o‘tib Botir aka o‘zining hujjatlarini ko‘tarib bu yerga kelyapti. Pensiya yoshiga yetishish ham baxt. Ayniqsa eng qiyin, mashaqqatli ish hisoblangan haydovchilik bilan shug‘ullanganlarga. Botir akaning qanchadan qancha safdoshlari, hamkasblari bu sharafga erisholmay, qarilik gashtini surolmay dunyodan o‘tib ketishdi. Bu kunlarga yetganlar ham bor, yetmaganlar ham.

U qirq yildan ortiq vaqt shahar ichida avtobus haydadi. Shu davr mobaynida qanchadan qancha kishilarni uzog‘ini yaqin qilib, manziliga sog‘-omon yetkazdi. Hech qachon yo‘lovchilarga baland tovushda gapirmasdi, bekatda odam bormi-yo‘qmi albatta to‘xtab o‘tardi. Ayniqsa yosh bolalarni juda ham yaxshi ko‘rardi. Birorta bolani jerkimas, ayrimlari yo‘l kira bermasa, so‘rab ham o‘tirmasdi.

Bir kuni nevarasi uyga yig‘lamoqdan beri bo‘lib kirib keldi. Aytishicha maktabdan qaytishda yonida yo‘lkirasi yo‘q ekan, avtobusga chiqsa nazoratchi tushmagur “yoningda puling bormi?” deb so‘rabdi. Bola puli yo‘qligini aytgan ekan, nazoratchi uni avtobusdan tushirib yuboribdi. Bolakay o‘rtoqlarining oldida rosa izza bo‘lib, piyoda kelishga majbur bo‘libdi. Botir aka haydovchilarning bu insofsizligidan qattiq o‘kindi. Axir o‘zining shaxsiy mashinasi emas, davlatning avtobusi bo‘lsa, shunchalikka borish shartmikan? Dunyo omonat, odamlar g‘animat, yaxshilik esa hech qachon o‘lmaydi. Lekin negadir keyingi paytda odamlarga savob emas, faqat pul kerak bo‘lyapti...

Botir aka idoraga kirib dastavval qaysi eshikka kirishni bilmay o‘tgan-ketganga xijolatli nazar tashlab turaverdi. So‘ng ikki-uch kishining eshigiga “Qabulxona” deb yozilgan xonaga kirib-chiqishayotganini ko‘rib, u ham shu xonaga kirdi. To‘rda, bir to‘da qog‘ozlarni asabiy titkilab o‘tirgan kotiba undan nima maqsadda kelganini eshitdi-yu, qoshlari bilan boshliqning xonasiga kirishini tushuntirgan bo‘ldi.

- Assalomu alaykum, mumkinmi?... - Botir aka sekingina eshikni ochib, yumshoq o‘rindiqda omonat o‘tirganday shosha-pisha, allaqanday qog‘ozlarga imzo chekayotgan xushbichim, yosh, ammo savlatli yigitdan kirish uchun izn so‘radi. Boshliq qilayotgan ishidan bosh ko‘tarmay, salomga alik oldi-yu “keling”deb qo‘ydi. U ishini bitirguncha Botir aka kutib turdi, yigit qo‘lidagi qog‘ozlarini bir chekkaga qo‘yib, “xo‘sh, xizmat?” deganday, unga qaradi-yu, xijolat chekib darhol o‘rnidan turdi:
- Iye, amaki, assalomu alaykum. Yaxshimisiz? Sog‘-omon yuribsizmi? Uydagilar salomatmi?
Botir aka yigitni taniyolmadi, lekin o‘ziga bildirmay hol-ahvol so‘ray boshladi:
- Vaalaykum o‘g‘lim. Xudoga shukr, yuribmiz. O‘zingiz tuzukmisiz? Uy ichilar omon yurishibdimi?
- Shukur, amaki. Zap kelibsiz-da... Xo‘sh, biz tomonlarga qanday yo‘lingiz tushib qoldi?
Ijtimoiy ta’minot bo‘limi boshlig‘i Rizamat Yo‘ldoshev Botir akaga savolchan tikildi.
- Shu... pensiyaga ham yetib qolibmiz.. Shunga hujjatlarimizni topshirgani kelgan edim...
- Yaxshi! Qanday hujjatlar kerakligini bilasizmi? Men hozir... - Yigit shunday deb yon tomonidagi allaqanday tugmachani bosdi. Zum o‘tmay eshik ochilib qabulxonadagi qiz ko‘rindi:
- Labbay?
- Bu amakimizni darhol Subhonovga uchrashtiring. Shaxsan men tayinlaganimni ayting va tezda hujjatlarini tayyorlab menga olib kirishsin. Amaki,-boshliq Botir akaga qaradi, - ishlaringiz bitgandan keyin albatta menga uchrashing.
- Mayli, o‘g‘lim, rahmat sizga.

Botir aka kotiba qiz bilan boshlashib xonadan chiqar ekan, bu yigitni qayerda ko‘rganini, kimligini hech eslayolmasdi. Yaqin tanishlari, qavm-qarindoshlari ichida yosh rahbar bo‘lganlari yo‘q edi. O‘zidan so‘rashga esa istihola qildi. Subhonov kotibaning gapini eshitib, qo‘lidagi yumushini yig‘ishtirib, Botir aka bilan shug‘ullana boshladi...
Rizamat Botir akaning ortidan kulimsirab qoldi: “Tanimadilar... Ha oradan qancha yillar o‘tib ketdi. Lekin men ularni tanidim, oqko‘ngil, saxiy kishilar qarimaydi...”

O‘shanda Rizamat sakkiz-to‘qqiz yoshlar chamasida edi. Ular yangi uylariga ko‘chishgani uchun o‘qiyotgan maktabi bolakayga uzoqlik qila boshladi. Ota-onasi harchand urinib uni boshqa maktabga o‘tkazmoqchi bo‘lishmasin, Rizamat ko‘nmadi. “O‘qituvchimdan, sinfdoshlarimdan ayrilmayman” deb yig‘ladi. Ota-ona noiloj bolasini o‘zining maktabiga qoldirishdi. Yosh oila bo‘lgani, ota-onasi maosh bilan kun kechirishgani uchun ham ba’zan Rizamatga avtobus uchun yo‘l kira berisholmasdi. Boshqa haydovchilar Rizamatdan kira haqqini so‘rab izza qilishar, faqat gavdali, ko‘zlari muloyim kulib turuvchi, hamisha Rizamatga “ha, domla”, deb ko‘zini qisib qo‘yuvchi haydovchi amaki undan pul so‘ramas, hattoki ayrim paytlari tushlikdan tejab ushlab qolgan pulini bersa ham:

- Qo‘yavering, domla. Ertaga shirin kulcha olib yersiz - deb yo‘l kirani olmasdi. Keyinchalik bilsa haydovchi amaki nafaqat unga, balki barcha bolalarga shunday qilarkan. Maktabda uzoqdan qatnab o‘qiydigan bolalar shu amakini kutib qolishardi. Yillar o‘tib Rizamatlarning oilasi to‘kin-farovon bo‘ldi. Dadasi yaxshi ishlagani uchun katta lavozimlarga ko‘tarildi. Rizamatning ham cho‘ntagida tushligidan tashqari ortib qoladigan puli bo‘ldi, ammo o‘sha mehribon, qo‘li ochiq amakining avtobusidan boshqa ulovga chiqqisi kelmasdi...

Vaqt o‘tishi bilan amaki ularning yo‘nalishida ko‘rinmay qoldi. Endi Rizamat ham maktabiga bormas, u nufuzli bir o‘quv dargohining talabasiga aylangan edi. O‘qishga ham dadasi talaba bo‘lgani munosabati bilan olib beragn “Neksiya”da borib kelardi. O‘sha kezlarda ham yigit ravon yo‘llarda kishilar uzog‘ini yaqin qilib har tomonga shoshayotgan avtobuslarni ko‘rsa, yuragi bir hapriqib o‘zining beg‘ubor bolalik chog‘laridagi mehribon haydovchi amakini eslardi. Tahsildan so‘ng turli tashkilot va muassasalarda ishladi. Bu orada yillar ipi umr onlarini bir-biriga boylab, turmush, ish tashvishlariga ko‘milib ketgan Rizamat haydovchi amakini har vaqt-har vaqtda esiga tushganda xotirlab qo‘yadigan bo‘ldi. Bugun o‘sha haydovchi unga ishi tushib kelibdi. Dunyo tor, yer yumaloq deganlari shu bo‘lsa kerak-da...

- Rizamat Ro‘ziyevich, mumkinmi?- Boshliqning xayollarini xodimlardan biri bo‘ldi.
- Keling, Sulton aka, - Rizamat o‘rnida turib, Subhonov va Botir akani qarshiladi.
- Bu akamizning ishlari deyarli bitdi. Faqat arizalariga imzo cheksangiz bo‘ldi. - Subhonov shunday deb boshliqqa hujjatlarni topshirdi. Rizamat ularni bir qur ko‘zdan kechirgan bo‘ldi-da, arizaga imzo chekib xodimga uzatdi:
- Yaqin kunlarda hisoblab chiqasiz-a?
- Albatta.
- Mayli, Sulton aka, sizga ruxsat. Salomat bo‘ling. - Botir aka boshliqqa rahmat aytib, Subhonov bilan birga chiqmoqchi edi, Rizamat unga “bir daqiqa” deb, bir piyola issiq choy tutdi. - Amaki, meni tanimadingiz-a?

Rizamat stolining tortmasidan taqsimchada shirinlik olib Botir akaning oldiga qo‘yarkan, jilmaygan kuyi so‘radi va:- Siz menga o‘xshagan qancha bolani manziliga yetkazgansiz, hammasini ham eslayolmaysiz-da, deb qo‘shib qo‘ydi. Botir aka yigitga kulimsirab:

- To‘g‘risi, o‘g‘lim, chehrangiz issiq ko‘rinyapti-yu, biroq hech taniyolmayapman... - dedi. Rizamat beozorgina kulib qo‘ydi:
- Bir paytlar sizning avtobusingizda maktabga borib kelardim. Hech qachon yo‘l kira so‘ramasdingiz. “Shirin kulcha yeysiz, domla” deb bergan pulimni ham qaytarardingiz. Biz bolalar sizni juda yaxshi ko‘rardik. Faqat sizning avtobusingizga chiqardik. Oldimga kirganingizda ko‘zlaringizga qarab tanidim...
- Qoyil, qoyil o‘g‘lim. Barakalla, bolalar yaxshilikni unutishmaydi, buni bilardim. Iloyim, martabangiz bundan ham ziyoda bo‘lsin. Ota-onangiz huzur halovatingizdan yayrasinlar. - Botir aka ko‘ngli iyib yigitni uzoq duo qildi.
- Rahmat, amaki. O‘sha kezlarda menga qilgan yaxshiligingizni bir umr unutmayman. Sizga o‘xshagan iymonli, qo‘li ochiq insonlar ko‘paysin. Bu mening telefon raqamim, qanday xizmat bo‘lsa bemalol tortinmay, kelavering. Qo‘limdan kelguncha bajarishga harakat qilaman.

Bu dunyoda yaxshilik izsiz ketmasligiga yana bir bor iymon keltirgan Botir aka borgan joyidan manun va xursand qaytdi...
FARZONA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bola qalbi yaxshilikni unutmaydi