Buni menga poyezdda hamroh bo‘lgan kishi gapirib bergandi deb yozadi Azon.uz nashri.
“... Bolaligimizdan mehnatda pishib, mashaqqatlar ichida o‘sganmiz. Moddiy jihatdan qiynalmagan bo‘lsak-da, dadam pul qayerdan kelishini bilib qo‘ylaring, deb biz bolalarni bir daqiqa ham bo‘sh qo‘ymasdilar. Shundanmikan, olti og‘a-ini jigarlar hammamiz mehnatsevar, topish-tutish yo‘lini biladigan, tadbirkor bo‘ldik. Fermerman. Paxta, bug‘doy, poliz mahsulotlari ekiladigan yerlarim, mevazor, tokzor yerlarim bor. Daromad yaxshilangani sari, bundan ham yaxshi foyda ko‘rishni, yanada boyishni istar ekan kishi. Yerdan ko‘rayotgan foydadan kuch olib, qoramolchilikni ham yo‘lga qo‘ydim. Go‘sht, sut, tuxum o‘zimizdan chiqa boshladi. Endi ularni qayta ishlash, sut mahsulotlari tayyorlab, bozorga chiqish kerak edi. Xorij texnologiyalari asosida go‘sht va sutni qayta ishlash sexlari tashkil qildik. Umuman olganda men kunimni pul topish niyati bilan boshlab, xuddi shu istak bilan yakunlardim. Daromadim oshib, boyibmanu, yuragim qattiqlashib, rahm-shafqatdan uzoqlashib ketaveribdi. To‘g‘risi, aka-uka, opa-singillarimning ro‘zg‘ori ham to‘kin, yordamga muhtoj emas. Qarindoshimizning qiziga uylanganman.
Qarindosh-urug‘ hamjihatlikda, ahillikda ishlaymiz. Fermer xo‘jaligimizda ham qarindoshlar, yaqinlarimiz ishlaydi. Maoshini vaqtida beryapman, hech kim moddiy ahvolidan norozi emas, deb daromadimni yanada ko‘paytirish ilinjida yuravergan ekanman. Dunyoda savob, xayr-sadaqa, mehr-oqibat degan narsalar ham bor ekanu, mening boylik havasi bilan band qalbim ulardan butkul bexabar ekan. Bir kuni uyimga mahalla oqsoqoli keldi. Gapni uzoqdan boshlagan oqsoqol, mahallada kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar borligini, ularga imkoniyatim darajasida yordam berishimni so‘radi. G‘ashim keldi, mahalla oqsoqli menga savolchan tikilib turarkan o‘sha pallada xayolimdan o‘tgan birinchi fikr “Menga nima?! Ularni men kambag‘al qilibmanmi? Men muhtoj bo‘lsin, debmanmi? Ishlasin, kambag‘al bo‘lsa uyida o‘tirib boshqalardan yordam kutsin, degani emas-ku! Ular ishyoqmas, yalqov bo‘lishsa menda nima ayb” degan gaplar bo‘ldi.
– Hmm... Qani, ko‘raylik-chi, sharoitimizni. Muzqaymoq va konditer mahsulotlari ishlab chiqaradigan sex tashkil qilmoqchi bo‘lib turibmiz. Hozir bor topgan-tutganlarimizni shunga sarflayapmiz. Fermer xo‘jaligimiz tarmoqlarini ko‘paytirsak, ishchi o‘rni ko‘payadi. Haligilaringiz sexlarimizda ishlasa, pul-mul oladi...
Uzoq yillar maktabda o‘qituvchilik qilgan, otamga qadrdon do‘st bo‘lgan mahalla oqsoqolini shunday qo‘rs javob bilan kuzatib qo‘ydim. O‘shanda e’tibor bermagan ekanman, endi o‘ylasam oqsoqol darvozamdan og‘rinib, yuzimga qarashni istamay chiqib ketgandi. U ketgach ham mendan yordam so‘rab kelgani uchun jahlim chiqib yurdi. Ko‘cha-kuyda oqosolga duch kelib qolsam yoki u nomini tilga olib yordam so‘ragan odamlarni ko‘rib qolsam ichimdan ijirg‘anib ketardim.
Bir kuni so‘ngi rusumdagi avtomashinamda ketayotsam, yon eshikning oynasiga tosh kelib tegdi. Qarasam 8-9 yoshlar atrofidagi bola. Moshinani to‘xtatib, jahl bilan bolaning oldiga tushib bordim va:
– Nima kerak senga, tarbiyasiz?! – deb bolaning yelkasidan g‘azab bilan turtdim. – O‘tgan-ketgan moshinalarga tosh otib, kuningni o‘tkazguningcha, uyingga mol-qo‘yingga qarasang o‘lasanmi?! Sendaqalarning mingtangning narxingga bu moshinaning bitta balonini bermaydi!
Bola yig‘lab yubordi va ko‘z yoshlarini artgancha yerga qarab:
– Kechirasiz, amaki. Ko‘pdan beri moshinalarga qo‘l ko‘taryapman, to‘xtamayapti. Shuning uchun sizga tosh otdim. Dadam nogiron, ularni aravalarida sayr qildirib yurgandim. Ariqchadan o‘tkazmoqchi edim, arava ag‘darilib ketdi. Dadam ariq ichida yotibdilar, ularni o‘rinlaridan qo‘zg‘atolmayapman. Iltimos, menga yordam bering, dadamni aravaga chiqarib qo‘ying, amakijon. Ularni uyga olib boray, onam xavotir olayotgandirlar...
Bilasizmi, singlim, bola otgan tosh moshinamning oynasiga tekkan bo‘lsa, aytgan gaplari yuragimga o‘q bo‘lib tegdi. Bolakay meni otasi yiqilib tushgan ariq bo‘yiga boshladi. Otasini aravasiga yuklab, cho‘ntagimdagi bor pulni bolaga tutqazdim. Unga telefon raqamimni yozib berib, agar dori-darmon yo biror narsaga pul kerak bo‘lib qolsa, menga qo‘ng‘iroq qilishini, yordam berishimni tayinladim. Bola bilan otasi qayta-qayta duo qilib kuzatishdi. Bolakay otasi o‘tirgan aravani haydab qishloqqa olib boradigan yo‘lga tushdi. Ularning ortidan uzoq qarab qoldim. Ich-ichimdan yig‘i xuruj qilayotgandi. Bola mudrab yotgan vijdonimni tosh otib uyg‘otib yuborgandi. Nafs changida kirlanib yotgan qalbimning g‘ubori aridi. Boylikka havas qo‘ygan ko‘ngilda mehr, oqibat, atrofidagilarga nisbatan rahm-shafqat, yaxshilikka havas degan tuyg‘ular mo‘rtlashib qolar ekan. O‘sha voqea sabab dunyoqarashim o‘zgardi. Avvallari kamxarj, ehtiyojmandlarga “bularni men kambag‘al qilibmanmi?”, “Mehnat qilishsin va yaxshi yashashsin” degan istehzo bilan qaragan bo‘lsam, endi “Alloh menga bergan va berayotgan boylikda muhtojlarning ham haqi bor” degan fikr bilan yashaydigan bo‘ldim. Avtomashinamga tosh otib meni yo‘ldan to‘xtatgan bola, aslida meni gunoh yo‘lidan qaytardi...
Hamrohimning hikoyasidan qattiq ta’sirlandim. “Seni nima uchun boy-badavlat qilganimizni tafakkur qilib ko‘r!” degan haqiqat sadosi quloqlarim ostida jarangladi...
Bahor NUR
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”