Pul oqimini to‘sadigan odatlar sizda ham bormi?

Ko‘pchilik insonlar nega moliyaviy ahvoli o‘zgarmayotgani yoki nega pul “ushlanib” qolayotgani haqida o‘ylab ko‘radi. Ayrimlar buni omadsizlik, boshqalar esa tashqi sharoit bilan bog‘laydi. Biroq psixologlar va moliyaviy mutaxassislar fikricha, ba’zan insonning o‘zidagi ayrim fikrlash tarzi va kundalik odatlar ham moliyaviy o‘sishga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar pul oqimini sekinlashtiruvchi eng keng tarqalgan uchta odat haqida gapirmoqda.
Birinchisi — haddan tashqari tejamkorlik. Albatta, tejash va ortiqcha xarajatdan qochish muhim. Ammo doimo eng arzon narsani qidirish, o‘zini har qanday qulaylikdan mahrum qilish va o‘ziga sarmoya kiritmaslik inson ongiga “men yaxshiroq hayotga loyiq emasman” degan signalni yuborishi mumkin.
Psixologlar ta’kidlashicha, inson o‘zini qadrlashi va o‘zi uchun minimal bo‘lsa-da qulay muhit yaratishi ichki ishonchni kuchaytiradi. Aks holda, kishi doimiy tanqislik hissi bilan yashay boshlaydi.
Ikkinchi to‘siq — doimiy nolish odati. Narx-navo, iqtisodiy vaziyat, rahbar yoki ish beruvchidan tinimsiz shikoyat qilish insonni asta-sekin “qurbon” pozitsiyasiga olib kirishi mumkin.
Bu holatda inson imkoniyat izlash o‘rniga, aybdor qidirishga o‘tib ketadi. Natijada esa harakat kamayadi, tashabbus susayadi va yangi daromad eshiklari yopilib boradi.
Uchinchi muhim omil — boy insonlarga nisbatan salbiy munosabat. Agar kishi boylarni faqat “o‘g‘ri”, “insofsiz” yoki “yomon odam” sifatida qabul qilsa, uning ong osti boylikni xavfli narsa sifatida qabul qila boshlaydi.
Shu sabab inson ichki ravishda moliyaviy o‘sishdan o‘zini tiyishi mumkin. Chunki ong osti “boy bo‘lsam, men ham yomon odamga aylanaman” degan himoya mexanizmini ishga tushiradi.
Mutaxassislar fikricha, bu muammolarning yechimi fikrlash tarzini o‘zgartirishdan boshlanadi. Diqqatni faqat “qanday qilib tejash”ga emas, balki “qanday qilib qiymat yaratish”, “qanday qilib ko‘proq foyda keltirish” va “qanday qilib daromadni oshirish”ga qaratish muhim.
Chunki katta moliyaviy o‘sish aksariyat hollarda faqat iqtisod qilish orqali emas, balki yangi imkoniyatlar, bilim va harakat orqali keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!