Amazfit Cheetah 2 Ultra: 30 kunlik avtonomiya va titan korpusli yangi smart-soat

Amazfit kompaniyasi global bozorda o‘zining yangi Cheetah 2 Ultra smart-soatini taqdim etdi. Ushbu model yaqinda chiqqan Cheetah 2 Pro versiyasining yanada takomillashtirilgan varianti bo‘lib, u kattaroq AMOLED ekran, sig‘imli akkumulyator va titan qotishmasidan ishlangan mustahkam korpus bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qurilmaning asosiy ustunligi — uning batareya quvvati. 780 mA·soat sig‘imli akkumulyator oddiy foydalanish rejimida 30 kungacha, GPS faol bo‘lganda esa 60 soatgacha ishlash imkonini beradi. Bu kabi ko‘rsatkichlar yorqin ekran va doimiy navigatsiyaga ega smart-soatlar uchun juda yuqori natija hisoblanadi.
Soat 1,5 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan bo‘lib, uning yorqinligi 3000 nitgacha yetadi. Ichki xotira hajmi 64 GB ga yetkazilgani tufayli foydalanuvchilar smartfonga ulanmasdan turib ko‘proq musiqa va xaritalarni saqlashlari mumkin. Shuningdek, yangi HS3s protsessori va 180 dan ortiq sport rejimlari sportchilar uchun qulaylik yaratadi.
Qurilma 5 ATM darajasidagi suv o‘tkazmaslik xususiyatiga ega va to‘plamda ikkita almashtiriladigan tasma bilan birga keladi. Amazfit Cheetah 2 Ultra allaqachon sotuvga chiqarilgan bo‘lib, uning narxi Yevropada 599 yevro, AQShda esa 599 dollarni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!