Jajji qizaloqning o‘z oilasi haqida yozgan inshosi ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi: «Mening oilam – eng yomon oila…». Bola iztirobi, ko‘zidagi mung… Hozirdanoq hayotdan bezgan, birovga ishonchi qolmagan…
Bu bo‘lgan voqeadir yoki kimdir guruhiga ko‘proq a’zo to‘plash, shov-shuv ko‘tarish ilinjida o‘ylab topgandir… Biroq jamiyatda ota-onasining injiqligi, besabrligi yoki oilaga uchinchi, to‘rtinchi odamlar aralashuvi tufayli ajrimlar ko‘payib, bolaligi o‘g‘irlanib, jismi emas, qalbi majruhga aylanayotgan bolakaylar kammi?!.
Muyassar universitetni tugatgan kuni ota-onasi unga yangilik yetkazishdi. Kechagina qo‘shni tumandan sovchilar kelib, ularning roziligini olib ketishibdi. Hatto to‘y kuni ham belgilangan.
Muyassar rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmaganini angladi-yu, indamay qo‘ya qoldi. Kuyov bo‘lmish o‘qimishli, ziyoli oiladan ekanini eshitib, ancha xotirjam tortdi. Qaynonasi shifokor ekan…
Nazarida to‘y juda fayzli o‘tdi. Uning yangi xonadonga o‘rganishi qiyin kechdi. Bu xonadon negadir juda sirli edi. Na qarindoshlar bilan bordi-keldi bor, na qo‘ni-qo‘shni bilan. Boz ustiga, to‘ydan bir oy o‘tar-o‘tmas kelinining ishga chiqib ketishi qaynonaga yoqmadi. Muyassar ota-onasining «Kuyov taraf ishlashingga qarshi emas» degan so‘zlarini esladi-yu, bu shunchaki to‘ydan oldingi yolg‘on va’da ekanligini angladi. Eri Sardorbek «Sandiqni ochgin-da, diplomingni ko‘rinmas yeriga joylab qo‘y! Ota-onam “Kelin ishlamaslikka rozi” deyishgani uchun senga uylanganman» deganida bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan to‘ydan oldin uchrashib suhbatlashmaganiga, uni yaxshi bilmay turib taqdirini bog‘laganiga pushaymon bo‘ldi.
Pushaymonlik yomon ekan. Ayniqsa, xatongni to‘g‘rilashning imkoni bo‘lmasa…
Bir kuni Muyassar ishdan ertaroq qaytdi. Homilador emasmi, toliqqandi. Uyiga dam olishga kirganda nogoh hovlidagi qaynonasi va qaynsinglisining gaplarini eshitib, vujudi muzlab ketdi go‘yo.
«Oyi, keliningizni uyga o‘tqazib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?! Hech bo‘lmasa, men kelganimda xizmat qilmaydimi?! Men qaynsinglim kelishidan uch kun oldin tayyorgarlikni boshlayman. Akam ham indamayaptimi? Agar bu xotinini ham bo‘sh qo‘ysa, “ko‘chaga chiqib ketishi” aniq!».
Muyassar qaynsinglisi yana nimalar deganini anglamadi. So‘nggi paytlarda eri avval ham uylangani, buni undan yashirishganini sezgandek bo‘lib yurgandi. Bugun esa…
Dam olish kuni ota-onasining uyiga ketib, qaytmadi. Istamadi. Na yuzsiz erini, na uning yolg‘ondan qo‘rqmaydigan ota-onasini ko‘rgisi kelardi.
U ikki norasida haqida o‘ylayverib, o‘yining oxiriga yetolmasdi. O‘zini birovning baxtini o‘g‘irlagandek sezar, bundan ezilardi.
Homilasi olti oylik bo‘lganida qaynonasi oraga odam qo‘yaverib kelinini oldirib ketdi. O‘rtadagi sirlardan bexabar ota-ona ham uning tinib-tinchib ketishini o‘ylardi. Muyassar ham kuyovning avval uylanganini, bolasi borligini aytib, ularning dilini o‘rtashni istamadi.
Borgan kuni qaynonasi o‘zicha qo‘ni-qo‘shnilar orasida Muyassarni sharmanda qildi. «O‘zi ketgan, mana, o‘zi keldi», – deya jar soldi. Uning fe’lini yaxshi bilishgani uchun ba’zi qo‘shni ayollar «E’tibor qilmang, hammasi o‘tib ketadi!» deya ko‘z qisib unga dalda bergandek bo‘lishdi. Bolasi haqqi kelin yana bosiqlik qildi.
Bir oy o‘tar-o‘tmas qaynona eski qilig‘ini boshladi. Mabodo kelinning boshi aylanib, holsizlangandek o‘tirib qolsa, uni kasalmandlikda ayblab, kun bo‘yi javranar, kechqurun eri va o‘g‘liga uni yomonlab, o‘zidan jabrdiyda yasab olar, uy yumushlarining bari o‘ziga qolib ketayotganidan nolirdi. Keyinroq esa uni ruhiy nosog‘lom ekan deyishgacha bordi.
Bu gapga chiday olmagan Muyassar «Oyijon, bunday deyishga qanday tilingiz bordi?! Nahot xudodan qo‘rqmasangiz?!» deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi.
Hammasi eri kelgach boshlandi. Kuni bilan hech nima demay qovoq uyib yurgan qaynonasi eriga chunonam kelinni qoraladiki, Sardorbek ichkariga kira solib uni kaltaklay ketdi. Homiladorligiga ham qaramadi. Qaynotasi uni ajratmoqchi edi, qaynonasi yaqin yo‘latmadi.
Muyassar bir hafta og‘riqlardan azob chekdi. Faqatgina qornidagi homilasining qimirlab qo‘yayotgani unga taskin edi. O‘sha kundan qaynonaning buyrug‘i bilan darvozaga qulf urilgan, kelin ko‘chaga ham chiqarmay qo‘yilgandi.
– Kelin, mana bu ukolni qilib qo‘yay, quvvat bo‘ladi, – qaynonasining muloyimlik bilan kirib kelishi Muyassarni ajablantirdi. Keyin kaltaklangan kelinga rahmi kelayapti shekilli degan xayolga bordi. – Bolasi qurmagur shunchalikka ham boradimi?! Axir xotin kishi nozik bo‘lsa, bir-ikki qattiq-quruq gap aytsang yetardi-da, urishga balo bormidi?! Yosh-da, sabr qilsangiz, aqli kirib qoladi…
Qaynonasi shifokor bo‘lgani bois uning ukol qilmoqchiligidan yomon xayolga bormadi. Aksincha, dilida unga nisbatan biroz iliqlik uyg‘ondi: «Xayriyat, dili butunlay muz emas ekan-ku?!».
Har gal qornida tipirchilab, bir zum tinmaydigan homilasi jim bo‘lib qolgach, kelinchak yuragi bir nimani sezgandek shifokorga bormoqchi bo‘lgandi, kechagina muloyim tortib qolgan qaynona yana eski holiga qaytdi. Qudalarini chaqirib, «Qizingiz ham, uning bolasi ham kerak emas» deya eshikdan quvib soldi. Kelinning kiyim-boshlarini ham uloqtirdi.
Muyassar shularni o‘ylar ekan, ota-onasini qiynab qo‘yganidan kuyundi. Biroz qaddini eggancha o‘choq boshidagi onasi tomon yurdi.
– Oyi, osh qilaylik! Negadir osh yegim kelayapti…
Osh damlanayotganda Muyassardagi og‘riq kuchayib, tez yordam chaqirishdi. Onasi bir kosa palovni dasturxonga o‘ragancha ortidan yetib bordi. Bordi-yu, qizining homilasi ikki kun oldin o‘lganini eshitib, iztirobi ortdi. «Qizingiz oxirgi paytlarda biror dori yoki ukol olmaganmidi?!» degan savol javobsiz qoldi. Axir u qayoqdan ham bilsin?! Qizini shu bugun ko‘rib turgan bo‘lsa…
Dam o‘tmay shifokorlar yugur-yugur qilib qolishdi. Uni esa ichkariga qo‘yishmasdi.
Bir vaqt eshik ochilib, shifokor «Qo‘limizdan kelganini qildik, biroq bemor hayotini saqlab qololmadik… Xudo sabr bersin!» deganida shifoxona devorlari ham larzaga kelgandek bo‘ldi.
Qiziga deb olib kelingan osh to‘la kosa onaning qo‘lidan tushib chil-chil sindi…
Muyassar norasidasi bilan yonma-yon qo‘yildi. Afsuski, uning janozasida na eri qatnashdi, na uning oilasidagilar…
Oila, hayot, inson qadriga yetmaganlarning keyingi taqdiri ayanchli kechibdi. Sardorbek tirnoqqa zor, onaning esa ko‘pdan buyon oyoq-qo‘li ishlamay yotganmish. Qaynsingil esa to‘rt norasidasi bilan eridan ajrab kelgan, xonadonda kunda janjal emish…
Bu dunyo hisobli deyishadi. Yaxshilikning ham, yomonlikning ham javobi bor.
* * *
Ra’no taqdir ravo ko‘rgan xonadonga kelin bo‘lib tushibdiki, bo‘lar-bo‘lmasga arazlab kelaverib ota-onasini ham qiynab yubordi. Xijolatda qolgan Hamida aya qiziga hayotdan saboq beraverib charchadi.
– Bolali bo‘lsa tinib ketar, – dedi bir kuni uning iztiroblarini sezib yurgan qo‘shnisi. – Ba’zida boshqorong‘ilikda ham shunday bo‘ladi – er uyini yoqtirmay qoladi kelinlar.
– Ilohim shunday bo‘lsin… – dedi u umidvorlik bilan.
Qo‘chqordek o‘g‘il ko‘rganida Ra’noning shodligi olamga sig‘masdi. Yosh oila shu go‘dak qadami bilan baxtiyor bo‘lsin degan maqsadda unga Baxtiyor deb ism qo‘yishdi. Kelinlarining huda-behuda arazlaridan bezgan qaynona-qaynota ham shu go‘dakdan umidvor: «Zora endi aqli kirsa…».
Oy, yil o‘tib chaqaloq yoshiga yetay deganda endigina izga tushib qolgan hayotning yana maromi buzildi. O‘g‘lini ko‘tarib yo‘lga otlangan kelinni na qaynona-qaynota to‘xtata oldi, na eri…
– Ortingdan odam tugul, it ham bormaydi, ko‘zingni och! – deya baqirdi bu gal sabr kosasi to‘lgan Kozimjon. – Jilla qursa, ota-onamning ko‘ngliga qaramasang, bilganingni qil!
Ra’no shu ketganicha ota uyida uch oy o‘tirdi. Chindan ham bu gal ortidan hech kim kelmadi. Bu orada bolakay tez-tez kasallanib qolaverdi. Shifokorga olib borishsa, «Bolangiz soppa-sog‘» deyishar, biroq go‘dak tinmay g‘ashlanishini qo‘ymas, harorati ko‘tarilib ketaverardi. Bora-bora ovqat ham yemay qo‘ydi.
Buni eshitgan Kozimjon yugurib keldi. Biroq Ra’no qaysarlik bilan bolasini ko‘rsatmadi.
Kozimjon shu ketganicha qaytib kelmadi. Bolaning esa kundan-kunga ahvoli og‘irlashib borardi. Ra’no «Bolam shamollagan» deya shifokorlarga dori-darmon yozdirib, bir necha kun o‘zicha davolatdi. Baribir foydasi bo‘lmadi. Shunday kunlarning birida mahalladagi yoshi saksondan oshib qolgan Roziya momo hassasini do‘qillatib hovliga kirib keldi.
– Bolani ado qilayozibsan, juvon qurmag‘ur! – dedi Ra’noni koyib. – Bunaqada o‘g‘lingdan ayrilib qolasan!
Ra’no qo‘rqib ketdi. Momoga iltijoli boqdi:
– Nima qilaylik?..
– Tezroq otasi, buvi-bobosiga yetkaz! Ularga ichikkan bola! He bola boqqan seni!..
Buni eshitgan Ra’no onasiga javdirab boqdi. Shundoq ham xavotirda qiynalayotgan Hamida aya nabirasini quchoqlagancha qudasinikiga otlandi. Ra’no ham ortidan ergashdi.
Ko‘zlarini ochishga ham madori qolmagan go‘dak otasi va bobo-buvisini ko‘rib, sal jilmaygandek bo‘ldi. Biror soat o‘tmay otasi og‘ziga tutgan ovqatni yeyishga tushdi…
«Ikki yorti – bir butun» deganlari shu bo‘lsa kerak-da! Oilasi bag‘riga qaytdi-yu, go‘dakkina kundan-kunga quvvatga kirib, ishtaha bilan o‘zini ovqatga uradigan bo‘lib qoldi. Tabiatning bu sinoati oldida lol qolgan Ra’no shundan keyin arazlamay qo‘ydi…
Ikki holatdan o‘zingiz xulosa chiqaring, muhtaram o‘quvchi.
Nilufar NIYOZOVA
Manba: Huquq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi