Oxirgi paytlarda o‘zingizni harakatga keltirish qiyinlashganini, kunni boshlash uchun xohish qolmayotganini sezyapsizmi? Uyqudan uyg‘onish – sinov, kunlik vazifalarni ado etish – yukdek bo‘lib qolgan bo‘lsa, bu tasodif emas. Bu holat organizm ichki muvozanati buzilganining aniq belgisidir, deb xabar berdi zamin.uz.
Odatda, inson organizmi kunlik faoliyati uchun 2000-2500 kilokaloriya energiya sarflaydi. Bu energiya nafaqat jismoniy harakat, balki yurak urishi, nafas olish, hatto fikr yuritish uchun ham kerak. Agar organizm ushbu ehtiyojni qoplay olmasa, u o‘z zaxiralaridan – ya’ni mushak va yog‘ to‘qimalaridan foydalana boshlaydi. Natijada, kundan-kunga holsizlik, uyquchanlik, diqqat tarqoqligi, ruhiy tushkunlik va bosh og‘rig‘iga duch kelamiz.
Bunday holatning paydo bo‘lishiga ko‘plab omillar sababchi bo‘lishi mumkin:
1. Uyqu yetishmasligi va sifatsizligi.
Chuqur uyqu davomida organizm qayta tiklanadi. Agar tunda 6–8 soatlik to‘liq uyqu amalga oshmasa, ertalab energiyasiz uyg‘onish muqarrar.
2. Suv tanqisligi.
Organizmning 60–70 foizi suvdan iborat. Agar kerakli miqdorda suyuqlik qabul qilinmasa, hujayralar faoliyati izdan chiqadi, charchoq va bosh og‘rig‘i kabi belgilari paydo bo‘ladi.
3. Harakatsiz hayot tarzi.
Paradoksal tuyulsa-da, kam harakat qilgan inson ko‘proq charchoqni his etadi. Jismoniy faollik yetishmasligi qon aylanishini sustlashtiradi va miya yetarli ozuqa olmaydi.
4. Ruhiy zo‘riqish va stress.
Doimiy ruhiy bosim organizmni adrenalin ostida yashashga majbur qiladi. Boshida quvvat beradigan gormonlar vaqti o‘tishi bilan sizni horitadi.
Energiya tanqisligi qanday namoyon bo‘ladi?
Quyidagi belgilari kuzatilsa, diqqatli bo‘lish lozim:
doimiy holsizlik va uyquchanlik;
bosh og‘rig‘i, kayfiyat buzilishi;
diqqat susayishi, immunitetning zaiflashishi.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Agar quvvatsizlik:
bir haftadan ortiq davom etayotgan bo‘lsa;
yaxshi uyqudan keyin ham yo‘qolmasa;
hech qanday ruhiy yoki jismoniy faollikdan keyin ham barqaror bo‘lsa;
tanangizda og‘riqlar, soch to‘kilishi yoki vazn yo‘qotish kuzatilsa — terapevtga murojaat qiling.
Ushbu holat anemiya, qalqonsimon bez, yurak muammolari yoki metabolik sindrom kabi jiddiy xastaliklardan darak berishi mumkin.
Quvvatni tiklash uchun nima qilish kerak?
Uyqu va uyg‘onish vaqti barqaror bo‘lsin.
Ratsionga ko‘proq sabzavot, meva, oqsil va to‘yimli mahsulotlar kiriting.
Kamida 1,5–2 litr suv ichishni odat qiling.
Har kuni yetarli darajada harakat qiling – piyoda yurish, yengil mashqlar ham foydali.
Ruhiy dam olishga vaqt ajrating: tabiatga chiqish, musiqiy dam olish yoki meditatsiya qiling.
Xulosa:
Quvvatsizlik – bu shunchaki “uyqum kelayapti” degan bahona emas. Tanangiz sizni og‘riqsiz og‘axlantirayotgan jiddiy signalni yubormoqda. Uni eshiting, parvarishlang va o‘zingizga beqaror hayot uslubi o‘rniga, barqaror va sog‘lom tarzda yashashni ravo ko‘ring.