Psixologik izlanishlar sevgiga haddan tashqari berilib ketish va ijtimoiy tarmoqlarda sevgilisini kuzatishning salbiy oqibatlari borligini ko‘rsatmoqda. Yaqinda Italiyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shunga dalil bo‘ldi: bu holatlar xotira susayishi, diqqatni jamlay olmaslik, tashvish va hatto depressiyaga olib kelishi mumkin,deb yozmoqda Pravilamag.
Tadqiqot natijalari Behavioural Brain Research jurnalida e’lon qilindi. 2022 yil iyulidan 2023 yil mayigacha davom etgan izlanishda 600 nafar katta yoshdagi Italiya fuqarolari ishtirok etdi. Ularning 70 foizidan ziyodi ayollar edi.
Qatnashchilar anketa asosida o‘zlaridagi quyidagi holatlar to‘g‘risida ma’lumot berdilar:
-
Tashvish va iztirob darajasi,
-
Depressiyaga moyillik,
-
Xotira va diqqat darajasi,
-
Ruxiy barqarorlik,
-
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish xususiyatlari.
Olimlar quyidagi aniq bog‘lanishni qayd etdilar:
-
Sevgiga chuqur bog‘lanib qolgan shaxslarda diqqat susayishi tez-tez kuzatilgan.
-
Muhabbatga qattiq qaramlik tashvish va depressiya belgilarini kuchaytiradi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali sevgilisining sahifalarini muntazam kuzatib borish – rashk hissini oshiradi va miyada takrorlanuvchi fikrlarni yuzaga keltiradi. Bu esa ish qobiliyatini pasaytiradi va shaxsiy ruhiy holatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Zamonaviy O‘zbekiston jamiyatida ham ijtimoiy tarmoqlar keng tarqalgani bois, mazkur holat ko‘pchilikka taalluqli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida muhabbat munosabatlari va Instagram, Telegram, TikTok orqali joriy yaqinlarni kuzatish holatlari keng tarqalgan.
Bunday "stalking" (ya’ni odamni majburiy kuzatish) ruhiy barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin. Sevgilisining qaysi rasmiga kim "layk" bosgani, u qayerda yurgani kabi ma’lumotlarga doimiy e’tibor qaratish mehnat samaradorligi, xotira va ta’lim jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Psixologlar quyidagilarni tavsiya qilishadi:
-
Muhabbat munosabatlarida me’yorni saqlash va shaxsiy hududga hurmat bilan yondashish.
-
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtiga cheklov qo‘yish.
-
Shaxsiy ehtiyojlar, manfaatlar va ruhiy barqarorlikka e’tibor qaratish.
-
Zarur hollarda mutaxassis yordamiga murojaat qilish.