Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo aholining uchdan bir qismi yod tanqis tabiiy zonalarda yashaydi. Eng xavotirli jihati shundaki, bu hududlarda yashayotganlarning 30 foizidan ortig‘i — maktab yoshidagi bolalardir.
Yod yetishmovchiligi inson salomatligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Ayniqsa, tug‘ma kasalliklarning ko‘payishi, bolalarda intellektual rivojlanishning sustlashuvi, homilalarda esa miya faoliyatining buzilishi ehtimoli ortadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni vaqtda O‘zbekistonda ham yod tanqisligi tobora kengayib borayotgan muammo sifatida qayd etilmoqda. Ayniqsa, ona va bolalar salomatligi uchun bu holat xavfli sanaladi.
Yodlangan tuzni xarid qilayotganda qadoqlanishdagi ma’lumotlarga e’tibor qaratish zarur: ishlab chiqaruvchi nomi, mahsulot navi, yodlash darajasi, ishlab chiqarilgan sana va amal qilish muddati, saqlash sharoitlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Tuz 28°C dan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlanishi kerak.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yodlangan tuzdan kuniga 5 gramm — ya’ni bir choy qoshiqdan ortiq iste’mol qilmaslikni tavsiya qiladi. Bu me’yorga amal qilish organizmning normal ishlashi uchun zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!