Turkiya Respublikasi – Osiyoning g‘arbiy qismida va bir qismi Yevropaning Janubiy qismida joylashgan. Sharq va g‘arbni bir-biriga bog‘lovchi ko‘prik sanalgan ushbu davlat ta’lim tizimi Yevropa standartlariga mos keladi. O‘qish uchun to‘lov narxining arzonligi, yoqimli iqlim va boy madaniyat uning jozibasini yanada oshiradi. Turkiyada o‘qish uchun nima qilish kerak? Qanday grantlar bor? O‘qishga borgan talaba ham o‘qib, ham ishlashi mumkinmi?
Bu haqda Kun.uz`ga Turkiyaning Karabuk universitetida tahsil olayotgan Sarvinoz Omonova batafsil so‘zlab berdi.
Sarvinoz Omonova 1996 yilning 17 fevralida Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida tug‘ilgan. U 24 yoshda. Turkiyadagi Karabuk universitetining sotsiologiya yo‘nalishida tahsil oladi. Rus va ingliz tillarini biladi.
Turkiyaga kelishim haqida
Bolaligimda ko‘p sohalarga qiziqardim, litseyni bitirgunimcha fikrim juda ko‘p o‘zgargan. Tasviriy san’at, dizayn, adabiyot, jurnalistika... Axiyri psixologiyada to‘xtaldim. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetiga hujjatlarimni topshirdim. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindim. Nega Toshkent? Poytaxt imkoniyatlar shahri edi, ham ijodiy yuksalish, ham fan bilan shug‘ullanish uchun. Ammo bir yil o‘tib, ko‘p talabalarning o‘qishi boshqa-boshqa viloyatlarga ko‘chirildi. Samarqand davlat universitetida o‘qishni tanladim. Keyingi uch yil shu yerda o‘qidim. Bakalavriatda olgan bilimlarim qoniqtirmadi. Magistraturani chet elda o‘qishni xohlardim. Turkiya eng ma’qul tanlov edi.
Har bir odamning borishni orzu qilgan, ko‘ngliga yaqin mamlakati bo‘ladi. Masalan, Amerikaga borishni umuman orzu qilmaganman, Yevropaga esa qiziqishim bor, ammo orzu darajadasidamas. Turkiyaga kelishni esa doim niyat qilganman. Turk tilini 4-5 yil oldin o‘rganishni boshladim. Kelganimda foydalanish ikkinchi darajali sabab edi, asosan, bu til juda yoqqani uchun o‘rgandim. Dengiz, go‘zal manzaralar, o‘ziga xos arxitektura – tasviriy san’atga oshufta odamni bular ham jalb qilishi tayin.
O‘tgan yili bakalavriatni tugatgach, magistraturada o‘qish uchun Turkiyaning Karabuk universitetiga hujjatlarimni onlayn topshirdim. Universitet ayni vaqtda dunyoning eng yaxshi universitetlari mingtaligiga kiradi. Psixologiya bo‘yicha magistratura dasturi yo‘qligi uchun unga yaqin sotsiologiya yo‘nalishini tanladim. Hech qanday imtihon bo‘lgani yo‘q. Diplom baholarimning yuqoriligi va xorijiy tillarni bilishimga qarab shartnoma asosida qabul qilishdi. Hozir 1-kursda o‘qiyapman.
Ilk taassurotlar
Istanbul aeroportidan chiqqach, birinchi navbatda orzuimni amalga oshirganimdan xursand bo‘ldim. Tasavvurim torlik qilgani ilk bor o‘zimga yoqardi: chunki o‘ylaganimdan-da chiroyli joylar ekan. Infratuzilmaning yaxshi rivojlangani, har qadamda aholi va turistlar uchun yaratilgan qulayliklar e’tiborimni tortdi. Ham Osiyo, ham Yevropa nafasi bor. Arxitekturasida, odamlarida, har yerda. Xilma-xillikning go‘zal uyg‘unligidan hayratda qoldim.
Turkiya – yashash uchun qulay mamlakat. To‘g‘ri turmush tarzi kechiradigan kishiga hech qanday xavf-xatar yo‘q. Ko‘pchilik ba’zi stereotiplari tufayli Turkiyada o‘qish fikridan meni qaytarmoqchi bo‘lgan. Hozir ularning qo‘rquv va xavotirlari asossiz ekanini ko‘rib turibman.
Istanbul go‘zal bo‘lsa-da, juda shovqinli, yuqori templi shahar. Ammo ishlash va o‘qish uchun tinch shaharlar ham bor. Eng muhimi, qayerga bormang, rivojlanishdan ortda qolib ketmagan joy ekaniga guvoh bo‘lasiz. Xizmat ko‘rsatish sohalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Turk xalqi xushmuomala, mehmondo‘st va bag‘rikeng. Yordam berishga doim shay. Ularning yordamsevarligiga qoyil qoldim. Hayvonlarga munosabatini-ku, hamma bilsa kerak: mushuk va itlarga ozor beradigan odamni ko‘rmaysiz, bu jonivorlarning bemalolligiga ba’zan havas ham qilasiz.
O‘qishni “muzlatib” qo‘yish mumkin
Turkiyaning ta’lim tizimi anchayin rivojlangan. Turk va ingliz tillaridagi dasturlar bor. Asosan to‘lov-shartnoma asosida o‘qish mumkin. Biroq o‘qish davrida grant yutib olib, xarajatlaringizni qoplay olasiz. Xilma-xil grantlar mavjud. Kontrakt narxlari universitet nufuzi, joylashgan yeri, ta’lim yo‘nalishiga qarab farqlanadi. Men o‘qiyotgan universitetda o‘rtahol o‘zbek oilasining farzandi qiynalmay, kontrakt to‘lab o‘qishi mumkin.
Talabalar turar joylari ko‘p. Davlatga tegishlilari ham, xususiylari ham bor. Joy topish muammo emas. Ko‘pchiligi ikki yoki uch mahal ovqat ham beradi. Istaganlar ijaraga uy topib, yashashi ham mumkin.
Oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklarning narxlari O‘zbekistondagidan uncha farq qilmaydi. Bu borada talabalar qiynalmaydi.
Talabalarga yaratilgan yana bir qulaylik haqida gapirib o‘tmasam bo‘lmaydi. Universitetlarga yiliga ikki marta qabul ochiladi: yozda va qishda. Universitetga qabul qilingach, ma’lum bir sabablarga ko‘ra o‘qishga bora olmasangiz yoki kontrakt to‘lashga imkoningiz bo‘lmasa, o‘qishingizni “muzlatib” qo‘yishingiz mumkin. Keyingi semestrdan boshlay olasiz. Keyingi kurslarda ham shunday qilish mumkin.
Universitetda o‘qish osonmi?
Talabalarga maksimal darajada qulayliklar yaratilgan. Ayniqsa magistratura talabalariga. Haftada bir kun o‘qishga boraman. Tanlagan fanlarimdan darslarning hammasi bir kunda bo‘lar ekan. Boshqa talabalar ikki kun borishi ham mumkin. Oilali, ishli yoki boshqa shaharda yashovchi talabalar uchun bu juda qulay. Haftaning bir kunini universitetda o‘tkazsam, qolgan kunlari xonamda masofaviy ishlayman, sevimli mashg‘ulotlarim bilan shug‘ullanaman, kutubxonaga boraman.
Universitet kutubxonasi haftada yetti kun ishlaydi, dam olish kunlari barvaqtroq yopiladi, boshqa kunlarda soat 22.00 gacha ochiq bo‘ladi. Imtihonlar vaqtida esa 24 soat. Fanga sho‘ng‘ishni istagan talaba uchun yaxshi joy.
Turkiyaga o‘qishga borish uchun nima qilish kerak?
Turkiyada o‘qishning ikki ko‘rinishi bor. Birinchisi – har yili bo‘ladigan “Türkiye Bursları” grantlar dasturiga onlayn hujjat topshirish. Dastur bakalavriat, magistratura, doktoranturada o‘qish imkonini beradi. Bepul turar-joy, sug‘urta, bir martalik borib-kelish chiptasi, stipendiya taqdim etiladi. Nomzodning diplom baholari, niyat maktubi (motivatsion xat), sertifikatlar va yana bir qancha ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. Ammo dasturga dunyo bo‘ylab bir necha yuz ming talaba topshirgani uchun yutish imkoniyati kam.
Ikkinchi yo‘l – kontrakt asosida o‘qish. Universitetlarda hujjat qabul qilish va imtihon vaqtlari turlicha. Har birining rasmiy sayti orqali kuzatib borish kerak. Hujjatlar asosan onlayn qabul qilinadi.
Turkiyadagi davlat universitetlarining bakalavriat bosqichiga kirish uchun YÖS (Yabancı Uyruklu Öğrenci Sınavı) imtihoni topshiriladi. U matematika va mantiq bo‘yicha 100ta savoldan iborat. Imtihonda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 100. Abituriyent qancha ko‘p ball to‘plasa, obro‘li fakultetlarga kirish imkoni shuncha ortadi. Imtihon asosan aprel-may oylarida bo‘lib o‘tadi.
Hozir O‘zbekistonda ham Turkiya universitetlarining ba’zilari YÖS sinovlarini tashkillashtirmoqda. Xabardor bo‘lish uchun yangiliklarni, Turkiyadagi ta’limga oid internet sahifalarini kuzatib borish kerak. Turk tilini bilsangiz va belgilangan amallarni bajara olsangiz, o‘zingiz mustaqil o‘qishga kirishingiz mumkin. Yo‘qsa, ba’zi firmalarga murojaat qilib, yordam olsa ham bo‘ladi. Ammo ularning xizmat sifati, halolligi va narxlari haqida bir nima deya olmayman.
Ta’lim tizimining farqli tomonlari
Bu yerda ham talabalar, ham o‘qituvchilar uchun juda qulay ta’lim tizimi yaratilgan. Talabalarning kiyinishi, ko‘rinishi borasida hech qanday qoida yo‘q. Har qanday ish universitet sayti orqali olib boriladi. Talabalar (ko‘p bo‘lmagan) bir necha majburiy fandan tashqari taqdim etilgan fanlardan o‘ziga maqbullarini tanlab oladi. Dars jadvali, imtihonlar kuni, talabaning o‘qishi bilan bog‘liq barcha masalalarni saytdagi o‘z sahifasidan ko‘rib olishi mumkin.
Fan o‘qituvchilari talabalarga semestr davomida ma’lum bir miqdorgacha sababsiz darsga kelmaslik imkonini beradi. Masalan, men tanlagan bir fandan 4 tagacha dars qoldirishim mumkin. Bundan oshib ketsa, to‘playdigan ballga ta’sir qiladi.
Ham o‘qib, ham ishlash imkoni bormi?
O‘qishga kelishdan oldin xabardor.uz saytida jurnalist sifatida ish boshlagan edim. Hozir ham masofadan ishlashni davom ettiryapman. Bundan tashqari, daryo.uz saytida ham kolumnist sifatida psixologik tahliliy maqolalar berib boryapman.
Bu yerdagi talabalarning ishlashiga ko‘p hollarda ruxsat berilmaydi. Ammo shunga qaramay, ofitsiantlik, sotuvchilik va shu kabi ishlar bilan shug‘ullanadigan talabalar bor.
Masofadan turib, o‘zbek saytlarida ishlash imkoniga egaligim uchun xursandman. O‘zimga yoqqan faoliyat bilan shug‘ullanyapman. Hamma xarajatlarim uchun o‘zim pul ishlab topyapman.
Turk tilini yaxshi bilmasligim o‘qishni boshlashimga xalal bermadi
Darslar turk tilida olib boriladigan magistratura dasturiga topshirmoqchi bo‘lsangiz, turk tilini yaxshi bilmasligingiz yoki umuman bilmasligingizdan xavotir olmang. Turk tilida fikrimni bemalol ifodalash darajasida so‘zlay olmasam-da, bu o‘qishni boshlashim uchun xalal bermadi. Bir yil ichida turk tilini B2 yoki C1 darajada bilishimni tasdiqlovchi sertifikatni universitetga topshirsam yetarli. Chet ellik talabalarni o‘qituvchilar “ayaydi”, osonroq topshiriqlar beradi. Arab tilli talaba darsni tushunmaganida o‘qituvchi tanaffus vaqtida mavzuni unga arab tilida qisqacha tushuntirib berganiga ham guvoh bo‘ldim. O‘qituvchining ham ko‘p til bilishi, ham bag‘rikengligidan to‘lqinlanib ketdim.
Musofirlik – ruhiyat uchun yaxshigina sinov
Musofirlik – inson hayotida yuz berishi mumkin bo‘lgan juda foydali tajriba. Ruhiyat uchun yaxshigina sinov. Begona mamlakatga kelganda aqlni maksimal darajada ishlatishga, doim sergak bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Chunki odatiy muhitdan yiroq bo‘ladi odam. Biror ishi o‘xshamasa, yordamga yetib keladigan yaqinlari yo‘q. Tom ma’noda ulg‘ayish yuz beradi.
Xorijiy davlat qanchalik qulay, rivojlangan, “jannatmakon” tuyulmasin, “madaniy shok” holatini his qilishingizga to‘g‘ri keladi. Bir oylik eyforiyadan keyin begona muhitning noqulayliklari, yangi jihatlari yoqmay qoladi. O‘z mamlakatingiz, oilangiz, yaqinlaringiz, do‘stlaringizni sog‘inasiz, o‘rgangan ta’mlaringiz (milliy taomlar)ni qo‘msaysiz. Mana shu davrda juda ko‘p narsalar haqida fikrlaysiz, turli hislarni boshdan kechirasiz.
Tushkunlikning yangi ko‘rinishini yengib o‘tsangiz, yanada kuchli insonga aylanganingizni his qilasiz. O‘ylashimcha, har bir inson buni boshidan kechirishi lozim. “Vatanimni sevaman, shu yerda qolaman” degan balandparvoz bahonalar bilan xorijda yashab ko‘rish qo‘rquvidan qochmasligi kerak. Albatta, rivojlanishni, dunyoqarashini kengaytirishni istaydigan odam bo‘lsangiz.
Koronavirus tufayli internet va televizor orqali masofaviy ta’lim Turkiyada ilk marta amalga oshirilyapti
Turkiyada ilk bor koronavirus yuqtirish holati ma’lum bo‘lgach, zudlik bilan kasallik tarqalmasligi chora-tadbirlari ko‘rila boshladi. Universitetlarning talabalariga 16 martdan e’tiboran uch haftalik ta’til berildi. Ko‘pchilik talabalar uyiga ketish taraddudiga tushdi. Odatda avtobuslarga internet orqali chipta sotib olishadi.
Ammo ta’til haqidagi xabar chiqishi bilan internet orqali chipta sotuvi to‘xtatildi. Talabalar chipta sotib olish uchun avtobus bekatlariga shoshildi. Natijada yuzlab odamlarning bir joyga to‘planishi holatlari kuzatildi. “Bu ta’til emas, virus tarqalmasligi uchun himoya chorasi edi. Kasallikning oldini olish o‘rniga uning tarqalishiga imkon yaratyapmiz. Italiyada ham virus shunday tarqalgandi”, - deb yozmoqda ba’zi internet foydalanuvchilari.
Maktab va litseylar uchun bir haftalik ta’til e’lon qilindi. Bu vaqtda internet va televizor orqali masofaviy ta’lim berilar ekan. Bu Turkiyada ilk bor amalga oshirilayotgan tajriba. Hozircha hamma hayron. Darslar qanday o‘tiladi? Ota-onasi ishda bo‘lgan bolalar masofaviy darsga ulanish va bilim olishni mustaqil eplay oladimi? Uyida kompyuteri bo‘lmaganlar nima qiladi? Bu kabi savollar ko‘p.
Turkiyada turizm ortidan kun kechiradigan juda ko‘p bizneslarga ziyon yetmoqda. Ammo hukumat ularni himoya qilish choralarini amalga oshirsa kerak.
Rejalarim haqida
Magistraturani bitirgach, nima ish bilan shug‘ullanishim haqida aniq qarorga kelmadim. Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda, qiziqishlarim ham ko‘p. Ayni vaqtda telegramda psixologiyaga doir “Freydning chevarasi” (https://t.me/sarvinoz_omonova) nomli blogni yurityapman. Yaqin oylar uchun asosiy rejam – blogni rivojlantirish va psixologiyaga oid barcha uchun dolzarb mavzularda ilmiy-ommabop maqolalar berib boruvchi sayt ochish.
Boshida o‘zim maqolalar yozib, zabardast psixologlarning asarlaridan tarjimalar berib bormoqchiman. Hozir boshlab yuborganman. Keyinchalik tarjimonlar va mutaxassislar bilan bu ishni yanada rivojlantirish niyatidaman. O‘zbekzabon o‘quvchilarning ilmiy-psixologik asarlarga chanqog‘i kuchli. Jahonning buyuk psixologlari 50 yil oldin yozgan kitoblar hali-hamon o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Jamiyatning psixologlar, psixologiyaga ehtiyoji kuchayib borayotgan davrda bu rejamni amalga oshirish juda zarur.
Qaysi sohada faoliyat yuritmay, eng asosiy maqsadim odamlarga ziyo ulashish bo‘lib qolaveradi.
Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi