date

Germaniyada rossiya xavfidan keyin “uy-bunker”lar sotuvga chiqdi

Germaniyada rossiya xavfidan keyin “uy-bunker”lar sotuvga chiqdi

Yevropada geosiyosiy taranglik kuchayib borayotgan bir paytda, Germaniya aholisi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yangi yechim izlamoqda. Mamlakatda oxirgi oylarda shaxsiy boshpanalar, ya’ni uy sharoitida foydalanishga mo‘ljallangan mini-bunkerlarga bo‘lgan talab keskin oshdi. Bu haqda BILD nashri ma’lum qildi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, rossiyalik harbiylar yoki dronlar tomonidan ehtimoliy provokatsiyalar haqidagi xavotirlar nemis fuqarolari ongida real qo‘rquvga aylandi. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilar xavfsizlikni ta’minlovchi yangi turdagi maishiy qurilmalarni taklif eta boshladi.

Bunday mahsulotlar orasida birinchi bo‘lib BSSD Defence kompaniyasi ishlab chiqqan “uy bunkeri” prototipi sotuvga chiqdi. Bu himoya moduli 16 kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, devorlari 20 santimetr qalinlikdagi temir-betondan tayyorlangan.

Loyihani yaratgan muhandislar uni haftaning yetti kuni davomida avtonom yashash imkonini beruvchi mini-uy sifatida tasvirlashmoqda. Uning ichida to‘rtta yig‘ma karavot, dush, hojatxona, mini-oshxona va deraza vazifasini bajaruvchi ekran mavjud. Yorug‘lik tizimi inson kayfiyatiga mos ravishda rang va yorqinlikni o‘zgartirishi mumkin.

BSSD Defence rahbari Mario Paydening ta’kidlashicha, mazkur boshpana dronlar, minomyot snaryadlari va hatto 107 millimetrli raketa zarbalariga ham bardosh bera oladi. Agar u yer ostida bir necha metr chuqurlikda o‘rnatilsa, yadroviy portlashning ta’sirini ham 20 kilometr radiusda so‘ndirish imkoni bor.

“Biz istaymizki, odamlar bunkerni qo‘rqinchli beton quti deb emas, balki zamonaviy himoya vositasi, xotirjamlik ramzi sifatida qabul qilishsin”, — deydi Payde.

“Uy-bunker”ning narxi bazaviy tuzilishida 50 ming yevrodan boshlanadi, to‘liq jihozlangan versiyasi esa 150 ming yevroga yetadi. Har bir bunkerni tayyorlash uchun taxminan 70 ish kuni talab etiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish Germaniyaning turli shaharlarida tez sur’at bilan o‘smoqda. Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu modellarni nafaqat xususiy uylar uchun, balki korxona, maktab va kichik shaharchalarda ham joriy etishni rejalashtirmoqda.

Iqtisodchilar fikricha, “uy-bunker” tendensiyasi Yevropa xavfsizlik siyosatida yangi bosqichni anglatadi. Fuqarolar hozir nafaqat barqaror elektr yoki internet haqida, balki jismoniy himoya haqida ham o‘ylay boshlashgan.

Bunday yondashuv, ayniqsa, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan bir paytda, Yevropa jamiyatida xavfsizlik madaniyatining yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada rossiya xavfidan keyin “uy-bunker”lar sotuvga chiqdi