date

O‘zbekiston aholisi 9 oyda banklarga 15 milliard dollar sotdi

O‘zbekiston aholisi 9 oyda banklarga 15 milliard dollar sotdi

O‘zbekistonda aholi tomonidan amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalari hajmi keskin o‘sdi. Markaziy bankning yangi hisobotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida jismoniy shaxslar tijorat banklariga 15,2 milliard AQSH dollari miqdorida valyuta sotgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,3 baravar ko‘p.

Markaziy bank tahlillarida ta’kidlanishicha, aholining xorijiy valyuta sotib olish faolligi ham o‘sgan. Ya’ni, o‘tgan to‘qqiz oyda fuqarolar banklar orqali 8,5 milliard dollarlik xorijiy pul xarid qilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 23 foizga yuqori hisoblanadi.

Talab va taklif o‘rtasidagi farq, ya’ni aholi sotgan va sotib olgan valyutalar o‘rtasidagi tafovut 6,7 milliard dollarni tashkil etgan. Bu raqam o‘tgan yildagidan 1,4 baravar ko‘p.

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘sishning asosiy sababi xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmining ortishi bilan bog‘liq. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga 13,9 milliard dollar miqdorida mablag‘ kirib kelgan — bu 2024-yilga nisbatan 24 foizga ko‘pdir.

Ekspertlar fikricha, chet eldan yuborilayotgan pullar aholining bank orqali valyuta sotish faolligida asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu holat ichki valyuta bozorida dollar taklifining ko‘payishiga va so‘m barqarorligining oshishiga hissa qo‘shgan.

Shuningdek, Markaziy bankning tahlil natijalariga ko‘ra, 2025-yil boshidan beri dollarning so‘mga nisbatan almashuv kursi 6,4 foizga mustahkamlangan. Biroq ayni paytda kurs tebranuvchanligi ham ikki barobarga oshgani qayd etilgan.

Moliya sohasi mutaxassislari bu holatni bir nechta omillar bilan izohlamoqda. Ular qatorida eksport hajmining o‘sishi, xorijiy investitsiyalar oqimining ko‘payishi, xalqaro kreditlar va pul o‘tkazmalari orqali kirib kelayotgan valyutalar hajmining kengayishi, shuningdek, import hajmining muvozanatda saqlanishi kabi jihatlar bor.

Iqtisodchilar ta’kidlashicha, ichki valyuta bozoridagi bu ijobiy tendensiyalar milliy valyuta barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Moliya institutlari fikricha, valyuta taklifining ortishi inflyatsiya bosimini pasaytirishga va aholi ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Markaziy bank esa kelgusida ham valyuta bozorini barqarorlashtirish, moliyaviy oqimlar shaffofligini ta’minlash va jismoniy shaxslar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston aholisi 9 oyda banklarga 15 milliard dollar sotdi