
Madridning “Real” klubi futbolchilari “Barselona” yosh vingeri Lamin Yamalning so‘zlaridan norozi bo‘lishdi. 18 yoshli futbolchi “El-Klasiko” oldidan bergan suhbatida raqib haqida shunday degandi:
“Real o‘g‘irlaydi, keyin esa shikoyat qiladi. Ular har doim shunday qilishadi”.
Bu bayonot Ispaniya futbol jamoatchiligida katta shov-shuv keltirdi. Madrid nashri Mundo Deportivo yozishicha, “qaymoqranglilar” sardori Dani Karvaxal Yamalning gaplarini shaxsan so‘rab aniqlash niyatida. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bu masalada Ispaniya milliy jamoasi yig‘inida yosh futbolchi bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazmoqchi.
Karvaxalning fikricha, “El-Klasiko” oldidan shunday bayonotlar berish sportchiga to‘g‘ri kelmaydi. “Real” futbolchilari ham bu so‘zlarni hurmatsizlik sifatida qabul qilishgan va yosh hujumchidan izoh kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Barselona” hujumchisi bu gaplarni mashhur strimer Ibai Lyanos bilan intervyu vaqtida aytgan edi. Uning sho‘xona uslubdagi gapi, aslida, hakamlar yordami bilan “Real”ning ba’zi g‘alabalarga erishishi haqidagi xalq orasidagi fikrni kulgu bilan ifoda etgan edi.
Biroq “Barselona” media xizmati ham Yamalga ehtiyot bo‘lishni tavsiya etdi. Jurnalist Jerar Romero intervyu davomida yosh futbolchini “Tinchlan, bu so‘zlar uchun jarimaga tortilganlar bo‘lgan” deb ogohlantirdi.
“Real” va “Barselona” o‘rtasidagi navbatdagi to‘qnashuv 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ispaniya La Ligasining 10-turiga to‘g‘ri keluvchi bu bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:15 da start oladi.
Kutilmoqdaki, “Santyago Bernabeu”dagi bu “El-Klasiko” nafaqat maydondagi to‘qnashuv, balki so‘zlar maydonidagi keskinlik bilan ham tarixda qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!