
Oq uyning Rossiyaga nisbatan siyosiy yo‘nalishi keskin o‘zgarish arafasida. Bloomberg nashri yozishicha, bu o‘zgarishning bosh sababi — davlat kotibi Marko Rubio bo‘ldi. Uning qat’iy pozitsiyasi va Moskva bilan muloqotdan keyingi xulosalari Vashingtonning yangi yo‘nalishini belgilab bergan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Rubio Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qilgan va Kreml tinchlik muzokaralarini yana cho‘zishga urinayotganini anglab yetgan. Shu sababdan u rejalashtirilgan yuzma-yuz uchrashuvdan voz kechgan va prezident Donald Trampga Rossiyaga nisbatan qattiq choralar ko‘rishni tavsiya etgan.
Tramp esa bu tavsiyani qo‘llab-quvvatladi. U Budapeshtda Vladimir Putin bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan sammitni bekor qildi va ikkinchi prezidentlik davridagi ilk sanksiyalarni joriy etdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «bunday choralar ko‘rish vaqti kelgan edi».
«Har safar Vladimir bilan muloqot qilganimda, go‘yo yaxshi gaplashamiz, ammo bu suhbatlar hech narsaga olib kelmaydi», — dedi Tramp jurnalistlar oldida.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Amerika tomoniga Ukraina bo‘yicha tinchlik shartlari loyihasini taqdim etgan, ammo bu hujjat asosan Moskvaning mavjud pozitsiyalarini takrorlagan. Unda Rossiya tomoni Ukraina hududlaridan yanada ko‘proq yerni talab qilgan, bu esa AQSH ma’muriyatida qattiq norozilik keltirgan.
Moskva Putin va Tramp o‘rtasidagi so‘nggi qo‘ng‘iroqdan keyin Vashington Donbassning bir qismini Rossiyaga berishga rozi bo‘ldi, deb o‘ylagan. Biroq Tramp Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin o‘z pozitsiyasini aniq ifodaladi — u faqat hozirgi front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori ekanini bildirdi. Bu taklifni Kreml Alyaska sammiti arafasida rad etgandi.
Shu bilan birga, Marko Rubio Moskva bilan diplomatik eshiklarni butunlay yopmadi. U o‘z chiqishida AQSH tinchlik imkoniyati bo‘lsa, hamkorlikka hamisha ochiq ekanini ta’kidladi. “Prezident bir necha oydan buyon agar tinchlik bo‘lmasa, chora ko‘rishga to‘g‘ri kelishi haqida gapirardi. Bugun u shunday qildi”, — dedi Rubio.
22-oktyabr kuni AQSH ma’muriyati Rossiyaning yirik neft kompaniyalariga qarshi sanksiyalarni amalga oshirdi. “Rosneft” va “Lukoyl” qora ro‘yxatga kiritildi.
Mutaxassislar fikricha, bu Vashingtonning Moskvaga nisbatan siyosiy bosimi kuchayishining boshlanishi bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!