O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh va shamol stansiyalari orqali ishlab chiqarilayotgan elektr hajmi jadal o‘sishda. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon mamlakatdagi “yashil energiya” obyektlari jami 14,5 milliard kilovatt-soat (kWh) elektr energiyasini ishlab chiqargan. Bu mamlakatdagi umumiy generatsiyaning taxminan 23 foizini tashkil etmoqda.
Ayni damda, faqat quyosh va shamol stansiyalari hisobiga 9 milliard kWh energiya ishlab chiqarilgan. Bu raqam nafaqat yangi rekord sifatida qayd etildi, balki mamlakatning energetika tizimida tabiiy gazdan voz kechish sari qadam tashlanayotganini ham ko‘rsatadi.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab quvvati 4 682 megavattga teng 12 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Ular asosan Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida joylashgan bo‘lib, har biri respublika energetika tizimiga barqaror tok yetkazib bermoqda.
“Yashil energiya” hisobiga bu yilning o‘zida 2,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaldi, shuningdek, atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 4 million tonna zararli modda chiqarilishi oldi olindi, deyiladi vazirlik bayonotida. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki ekologik barqarorlik nuqtayi nazaridan ham muhim qadam hisoblanadi.
Quyosh va shamol energiyasi hisobiga ishlab chiqarilgan umumiy hajm mamlakatdagi 7,5 million xonadonning 10 oylik elektr ehtiyoji yoki taxminan 6 million xonadonning to‘liq bir yillik talabini qoplashga teng ekanligi ta’kidlanmoqda.
Eng qizig‘i, faqat bir oy oldin, ya’ni 23-sentyabrda ushbu ko‘rsatkich 8 milliard kWh atrofida bo‘lgan. Ya’ni, bir oy ichida mamlakat “yashil energiya” ishlab chiqarishda 1 milliard kWhdan ortiq o‘sishga erishgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu o‘sish tendensiyasi 2026-yilda yanada jadallashishi kutilmoqda. Sababi — bu davrda Yangi Zarafshon, Navoiy va Buxoroda qo‘shimcha quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Energetika sohasi tahlilchilariga ko‘ra, “yashil energiya” ulushining 23 foizga yetishi O‘zbekiston uchun tarixiy ko‘rsatkichdir. Bu raqam mamlakatning 2030-yilga qadar “yashil energiya” ulushini 40 foizga yetkazish maqsadiga yaqinlashib kelayotganidan darak beradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning ilk yarmida ham quyosh fotoelektr stansiyalari orqali energiya ishlab chiqarish 2024-yilga nisbatan qariyb ikki baravarga o‘sgan edi. Shu bilan birga, shamol energiyasi ulushi ham mamlakat umumiy generatsiya tizimida sezilarli darajada ko‘paydi.
Shunday qilib, “yashil energiya” sektori nafaqat tabiatni asrash, balki mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashda ham muhim omilga aylanmoqda. Tahlilchilar fikricha, bu yo‘nalishdagi barqaror qadamlar yaqin yillarda O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning “yashil energiya markazi”ga aylantirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!