So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda, ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilikni xavotirga solayotgan narsa AQSh dollarining kursi bo‘lib qoldi. Rasmiy kurs haftasiga 50 so‘m o‘sayotgan bo‘lsa, qora bozordagi vaziyatni umuman tushunib bo‘lmayapti. Bugunga kelib o‘sha mashhur saytga ishonadigan bo‘lsak, 1 AQSh dollarining sotish kursi 7750 so‘mga chiqdi. Bu kurs nimaga asoslangan, nima uchun kurs oshdi, biroz tushunishga harakat qilib ko‘ramiz.
Bizga dollar nima uchun kerak?
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi 33 millionga etay deb qoldi. 33 millionlik aholining ehtiyojini milliy mahsulot bilan to‘liq qoplash imkonsiz. Demak, xohlaymizmi yoki yo‘qmi, chetdan tovar yoki xizmatlarni import qilishga majburmiz. Qo‘limizdagi telefon, ustimizdagi kiyimimiz, hatto ichib turgan ko‘k choyimizu kofemiz, sog‘lig‘imiz uchun kerakli dori-darmon, hamma-hammasi ichki bozorga import qilinadi. Biz tovarlarni importi uchun dollarga yoki xalqaro boshqa biror bir valyutaga muhtojmiz.
Dollarni qayerdan olamiz?
Dollar yoki boshqa valyutani ma’lum bir tovar yoki xizmatni xalqaro bozorga sotib, ya’ni eksport orqali olamiz. Biz turli xil xizmatlarni, tovarlarni eksport qilib, mamlakat bozoriga import uchun muhim bo‘lgan dollarni olib kelamiz, yani tovar evaziga sotib olamiz. Hammasi juda oson, qancha ko‘p eksport qilib, chetdan dollar olib kirsak, import qilinayotgan tovarga nisbatan dollar hajmi ko‘paysa, dollarning kursi tushib, milliy valyutaning qadri oshadi. Aksincha, qancha kam eksport qilsak, ichki bozorda dollar kamaysa-yu, mamlakatda import hajmi eksportga nisbatan ko‘p bo‘lsa, milliy valyuta qadrsizlanib dollarning kursi ko‘tariladi. Yuqoridagi savolga javob bersam, bozordagi real valyutani avvalo ishchi kuchini boshqa mamlakatlarga (asosan Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya) eksportidan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti va turizm ya’ni xizmat ko‘rsatish orqali olamiz.
Hozirgi kunda dollarning kursi nimaga oshib ketyapti?
Davlat kursining oshib borishi bu hukumatning valyuta oldi-sotdisini liberallashtirish uchun harakatlari natijasi bo‘lishi mumkin. 25 yil davomida bizda valyuta kursini ushlab turishga harakat qilindi, valyutaning kursi real bozor sharoitlaridan, ya’ni talab va taklifdan emas, aksincha yopiq tizimlar asosida shakllandi va qora bozorning rivojlanib ketishiga ham ushbu yopiqlik sabab bo‘ldi. Yangi hukumat o‘z dasturida bosqichma-bosqich valyuta ayirboshlashni liberallashtirishni belgilab oldi, unda valyutaning kursi bozor mehanizmlaridan kelib chiqib belgilanishi haqida aytib o‘tilgan. Bu o‘z navbatida davlat kursi talab va taklifdan kelib chiqishi va yaqin kelajakda real kursga yaqin olib kelinishi uchun oshib borishi tabiiy. Albatta, globalizm davrida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun valyuta ayirboshlashni erkinlashtirish juda muhim.
Qora bozor haqida bo‘lsa, quyidagicha fikr yuritishimiz mumkin. Asosiy sabab bu talabga nisbatan taklifning kamayib ketishi, ya’ni bozorga etarlicha valyuta sotuvga chiqmayapti. Umra ziyoratiga ketayotgan, mavsum oldidan Rossiya, Qozog‘istonga yo‘l olayotgan hamyurtlarimizga, shuningdek tovarlar importi uchun valyutaga ehtiyoj bor, lekin bozorda etarli valyuta chiqmayapti va bu dollarning kursining oshishiga sabab bo‘lyapti.
Ikkinchi tomondan, pensiyalarning to‘liq, oylik-maoshlarning qisman so‘mda berilishi, Markaziy bank tomonidan o‘n ming so‘mlik kupyuraning muomalaga kiritilishi bozorda dollarga nisbatan naqd so‘mning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda va bu so‘mning inflyasiyasiga olib kelmoqda.
Yana boshqa bir sabab qilib, qora bozorning orqasida turgan qora kuchlarni rasmiy kurs erkinlashishini xohlamasligi va shuning uchun qasddan kursni oshirayotganligini taxmin qilish mumkin. Bu shunchaki taxmin va bu haqida hech qanaqa ma’lumot ayta olmayman, albatta.
Xo‘sh, dollar kursining oshganini nimasi yomon?
Bu so‘mda barcha import va import bilan bog‘liq tovarlarning narxining oshishiga, shu bilan aholining xarid qobiliyatining tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Shu uchun ham bozorlarda, savdo markazlarida borcha import tovarlarining narxi kursga qarab oshib boradi. Bu narsa hatto milliy mahsulotlarimizning ham oshishiga sabab bo‘ladi. Chunki, mening bilishimcha, ko‘plab milliy mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun kerakli xom ashyoning bir qismi, yoki ehtiyoj qismlari import qilinadi va ularning kurs evaziga so‘mdagi ekvivalenti oshishi, tovar narxining ham oshishiga olib keladi.
Xo‘sh, vaziyat qachon o‘zgaradi, qachon dollarning oshishi to‘xtaydi yoki dollar tushadi?
Hozir qish tugab, bahor boshlangan vaqt. Bizdan tashqi bozorga eksport deyarli to‘xtab qolgan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish juda kamaygan, shuningdek biz eksport qiladigan ishchi kuchi qishki mavsumda uyiga qaytib kelgan va chetdan dollar tushimi deyarli to‘xtab qolgan. To‘qimachilik mahsulotlari, issiqxonada etkazilgan sabzavotlar eksportidan tushayotgan summa umumiy ehtiyoj uchun etarli emas, albatta.
Bahor oylarida bir necha millionlik ishchi kuchimiz Rossiya, Qozog‘istonga yo‘l olishadi. U erda ham biznikilar asosan ishlaydigan soha qurilish havo isishi bilan jonlanadi. Aprel oyining o‘rtalarida ushbu fuqarolarimiz ishlab topgan dastlabki pullarini, vatanga, oilalariga jo‘natishadi. Ushbu pul oilaning ehtiyoji uchun qora bozorda so‘mga alishtirilib, savdoga kiradi.
Shuningdek mart oyining oxirida yangi bahorgi turistik mavsum boshlanadi, mamlakatimizga tashrif buyuradigan bir necha yuz ming turist o‘zi bilan xoh dollar, xoh evro, muhimi valyuta olib kiradi, ushbu valyuta ham ehtiyojning bir qismini qondiradi.
Uchinchi tomondan, aprel oyining oxirlarida meva-sabzavot mavsumi boshlanadi, dastlab qulupnay, gilos, uning ortidan pomidor, bodring, o‘rik va boshqa mahsulotlarning qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinishi ham bir necha yuz millionlab dollar daromad olib keladi.
Faqatgina shunda dollarning kursi biroz tushishi yoki hech bo‘lmaganda oshishdan to‘xtashi mumkin.
Dollarning o‘rniga yuan kelarmish, shu gap rostmi? (Ko‘chadagi mish-mishlardan).
Muammo dollar, rubl yoki yuanda emas. Muammo bizdagi eskport va import nisbatida. Biz tashqariga qancha ko‘p eksport qilsak, shuncha ko‘p valyuta sotib olamiz, o‘sha valyutaga import qilamiz. Dollarning o‘rniga yuan bo‘ladimi, rupiy bo‘ladimi, qozoq tangasi bo‘ladimi, nimanidir sotib o‘sha valyutani sotib olishimiz kerak bo‘ladi va o‘z navbatida o‘sha valyutaga ichki bozorning ehtiyoji uchun import qilish imkonimiz bo‘ladi.
Demak, nima qilish kerak?
Imkon boricha kamroq import qilib, ichki bozorning talablarini milliy mahsulot evaziga ta’minlash kerak. Bu uchun albatta mahalliy ishlab chiqaruvchilarni, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga barcha imkoniyatlarni yaratib berish kerak. Agar eslab bilsangiz, Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatiga ilk qarorlaridan biri tadbirkorlarning turli xil rejasiz tekshiruvlardan ozod qilish bo‘lgandi.
Shu bilan birga, vaziyatni o‘nglash, valyutaga bo‘lgan talabni qondirish uchun imkon boricha eksport hajmini ko‘paytirish kerak.
O‘ylaymanki, hukumat va Prezident Shavkat Mirziyoyev buni juda yaxshi tushunib turishibdi va sentyabr oyidan boshlab eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun bir nechta muhim qaror va farmonlar qabul qilindi. Prezident o‘zining har bir viloyatdagi tashrifi vaqtida eng katta e’tiborni viloyatlarning eksport qobiliyatiga qaratyapti. Keyingi, muhim narsa, kecha Buxoroda ham, bir necha hafta oldin Xorazmda ham Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor berib, aniq vazifalarni yuklab berdi. Mamlakatga keladigan turistlar sonining oshishi yuqorida aytib o‘tganimdek valyuta tushumining ko‘payishiga, bu orqali bozordagi vaziyatning yaxshilanishiga, xalqning farovonligining oshishiga olib keladi.
Nima bo‘lganda ham umid qilamiz, vaziyat yaxshilanishiga, hukumat va xalqning harakati o‘z mevalarini berib boshlashiga ishonib qolamiz.
Manba: www.hilol.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari