date

Dollar pasaydi, ammo bozor narxlari nega o‘zgarmadi?

Dollar pasaydi, ammo bozor narxlari nega o‘zgarmadi?

So‘nggi oylarda O‘zbekiston bozorida dollar qiymati pasayishda davom etmoqda. Valyuta kursining bu harakati ko‘pchilikni bir savol ustida o‘yga soldi: agar dollar arzonlayapti, nega narxlar hamon tushmayapti?

Bugungi kunda xalqaro bozorlarda dollar qiymati pasayib, oltin narxi esa aksincha o‘smoqda. Bu esa tabiiy iqtisodiy holat hisoblanadi.

“AQSHda Tramp siyosati sababli oltin narxi o‘sishda davom etyapti. Dollar arzonlashganda odamlar xavfsizlik uchun o‘z mablag‘larini oltinga o‘tkazishadi. Bu holat O‘zbekiston uchun foydalidir — mamlakatimiz bu sharoitdan unumli foydalanib, yil boshidan beri oltin eksport hajmini 30 foizgacha oshirdi”, — deydi iqtisodchi To‘raqulov.

Iqtisodchi izohicha, bu jarayonda bozordagi dollar miqdori ko‘paygani sabab uning narxi pasaymoqda. Biroq bu holat narxlarning tushishiga emas, aksincha ma’lum darajada inflyatsiya kuchayishiga olib keladi.

“Oltin sotilganidan keyin mamlakatga ko‘p miqdorda valyuta kirib kelyapti. Bu pul aylanmasi ortishi aholining xarid qobiliyatini oshiradi, talab ko‘paysa, narxlar ham o‘sadi”, — deydi mutaxassis.

Nega narxlar tushmayapti?

To‘raqulovning so‘zlariga ko‘ra, buning bir nechta sababi bor:

-Import mahsulotlar hamon dollarda sotib olinadi, shuning uchun ichki bozorda darhol ta’sir sezilmaydi.

-Mamlakatda inflyatsiya darajasi oshgan, bu narxlarni yuqori holatda ushlab turibdi.

-Iqtisodiyotda “sticky price” degan qonuniyat bor — narxlar ko‘tarilganda ularni qayta tushirish oson emas.

“Agar dollar tushsa ham, bozordagi narxlar avtomatik ravishda pasaymaydi. Bu jarayon vaqt talab qiladi, ba’zan yillab davom etadi”, — deya ta’kidlaydi iqtisodchi.

So‘m mustahkamlanyaptimi?

Valijon To‘raqulov fikricha, kuchli iqtisodiyotning valyutasi ham barqaror bo‘ladi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda so‘mning qiymati ma’lum darajada oshgan — 2018–2019-yillar bilan solishtirganda taxminan 10–15 foizga.

Bu holatga, uningcha, ikki omil ta’sir qilgan:

— mamlakatga dollar oqimining ko‘payishi;

— jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar, jumladan Tramp siyosati orqali dollarning umumiy qadrining pasayishi.

O‘sishning ichki omillari

Iqtisodchi ma’lum qilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi oylarda sezilarli o‘sishni namoyon etmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari ichida O‘zbekiston 7 foizdan ortiq o‘sish ko‘rsatkichi bilan yetakchi o‘rinda.

“Bu o‘sish nafaqat oltin eksporti hisobiga, balki migrantlar yo‘llayotgan mablag‘lar sabab ham bo‘lmoqda. Odamlar ko‘proq pul ishlamoqda, ko‘proq sarflayapti — bu iqtisodiy faollikni oshiradi. Ammo talab shiddat bilan o‘ssa, inflyatsiya ham tezlashadi”, — deya xulosa qildi To‘raqulov.

Shunday qilib, dollar arzonlasa ham, narxlarning tushmasligi iqtisodiy mantiqqa to‘la mos holat ekani aytiladi. Iqtisodchilar fikricha, bozor muvozanati tiklanishi uchun vaqt, barqaror siyosat va ehtiyotkor pul oqimi nazorati talab etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Dollar pasaydi, ammo bozor narxlari nega o‘zgarmadi?