date

Ozodbek Nazarbekovning to'yda kuylashi ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi

Ozodbek Nazarbekovning to'yda kuylashi ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi
O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning to'y marosimida qo'shiq aytayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Kadrlarda tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlarning ijro paytida san'atkorga pul – 100 va 200 ming so'mlik kupyuralar, shuningdek, dollarlar taqdim etayotgani ko'rinadi.

Mazkur video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi. Ba'zi foydalanuvchilar buni xalq an'anasining bir qismi, ijrochiga bo'lgan hurmat va minnatdorchilik ifodasi sifatida qabul qilishdi.

Boshqalar esa davlat arbobi sifatida vazirning bunday xatti-harakatini noo'rin, deb topishdi. Ozodbek Nazarbekov 1974-yil 7-mayda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tug'ilgan.

U O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq artisti, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi bo'lgan taniqli o'zbek xonandasi, bastakor va jamoat arbobidir. Nazarbekov ijodiy faoliyatini 1990-yillarda boshlagan va tezda o'zbek estradasining eng taniqli shaxslaridan biriga aylangan.

Uning mashhur qo'shiqlari orasida «Jondan aziz», «Qadamlar hikmati» va «Mushtarak manzil» kabi asarlar bor. U nafaqat yakkaxon konsertlari bilan, balki Yulduz Usmonova, Dilsoz va Shahzoda kabi mashhur san'atkorlar bilan ham ijodiy hamkorlik qilgan.

2018-yilda Nazarbekov Madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari lavozimiga tayinlangan, 2020-yil dekabrida esa O'zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri etib tayinlandi. Shu bilan birga, u Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati institutiga rahbarlik qiladi.

Nazarbekov avval ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'lgan. 2024-yilda u KINGSMAN kiyim do'koni reklamasida, joriy yilning avgust oyida esa Kokand University xususiy universitetining promo-roligida ishtirok etgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekovning to'yda kuylashi ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi