
Toshkent derbisida “Paxtakor” yana o‘z so‘zini aytdi. Superliganing 27-turidan o‘rin olgan uchrashuvda “sherlar” “Bunyodkor”ni 4:2 hisobida mag‘lub etib, chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini saqlab qoldi. Bellashuvdan keyin “Paxtakor” bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi, deb yozdi championat.asia.
Murabbiy so‘zining avvalida jamoa o‘yinidan mamnun ekanini bildirdi:
“Uchrashuvni yaxshi boshladik, hatto dastlabki besh daqiqadayoq hisobni ochishga erishdik. Birinchi bo‘limni deyarli to‘liq ustunlik bilan o‘tkazdik. Haqiqatni aytay, hisob 5:0 ham bo‘lishi mumkin edi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa sal pasayish bo‘ldi — ehtimol yigitlar jismonan biroz charchagandir yoki g‘alaba hissiga erta berilgandir. Ammo keyin yana o‘z o‘yinimizni topdik va to‘rtinchi gol bilan barchasini aniqladik.”
“Jamoa uxlab qolmadimi?” — degan savolga Tojiyev ochiq javob berdi:
“To‘g‘ri, ikkinchi bo‘limning boshida ozgina xotirjamlik bor edi. Vaholanki, tanaffusda shogirdlarimga hali o‘yin tugamaganini, bo‘shashmaslikni aytib o‘tgandim. Ammo futbol shundayki, bir soniyalik diqqat yetishmasligi vaziyatni o‘zgartiradi. Shunga qaramasdan, yigitlar keyingi daqiqalarda o‘zini qo‘lga oldi va o‘yinni nazoratga oldi.”
Jurnalistlar jismoniy holat haqida ham savol berishdi. “Paxtakor” yaqinda Kubok finalida o‘ynagan va ko‘p kuch yo‘qotgan edi. Shu bois ba’zilar jamoadan charchoq kutgandi, ammo bu kuzatilmadi.
“Biz har bir o‘yinga jiddiy tayyorlanamiz. Kubok finalida ham katta kuch sarfladik, lekin bu yigitlarning ruhiyatini buzmadi. Ular har bir uchrashuvni g‘alaba uchun o‘ynashni yaxshi bilishadi. Almashtirishlarga kelsak, men kechiktirdik deb o‘ylamayman. Hozirgi jadval va zich taqvim sabab ayrim o‘yinchilarga dam berishimiz kerak bo‘ladi. Shu sababli ba’zi pozitsiyalarda rotatsiya qildik,” — dedi Tojiyev.
Murabbiy chempionlik poygasi haqida ham fikr bildirdi:
“Har turdan keyin shu gapni aytaman — “Paxtakor” oxirigacha kurashadi. Bizda ishonch bor, jamoa kayfiyati yaxshi. Hozirgi o‘yinlardan ko‘rinadiki, yigitlar har bir ochko uchun jon kuydirayapti. Oxirigacha harakat qilamiz, qolganini vaqt ko‘rsatadi.”
Tojiyev ayrim futbolchilar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Hususan, Hojiakbar Alijonov va Igor Sergeevning o‘yini haqida gapirdi:
“Hojiakbar bugun ham ajoyib o‘ynadi. U oxirgi uchrashuvlarda o‘zini yuqori darajada ko‘rsata olyapti. Bu futbolchi nafaqat klubda, balki terma jamoada ham yetakchi sifatida o‘sib borayapti. Sergeev haqida gapiradigan bo‘lsak, u bitta imkoniyat bo‘lsa ham undan foydalana oladigan hujumchi. Bugun gol urmadi, ammo uning maydondagi faolligi va jamoaviy ishdagi hissasi katta bo‘ldi.”
Anjumanda murabbiydan “Nasaf”ning ikki yetakchisi “Paxtakor”ga o‘tishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar haqida ham so‘rashdi. Bu savolga u kulimsirab javob berdi:
“Qishda nima bo‘lishini ko‘rasizlar. Hozir bu haqda gapirishga hali erta. Yil yakunlansin, keyin hammasi aniq bo‘ladi.”
Shu tariqa, Kamoliddin Tojiyev “Bunyodkor” ustidan muhim g‘alabadan so‘ng jamoaga va muxlislarga ishonch bag‘ishladi. “Paxtakor” 55 ochko bilan uchinchi o‘rinni mustahkamlab, chempionlik uchun kurashda o‘z imkoniyatlarini saqlab qoldi. Muxlislar esa “sherlar”dan keyingi turlarda ham shunday ruhdagi o‘yinlarni kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!