
Qatarda futbol bayrami boshlandi — 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati rasman start oldi. Dunyo futboli yosh avlodining eng nufuzli musobaqasi sanalgan bu mundialda ilk kunning bahslari allaqachon o‘tkazildi.
Musobaqaning birinchi kunida “A”, “B”, “C” va “D” guruhlari ishtirokchilari maydonga tushishdi. Birinchi tur janglari nafaqat gollarga boy bo‘ldi, balki ba’zi kutilmagan natijalar bilan ham yodda qoldi.
Italiya g‘alaba bilan boshladi, Qatar mezbon sifatida kurashdi
A guruhidan o‘rin olgan ochilish uchrashuvida mezbon Qatar terma jamoasi Italiyaga qarshi maydonga tushdi. Yosh “adzurralar” birgina gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. Ushbu g‘alaba Italiya uchun yaxshi boshlanish bo‘ldi, Qatar esa yaxshi o‘yin ko‘rsatganiga qaramay, imkoniyatni boy berdi.
Qatar — Italiya 0:1
Gol: Inasio (19).
Shu guruhdagi ikkinchi bahsda esa Janubiy Afrika Boliviyani 3:1 hisobida taslim etdi. Afrikalik yoshlar raqib ustidan to‘liq ustunlikka erishishdi va mundialni g‘alaba bilan boshlashdi.
JAR — Boliviya 3:1
Gollar: Vitbui (38), Bohloko (50), Els (90+5) — Maraude (72, penalti).
Portugaliyaning gol yomg‘iri va Yaponiyaning g‘alabasi
B guruhda haqiqiy shou namoyish etildi. Yangi Kaledoniyaga qarshi o‘yinda Portugaliya yoshlari 6 ta gol urdi. Ularning har bir hujumi xavfli va ishonchli bo‘ldi. Ushbu natija Portugaliyaning musobaqadagi jiddiy da’vogar ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Yangi Kaledoniya — Portugaliya 1:6
Gollar: Vamova (11, penalti) — Kabral (22, 47), Manuel (53), Mide (59), Furtado (85), Net-u (90+7).
Shu guruhning ikkinchi bahsida Yaponiya yoshlari Marokash ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ushbu o‘yinda Yaponiya tarkibidagi Seguchi va Hirashima maydondagi asosiy qahramonlarga aylanishdi.
Yaponiya — Marokash 2:0
Gollar: Seguchi (57), Hirashima (90+8).
C guruhida teng bahslar va duranglar
Bu guruhdagi har ikki uchrashuv ham teng kurashlar bilan o‘tdi. Kosta-Rika bilan BAA 1:1 hisobida do‘stona natija qayd etdi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun harakat qildi, ammo imkoniyatlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, natija o‘zgarmadi.
Kosta-Rika — BAA 1:1
Gollar: Bennette (62) — Odil (59).
Senegal va Xorvatiya o‘rtasidagi bahsda esa to‘plar kiritilmadi — 0:0. Himoyadagi intizom yuqori bo‘lgan o‘yinda har ikki jamoa bitta ochkodan bo‘lishdi.
Senegal — Xorvatiya 0:0
Argentina sinovni o‘tdi, Tunis rekord o‘rnatdi
D guruhidagi bahslar o‘ziga xos dramatizm bilan kechdi. Argentina Belgiya ustidan 3:2 hisobida zafar quchdi. Bu uchrashuvda har ikki jamoa bir necha bor hisobni tenglashtirdi, ammo oxirgi so‘zni argentinaliklar aytishdi.
Argentina — Belgiya 3:2
Gollar: Tuliyen (36), Yanikovski (68), Ezekiyel (71) — de Kimpe (45+4), Nayert (59).
Tunis yoshlari esa Fijiga qarshi haqiqiy gol festivalini uyushtirishdi — 6:0! Bu natija hozircha mundialdagi eng yirik hisob bo‘lib turibdi. Slama va Tayechi ikkitadan gol urdi, Saidi va Abdulloh esa poyoniga nuqta qo‘yishdi.
Tunis — Fiji 6:0
Gollar: Slama (30, 53), Tayechi (36, 86), Saidi (74), Abdulloh (80).
O‘zbekiston maydonga 5 noyabr kuni tushadi
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi esa o‘zining ilk uchrashuvini 5 noyabr kuni Paragvayga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da Doxadagi “Espayr” akademiyasida bo‘lib o‘tadi.
Islombek Ismoilov shogirdlari bu uchrashuvda g‘alaba bilan boshlashni maqsad qilishgan. O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo chempioni sifatida Qatarga kelgani va ularning har bir o‘yini katta qiziqish bilan kuzatilishi tabiiy.
Qatardagi mundial endigina boshlandi, ammo ilk kunning o‘zidayoq yosh futbolchilar butun dunyoga o‘z iqtidorini namoyish qilishga shay ekanini ko‘rsatdi. Oldinda esa yana ko‘plab his-hayajonli kechalar kutyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!