date

“Al Vahda” ustozi: “Nasaf yaxshi o‘ynadi, lekin omad biz tomonda edi”

“Al Vahda” ustozi: “Nasaf yaxshi o‘ynadi, lekin omad biz tomonda edi”

Elit Osiyo chempionlar ligasi 4-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Al Vahda” bahsi Qarshida katta qiziqish bilan kuzatildi. Teng kurashlarga boy o‘yin yakunida BAA vakili 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Al Vahda” bosh murabbiyi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Favor Ogbu jurnalistlar savollariga javob berdi, deb xabar berdi championat.asia.

“Bugungi g‘alaba oson kelmadi”

Murabbiy so‘zining avvalida jamoa intizomi va jamoaviy ruh natijani belgilaganini ta’kidladi:

“O‘yin biz kutgandek og‘ir kechdi, ammo natijadan mamnunman. Bugungi hisob kim uchundir adolatli, kim uchundir yo‘q — bu futbolning tabiiy qonuni. Biz 0:1 hisobida ortda qolgan vaziyatda ham ishonchni yo‘qotmadik.

Ikkinchi bo‘limda futbolchilar juda katta xarakter ko‘rsatishdi. Ikkita standart vaziyatda aniq harakat qilib, natijani o‘z foydamizga burdik. Ba’zi yetakchi o‘yinchilarimiz turli sabablarga ko‘ra maydonga tusha olmadi, lekin ularning o‘rnini zaxiradagilar munosib to‘ldirishdi. Bu jamoamizdagi sog‘lom raqobat va ruhiy barqarorlikning ifodasidir.”

“Nasafning omadi kelmadi”

Murabbiy raqib haqida ham ijobiy fikr bildirdi:

“Nasaf yaxshi tashkil etilgan jamoa ekan. Ular ham bir necha bor gol urish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, faqat omad yetishmadi. Futbol shunday: ba’zan sening kuning bo‘ladi, ba’zan yo‘q. Bugun esa omad biz tomonda bo‘ldi — hatto odatda gol urmaydigan o‘yinchimiz ham to‘p kiritdi. Shuning o‘zi ham jamoaviy harakat va mehnat samarasidir.”

Favor Ogbu: “Bugungi gol — mehnat natijasi”

Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan Favor Ogbu o‘z fikrlarini qisqacha bildirdi:

“Qarshiga kelganimdan xursandman, muxlislar muhiti va o‘yin juda yoqdi. Bugungi golimni tasodif deb bo‘lmaydi, bu uzluksiz mehnat samarasi.”

“Tanaffusda nimani aytdingiz?”

Murabbiydan ikkinchi bo‘lim oldidan jamoaga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida so‘rashdi:

“Tanaffusda futbolchilarga shunday dedim: ‘Biz yaxshi o‘ynayapmiz, lekin natija yo‘q. To‘pni uzatyapmiz, ammo zarba yetishmayapti.’ Futbolda paslar emas, gollar hisobni o‘zgartiradi. Ularga shunchaki yo‘nalish berdim — zarba bering, tavakkal qiling. Ba’zan futbolchi buni eshitmaydi, ba’zan esa — eshitadi. Bugun eshitishdi.”

“Agar durang bo‘lganidachi?”

Murabbiy bunga shunday javob berdi:

“Biz har doim g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Bir ochko jamoani oldinga olib chiqmaydi, faqat uch ochko maqsadga yaqinlashtiradi. Shuning uchun futbolchilarga ham natija uchun harakat qilishni uqtiraman. Bugungi mehnatning evaziga yutuqqa erishdik, bu oson bo‘lmadi.”

“Finalgacha yetib borish imkoniyati bormi?”

So‘nggi savol “Al Vahda”ning kelgusi maqsadlariga oid bo‘ldi:

“Albatta, shunday orzumiz bor. Finalgacha yetib borish oson emas, lekin biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Bu musobaqada har bir raqib kuchli, har bir o‘yin sinov. Biz birinchi bosqichni muvaffaqiyatli yakunlashga harakat qilamiz, keyingi bosqichlarda ham qadamma-qadam olg‘a yuramiz. Hech bir g‘alaba tasodif emas — bu intizom va ishonch mevasidir.”

Shu tariqa “Al Vahda” jamoasi Qarshidagi muhim bahsdan keyin g‘alaba hisobiga 10 ochko jamg‘ardi va G‘arb mintaqasida peshqadamga aylandi. “Nasaf” esa, shunchaki omadi kelmagan o‘yinni ortida qoldirib, keyingi turlarga tayyorgarlikni boshlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Al Vahda” ustozi: “Nasaf yaxshi o‘ynadi, lekin omad biz tomonda edi”