
O‘zbekiston fuqarolari va kompaniyalari endi bank mobil ilovalari orqali real vaqt rejimida oltin va kumushga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu yangilik mamlakatda moliyaviy bozorni raqamlashtirish va investitsiya muhitini kengaytirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 3-noyabrda 3698-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qarorga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar endi oltin quymalar hamda ularning raqamli ekvivalentlarini onlayn tarzda sotib olishi yoki sotishi mumkin.
Eng muhimi — bu jarayonda bankka borish shart emas. Fuqarolar o‘lchovli oltin quymalarini yoki raqamli oltinni — ya’ni grammda ifodalanuvchi jismoniy bo‘lmagan aktivni — mobil ilovalar orqali xarid qila oladi.
Oltin va kumush narxlari har kuni London qimmatbaho metallar bozori uyushmasi belgilovchi xalqaro fiksing asosida yangilanib boradi. Bu esa narx siyosatini ochiq va shaffof qilib, bozor qoidalariga moslashtiradi.
Tizim orqali kichik investitsiyalar ham amalga oshirilishi mumkin — ya’ni fuqarolar xohlagan miqdorda oltin xarid qilib, uni real vaqtda sotishi yoki saqlashi mumkin bo‘ladi. Barcha operatsiyalar shaxsiy identifikatsiya va autentifikatsiya orqali amalga oshiriladi.
Banklar narxlarni o‘z rasmiy veb-saytlari, mobil ilovalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy yangilab borishadi. Moliyachilar fikricha, bu tashabbus O‘zbekistonda aholi va biznes uchun yangi investitsiya imkoniyatlarini ochib, raqamli iqtisodiyotga qadam qo‘yishni tezlashtiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.