08:15 / 25.09.2017
5 829

Barcha kasblar birdek muhim: birja chayqovchilarining o‘rni haqida

Barcha kasblar birdek muhim: birja chayqovchilarining o‘rni haqida
Iqtisodchilar ishining bir qismi xatolarning oldini olishdan iborat. Bu esa, xatoga yo‘l qo‘yishga qaraganda anchayin qiyin (lekin ancha qiziqarliroq) ishdir.
Robert Solou


O‘zbekistonda uzoq vaqt erkin konvertatsiyaning mavjud bo‘lmaganligi bozorga yangi ishtirokchilar kirishiga (mahalliy yoki xorijiy investorlarga) to‘sqinlik qilib, raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Va nihoyat, uzoq kutilgan kun yetib keldi – konvertatsiya joriy etildi, aholi va firmalar endi valyutani erkin xarid qilishi va sotishi mumkin. Faqat kichik cheklov mavjud: valyutani faqat konversiya kartasiga olish mumkin, naqd berilmaydi. Bu – naqd dollarga talabning haddan ortiq oshib ketishidan xavotirlanish va hukumatning iqtisodiyot dollarizatsiyasiga qarshi kurashish, mamlakatimizda jamg‘armalar va tranzaksiyalar faqat milliy valyutada bo‘lishi istagidan kelib chiqqan vaqtinchalik holat ekaniga aminman.

Dollarizatsiyaga qarshi kurash endi boshlandi, aholining milliy valyutaga ishonchini tiklash uchun katta ishlarni amalga oshirish kerak, avvalgi maqolada men bu haqda qisman to‘xtalib o‘tgandim. Iqtisodiyotda aksariyat jamg‘armalar, kreditlar va tranzaksiyalar milliy valyutada amalga oshirilgandagina mamlakat mustaqil monetar siyosatini yurita oladi. Buning yana bir sharti – valyutalar kursining turidir. Ular ikki turli bo‘ladi – qayd etilgan va suzuvchan. Birinchisida mustaqil pul siyosatini o‘tkazishning iloji yo‘q.

Erkin konvertatsiya – kursning erkin suzishi emas

O‘zbekistondagi valyuta kursi borasidagi munozaralarda suzuvchan va erkin konvertatsiyalanadigan kurs tushunchalari chalkashtirib yuborilayotganligini kuzataman. Bizdagi kurs liberalizatsiyasi dollarni xarid qilish va sotish mumkinligini bildiradi ammo bu kurs suzuvchan bo‘lganligini mutlaqo anglatmaydi. Boz ustiga, valyuta bozorining hozirda mavjud likvidlik muammolarini inobatga olsak, suzuvchan kursga ega bo‘lish nihoyatda xavfli sanaladi. Ya’ni, bizda valyuta kursi hozircha erkin suzuvchan emas, lekin erkin konvertatsiyalanadigan valyutaga ega bo‘ldik.

Bozor likvidligi

Bozor likvidligi (ba’zida “bozor chuqurligi” deyiladi) – bu bozorning talab va taklifdagi o‘zgarishlarni, ular narxning keskin o‘zgarishini yuzaga kelmaydigan qilib amortizatsiyalash qobiliyatidir. Valyuta bozorining likvidligi – bu bozor ishtirokchilari bitimlarni yengillik bilan tuza olishlari yoki bozorning yirik xaridlar yoxud sotuvlarni narxlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan holda “hazm qilishi” qobiliyatidir. Deylik, iqtisodiyotimizga pul tikayotgan xorijiy investor katta miqdordagi dollar (masalan, mamlakat oylik eksport hajmining 50 foizi)ni so‘mga (yoki aksincha) almashtirsa va bunda kurs o‘zgarmasa, bozorni likvid (chuqur) deyish mumkin bo‘ladi.

Volatillik deb kurs tebranishi, ya’ni muayyan vaqt oralig‘ida kurs qanchalik o‘zgarishiga aytiladi. Agar bugun kurs 8100, ertaga 7500 bo‘lsa – bu yuqori volatillikdir. Yuqori volatillik – anchayin yomon jarayon, chunki u kursning haqiqiy qiymatining noaniqligini tug‘diradi, turli tranzaksiyaviy xarajatlarga sabab bo‘ladi va ushbu valyutadagi jamg‘armalarning to‘planib qolishiga sabab bo‘ladi (ertaga qanday kurs bo‘lishini bilmaysiz).

O‘tgan haftada, O‘zbekistonda valyuta bozorining liberizatsiyasi e’lon qilingani haqidagi xabar tarqashi bilan, Bloombergda “Ushbu valyutaning to‘satdan 50 foizlik devalvatsiyasi yengil o‘lja mazaxo‘raklarini jalb qilishi mumkin” degan maqola chop etildi. Valyuta bozorimiz yangi shaklda endi shakllana boshlagani sababli, valyuta bozorining yirik ishtirokchilari o‘lja ishtiyoqida, likvidlikning yetarli emasligidan foydalanib, kursga jiddiy ta’sir ko‘rsatishlari mumkin. Albatta, xavotirga o‘rin yo‘q – bizning MB buni oldindan ko‘ra bildi: faqat mahalliy tijorat banklarigina respublika valyuta birjasida xorijiy valyuta oldi-sotdisini amalga oshira oladilar. Xorijiy “mazaxo‘raklar” u yerda savdo qilish imkoniga hozircha ega emaslar.

Lekin, shunisi ham borki, muammo va uning yechimining biri ikkinchisini taqozo qiladi. Bozorni ochish orqali biz uni ko‘proq volatilli qilamiz (boshida), ochmasak esa, uni volatillik va bozordagi til biriktirishlarga doimo ta’sirchan bo‘lishga mahkum etamiz (likvidlikning pastligi sababli).

Kam sonli ishtirokchilarga ega shakllanayotgan bozorlar nolikvid bo‘lib, ularda volatillik juda yuqori bo‘ladi. MB press-relizida markaziy bankning roli birja savdolarining ishtirokchilaridan biri bo‘lishdangina iboratligi juda to‘g‘ri ko‘rsatilgan. E’tiborli jihati shundaki, MB savdolarda faqat kursning favqulodda volatilligining oldini olish uchun (qonun bo‘yicha, MB foyda olishga haqqi yo‘q) qatnashadi. Biroq tranzaksiyalarning kam miqdordaligi, birja o‘yinchilarining soni cheklanganligi (faqat tijorat banklari) va professional chayqovchilar (valyutachilar)ning birjaga qo‘yilmasligi – yuqori volatillik va valyuta birjasida likvidlik yo‘qligining bosh sababi mana shu.

Birja chayqovchisining ijtimoiy roli

Butun dunyoda treyderlar (birja chayqovchilari)ni biror narsa yaratmay, olib-sotarlik orqasidan pul topishlari uchun tanqid qiladilar. “Valyutachi” yoki “chayqovchi” so‘zlari ijobiy ohangga ega emas. Biroq, foyda ketidan quvadigan (bozorning boshqa ishtirokchilari singari) ushbu insonlar o‘ta muhim ijtimoiy funksiyani bajaradilar – bozor chuqurligini ta’minlaydilar va bu bilan kursning kuchli tebranishining oldini oladilar. Biz barqaror kursga ega bo‘lishdan manfaatdormiz, aynan tranzaksiyalarning ko‘p miqdorda bo‘lishi esa valyuta talabi yoki taklifidagi keskin o‘zgarishlarni amortizatsiyalashi mumkin.

Misol uchun: treyderlarning jargonida “spred” tushunchasi bor. U bir vaqtdagi sotishga buyurtmalar (ask) va xaridga buyurtmalar (bid) o‘rtasidagi farqni anglatadi. Aksariyat o‘zbekistonliklar buni yaxshi biladilar – konvertatsiya joriy qilinguniga qadar dollar olinishi va sotilishi o‘rtasidagi farq taxminan 100–150 so‘m bo‘lgan, valyutachilar dollarni biroz arzonga olib, biroz qimmatga sotishardi va faoliyatlarining daromadliligi shunga bog‘liq edi. 100–150 so‘m – bu juda katta spred. Masalan, yevroning AQSh dollariga nisbatan kotirovkasi 1,2033/1,2037 darajasida ko‘rsatilgan, ya’ni spred $0,0004 ni tashkil etadi, bu hozirgi kurs (8092,13 so‘m) bo‘yicha 3,24 so‘m deganidir.

Shakllangan bozorlarda spred bizdagiga qaraganda 30–50 barobar (!) kam, bu aynan chayqovchilarning sharofatidir. Valyuta bozorlarining aksariyat ishtirokchilari qisqa muddatli istiqbolda savdo qiladilar va mana shu spredda pul ishlaydilar. O‘z navbatida, ular o‘zaro savdo qilish davomida yaratadigan likvidlik aholi va korxonalarga foyda keltiradi. Aholi dollarga nisbatan jamg‘armalarining qadri tushmasligiga ishonchlari ortadi, chunki tebranishlar juda sust. Biznes uchun esa, rejalashtirish ufqlari kengayadi, investitsiya loyihalarini tuzishda yoki xalqaro savdoda qatnashishdagi noaniqliklar qisqaradi.

Past volatillikda xom ashyo, jihozlar va xorijiy kreditlar narxlari, mahalliy valyutaga chaqqanda, keskin o‘zgarmaydi.


Korxonalarga uzoq muddatli rejalashtirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Iste’molchilar ham bundan foyda ko‘radi – valyuta tebranishining noaniqligiga bog‘liq xatarlar uchun, alal-oqibat, iste’molchi o‘z hamyonidan to‘laydi. Iqtisodiyotda xatarlarning kamayishi, so‘zsiz, narxlar pasayishiga va samaradorlik ortishiga olib keladi.

Valyutamizning yuqori likvidli bo‘lishiga erishish uchun valyuta birjasida ko‘plab tranzaksiyalar o‘tkazilishiga erishishimiz kerak. Agar bu birjaga professional faoliyati valyuta oldi-sotdisidan iborat kompaniyalar – o‘sha “chayqovchilar” ham kiritilsa, bundan bozor faqat foyda ko‘radi. Qolaversa, MB kuchli tebranishlarni intervensiyalar orqali tekislashga va’da bergan – hech vanday “valyutachi” MB bilan ko‘tarish (yoki tushirish)ga bellasha olmaydi, Valyuta zaxiralari MBnikidan katta bo‘lgan kompaniya O‘zbekistonda yo‘qligiga aminman. Ya’ni, chayqovchilar “ko‘zbo‘yamachilik” qila olmaydilar, baribir yutqazadilar. Bozor muayyan chuqurlikka ega bo‘lib, tranzaksiyalar soni ortganidan keyin esa, xorijiy institutsional investorlarni kiritish ham mumkin bo‘ladi. Ularga so‘m iqtisodiyotimizga investitsiyalar kiritish yoki, shunchaki, portfellarini diversifikatsiyalash uchun kerak bo‘lishi mumkin.

Savdolarda birja chayqovchilarini rag‘batlantirish foydasiga yana bir kuchli dalil bor. Savdo ishtirokchilari kam sonli bo‘lsa, ular o‘zaro til biriktirib olishlari oson bo‘ladi, chunki til biriktiruvning tranzaksiyaviy xarajatlari kam bo‘ladi.

Ishtirokchilari soni oz bo‘lgan kim oshdi savdosini ko‘z oldingizga keltiring: ular o‘zaro til biriktirib olishlari, o‘zlariga nima kerakligini aytishlari va shu bilan sotiladigan tovar narxini oshirishga yo‘l qo‘ymasliklari mumkin. U yoki bu tovarning sotilishida til biriktirganlar narx oshishiga o‘ynamaydilar va oshnalariga shu tovarni asl narxidan arzonroqqa olish imkonini beradilar, kelgusida oshnalari ularga xuddi shunday “yordam” ko‘rsatadi.

Albatta bunday ishni kim oshdi savdosida qatnashish cheklangan holdagina amalga oshirish mumkin. Avvaliga til biriktirishga qo‘shilishni istamagan o‘yinchilar esa, “osh-qatiq” bo‘lgan ko‘pchilik tomonidan osongina jazolanishlari ham mumkin. O‘yinlar nazariyasida bu “takrorlanuvchi o‘yin” deb ataladi va valyuta bozorida o‘yinchilar soni kamaygani sari til biriktirish ehtimoli orta boradi. Albatta, bu noqonuniy, lekin, kim oshdi savdolarida bo‘lgani kabi, bu yerda ham jinoyat izini topish ancha mushkul bo‘ladi.

Masalan, AQShda (ba’zi turdagi auksionlar kashf etilguniga qadar) hukumat telefon tarmoqlarini odatiy auksionlar orqali sotgan va telekommunikatsiya kompaniyalari (ular bir nechtagina bo‘lgan) davlatga kamroq pul to‘lash maqsadida til biriktirib olganlar. Nazorat organi til biriktirish mavjudligini aniqlashi juda qiyin bo‘lgan. Til biriktirganlar auksiondagi ochiq e’lonlar orqali o‘zaro muloqot qilish uchun hatto maxsus til o‘ylab topishgandi.

Valyutachilarga valyuta birjasida chayqov bilan qonunan shug‘ullanish imkoni berilsa, til biriktirish ehtimoli keskin kamayadi, chunki endi til biriktirish uchun bir nechta tijorat banklari emas, balki o‘n minglab yirik va mayda chayqovchilar bilan kelishishga to‘g‘ri keladi, buning esa iloji yo‘q. Valyuta olinishi va sotilishi bozor mexanizmlari barqaror bo‘lishi uchun valyuta birjasi foyda ketidan quvib, bir-biriga bog‘lanib qolmagan holda katta miqdorda tranzaksiyalarni amalga oshiruvchi ko‘plab o‘yinchilarga ega bo‘lish lozim. O‘yinchilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, tranzaksiyalar shunchalik ko‘payadi va til biriktirish ehtimoli shunchalik kamayadi.

Takrorlanuvchi o‘yinning yana bir xususiyati – iqtisodiy interaksiyalar takrorlanuvi sababli ikki tomon jazolanishi ehtimoli mavjud. Hatto mahbus dilemmasida ham, agar o‘yin bir xil ishtirokchilar o‘rtasida ko‘p bora takrorlanadigan bo‘lsa, optimal strategiya kooperatsiya sanaladi.

Buni misolda tushuntirish osonroq bo‘ladi. Agar bozordagi bir rasta oldiga borsangiz-u sotuvchisi bo‘lmasa, yonidagi rastada savdo qilayotgan odam kelib, narx qanchaligini aytishi va, hattoki, raqobatchisining tovarini sotishi yoki: “egasini kutib turing, bu narxda men bera olmayman”,– deyishi mumkin.

Bir qarashda, bu – oqilona ish emas, chunki u bevosita raqobatchisiga yordam beryapti. Lekin buni soddagina izohlash mumkin: bu sotuvchi biror ish bilan ketganda, qo‘shnisi uning molini sotib turadi. Mana shu takrorlanuvchi o‘yin sanaladi: ha, raboqatchiga ko‘mak berishdan voz kechib, u yo‘g‘ida ko‘proq foyda olish yaxshiroq ko‘rinadi, lekin uning ham yordami qachondir kerak bo‘lib qoladi va shu sababli, kooperatsiya optimal strategiya sanaladi.

Bunday misollar ko‘p. Avtomobil sug‘urtasi kompaniyalari faoliyatini o‘rganish ko‘rsatdiki, haydovchilar uylaridan uzoqda bo‘lgan joylarda avtomobilni nisbatan qo‘pol haydar ekanlar. O‘z mahallalarida esa, ular boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga nisbatan e’tiborli bo‘lib qoladilar. O‘z qo‘shnisining oldidan kesib chiqish –hurmatsizlik, chunki ko‘z ko‘zga tushadi, qo‘polligingiz uchun hijolatda qolishingiz mumkin, begona esa – begona-da.

Valyuta bozorida ham shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Soddaligimizga borib, banklar til birktirib olmaydilar, deb hisoblasak ham, birja takrorlanuvchi o‘yinning yaqqol namunasi bo‘ladi. Valyuta birjasidagi jo‘shqin savdo – qo‘shnining mashinasi oldidan kesib chiqqandek gap. Banklar, aytish mumkinki, bir lahzada keladigan foyda imkoniyatidan foydalanmaydilar. Bu butun jamiyatga zararlidir, chunki valyuta narxi bankchilar bir-birlariga oldindan kelishib olmaganlari holda ko‘rsatadigan “mulozamat”ni ham hisobga oladi (haydovchilarda bo‘lgani kabi, kim kesib chiqqanini aniqlash juda oson).

Birja chayqovchilarining roli va ahamiyatiga bee’tibor bo‘lmaslik kerak, chunki aynan ular tufayli zamonaviy bozorlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritadi, har birimizning turmushimiz sifatini yaxshilaydi. Barchamiz chayqovchilar mehnati natijalaridan foydalanamiz, jamiyatda esa, ular ba’zida mutlaqo qadrlanmaydi. Holbuki, bu jamiyat uchun juda muhim va kerakli kasb, maktabda bizga “hamma kasb birdek muhim va har kasbning o‘z o‘rni bor” deb o‘rgatganlari bejiz emas. Darvoqe, barcha birja chayqovchilari ham boyvachchalar emas. Bu bozorda har kuni pul yo‘qotadiganlar kunda tuqqa erishadiganlardan ancha ko‘p.
Behzod Hoshimov – iqtisodchi


Manba: kommersant.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Barcha kasblar birdek muhim: birja chayqovchilarining o‘rni haqida