O‘zbekiston zaxiralari misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yana tarixiy rekordni yangiladi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 mart holatida mamlakatning xalqaro zaxiralari 77,086 milliard dollarga yetgan. Bu 1 fevralga nisbatan taxminan 2 milliard dollarga ko‘pdir.
Zaxiralarning o‘sishiga asosan oltin omili kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Markaziy bank statistikasi bo‘yicha oltinning umumiy qiymati 67,67 milliard dollarga chiqqan, uning fizik hajmi esa 13,1 million troy unsiyaga yetgan. Shu bilan birga, konvertatsiya qilinadigan xorijiy valyuta zaxiralari 8,837 milliard dollar miqdorida qayd etilgan.
Hisobotdan ko‘rinishicha, oltin qiymatining oshishi umumiy rezervlarni yuqoriga tortgan asosiy omillardan biri bo‘lgan. Xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi ham 1,54 milliard dollar atrofida shakllangan.
Qisqasi, O‘zbekiston zaxiralari yana yangi cho‘qqiga chiqdi. Bu yerda asosiy “lokomotiv” — oltin: narx ko‘tarilsa, statistikadagi kayfiyat ham birdan ochilib ketyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!