Uzum kompaniyasi qiymati 2,3 milliard dollarga yetdi

O'zbekistonning yetakchi raqamli ekotizimi hisoblangan Uzum kompaniyasi o'z qiymatini qisqa vaqt ichida 53 foizga oshirib, 2,3 milliard dollarga yetkazdi. Bu muvaffaqiyat kompaniyaning yetti oy ichida erishgan navbatdagi yirik natijasi bo'lib, investorlarning mamlakat raqamli iqtisodiyotiga bo'lgan ishonchini yaqqol ko'rsatadi. Bu haqda techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya Ummon suveren jamg'armalari boshchiligidagi investorlardan 131,5 million dollar miqdorida sarmoya jalb qildi. Ushbu mablag'lar Uzumning elektron tijorat va moliyaviy xizmatlar sohasidagi faoliyatini yanada kengaytirishga yo'naltiriladi. Hozirgi kunda ekotizim 20 milliondan ortiq foydalanuvchini qamrab olgan bo'lib, 2025 yilda platforma orqali 11 milliard dollarlik to'lovlar amalga oshirilgan.

Uzum bosh direktori Jasur Jumayevning ta'kidlashicha, O'zbekistonda chakana savdo an'anaviy bozorlardan to'g'ridan to'g'ri raqamli tijoratga o'tish bosqichini boshdan kechirmoqda. Kompaniya o'z tarkibiga Uzum Market, Uzum Bank va Uzum Nasiya kabi xizmatlarni birlashtirib, mijozlarga kompleks yechimlarni taklif etmoqda. 2025 yilda kompaniyaning sof foydasi 176 million dollarni tashkil etdi.
Kelajakda Uzum 2026 yilning ikkinchi yarmi yoki 2027 yil boshida IPOga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu jarayon uchun kompaniya 250 milliondan 300 million dollargacha mablag' jalb qilishni maqsad qilgan. Hozirgi kunda Uzum O'zbekistonning birinchi yakkashox kompaniyasi sifatida mamlakat texnologik taraqqiyotining lokomotiviga aylangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!