Shoxruh Hamdamov o‘zidan ancha yosh ayoli bilan qanday tanishgani haqida gapirdi

Aktyor Shoxruh Hamdamov "Mirsadiqova bilan" ko‘rsatuvida bo‘lib o‘tgan intervyu davomida rafiqasi bilan qanday tanishgani, ular o‘rtasidagi yosh farqi va bu holat oilaviy munosabatlarga ta’sir qiladimi-yo‘qmi — shu haqida ochiq gapirdi.
Suhbat chog‘ida boshlovchi aktyordan rafiqasi bilan qanday tanishgani haqida so‘radi.
“Bir yaqin qiz bola tanishim bor edi. U qandaydir sport turiga qatnashardi. Bir kuni o‘sha yerga borganimda ayolimni ko‘rib qolganman”, — deya esladi aktyor.
Boshlovchi esa: “Demak, sportchi qizga uylanganmisiz?” — deb so‘radi.
Aktyor bu savolga shunday javob berdi:
“Yo‘q, sportchi emas. U paytda shunchaki oddiy qatnashchi sifatida kelganmi — aniq bilmayman. Bu voqeaga ham qariyb ikki yil bo‘lib qoldi”.
Shuningdek, u onasi bu masalada tez qaror qabul qilganini ham qo‘shimcha qildi.
“Keyin onamga aytdim. Onam uylariga bordilar va bir soat ichidayoq hammasini hal qilib, bo‘ldi, to‘y bo‘ladi, deb chiqib keldilar. Ular to‘y tezroq bo‘lishini xohladilar, shuning uchun bir oy ichida to‘y qilib yubordik”, — dedi aktyor.

Suhbat davomida boshlovchi aktyordan rafiqasi o‘zidan ancha yosh ekani munosabatlarda qiyinchilik bo‘layotgan-bo‘lmayotgani haqida ham so‘radi.
“Ha, rafiqam mendan ancha yosh — 19 yoshda, mendan 10 yosh kichik. Lekin insonning aqli yoshga bog‘liq emas ekan. Avvaliga o‘zim qiynalsam kerak, deb o‘ylagandim. Ammo hozircha hammasi yaxshi. Dunyoqarashlarimiz bir-biriga mos kelyapti, deyarli farq sezilmaydi. To‘ydan oldin gaplashganimizda ham uning dunyoqarashi yoshiga nisbatan ancha keng ekanini sezganman”, — dedi Shoxruh Hamdamov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!