2019 yil yakunlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Joriy yilda mamlakatimizning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida ko‘p voqealar va o‘zgarishlar ro‘y berdi. Har bir bosib o‘tilgan davr jamiyat va uning a’zolarida ma’lum taassurotlar qoldirishi aniq. Shu bilan birga, “eski” yilni kuzatib, yangi yilga o‘tilayotgan bir vaqtda yangi yilga umid bilan qarash odatiy hol.
UzAnalytics sayti muxbiri taniqli iqtisodchi, Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi rahbari Yuliy Yusupov bilan 2019 yil yakuni bo‘yicha natijalar, xulosalar hamda yangi 2020 yil uchun taxmin va prognozlar haqida suhbatlashdi.
— Yakunlanayotgan yil mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida nimasi bilan esda qoldi?
— Joriy yilda soliq islohoti eng muhim voqealardan biri bo‘ldi. Soliq islohoti ancha oldin o‘tkazilishi kerak edi. Chunki, bunga harakat bir muncha vaqt avval boshlangan bo‘lib, faqat 2019 yilga kelib amalga oshdi. Bu islohotni o‘tkazish uchun sharoit yetilgan edi. Negaki, eski soliq tizimi mamlakat iqtisodiyotini ayanchli ahvolga olib kelgandi. Bir tomondan soliq islohotlari boshlangani yaxshi, ammo uning keltirib chiqarayotgan ayrim muammolariga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Asosiysi, islohotlar davom etmoqda. Quvonarli hol shundaki, 2019 yilning ikkinchi yarmiga kelib, hukumat yo‘l qo‘yilgan ayrim xatolarni anglab yetib, ularni tuzatishga, tahrir qilishga xarakat qildi.
Tugallanayotgan yil bo‘yicha umumiy taassurotlarim shundan iboratki, 2019 yil islohotlar ancha sustlashgani, aksariyat yo‘nalishlar bo‘yicha orqaga ketishlar ham bo‘lgani bilan yodda qoldi. Bu yilda eski tizim yashovchanligini va o‘zining eski mavqeini yana tiklashga kirishganini ko‘rsatdi.
Ijtimoiy sohaga kelsak, 2019 yilda jamiyat bilan davlat orasida qayta aloqa, muloqot qilish mexanizmlari sustlashdi. 2017 yilda bu borada vaziyat ancha yaxshi edi. Hukumat vakillari OAVdagi chiqishlarga ijobiymi yoki salbiymi, muhimi munosabat bildirar edi. Elektron axborot vositalaridagi chiqishlar, munozara, bahslar ko‘pincha o‘z natijasini berar edi. Qaysidir ma’noda hukumat hozirgacha ijtimoiy tarmoqlar va elektron OAVdagi chiqishlarga e’tibor qaratadi. Ammo, mening fikrimcha, hozir bu tamoyil ancha sustlashdi, bu kabi chiqishlarga avvalgidek munosabat, jiddiy yondashuvni kuzatmayapman.
Bundan tashqari, ayrim hokimiyat vakillari elektron axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlarga salbiy munosabatini ham yashirishmayapti. OAVdagi maqolalarga, bloger va mualliflarga qarshi bildirilgan salbiy munosabatlarni guvohi bo‘ldik. O‘zimdan qiyos, avval mening maqolalarimni chop etib kelgan ayrim elektron saytlar maqolalarim yoki yozgan fikrlarimni e’lon qilmay qo‘yishdi. Sababi, hozirgi kunda ushbu saytlarda o‘z-o‘zini senzura qilish mavjud, deb o‘ylamayman.
Eski tizimda jamiyat bilan hukumat o‘rtasida qayta aloqa, ya’ni o‘zaro muloqot deyarli yo‘q edi. Bunday muloqot bo‘lmasa, jamiyat yuqorida nimalar bo‘layotganini, qanday qarorlar qabul qilinayotganini, ularga ta’sir o‘tkazish u yoqda tursin, oddiy voqealardan ham bexabar qoladi. Islohotlar natijasida fuqarolik jamiyatida kechayotgan jarayonlarga biroz bo‘lsada ta’sir o‘tkazish, daxldorlik his qilish imkoni paydo bo‘ldi. Oxirgi paytdagi kuzatuvlarim shundan dalolat beradiki, muloqotning ushbu rishtalari kun sayin yana zaiflashib boryapti.
— Sizningcha, 2019 yil qaysi voqealar bilan ahamiyatli bo‘ldi? Mazkur yilning asosiy natijalarini qanday baholaysiz?
— Kuzatayotgan yilimizning ahamiyatli salbiy jixati, bu proteksionizmning kuchayishi, import o‘rnini to‘ldirish siyosatining kuchayishi, deb bilaman. Shunday tasavvur uyg‘onadiki, biz go‘yo 1996 yilga qaytayotgandekmiz. Ya’ni, qator davlat idoralari tomonidan importni cheklash bo‘yicha turli xil hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda. Bu “islohotlar” faqat konvertatsiyaga tegishli emas, xolos. Qolgani aynan o‘sha davrni eslatadi.
Boshqacha qilib aytganda, ular konvertatsiya masalasiga tegmaslik uchun import sohasining hamma jabhalariga to‘siqlar qo‘yishmoqda – boj, aksiz to‘lovlaridan boshlab, yangi-yangi tartib qoidalargacha. Bularning hammasi importni cheklashga qaratilgan. Men buni noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat, deb hisoblayman. Sababi, birinchidan – raqobatchilik muvozanati buziladi, yangi monopoliyalar vujudga keladi yoki eskilari bo‘y ko‘rsatadi. Ikkinchidan, import cheklangan sharoitda eksport ham zarar ko‘radi. Natijada, biz yana yopiq iqtisodiyotga qaytamiz, xalqaro bozorlarda ulushimiz tushib ketadi.
Nazarimda, import o‘rnini to‘ldirishga qaratilgan 20 yildan ortiq olib borilgan iqtisodiy siyosat bizni hech narsaga o‘rgatmagan ko‘rinadi. Axir bu siyosat O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlanishida turg‘unlikni vujudga keltirgan ediku. O‘ylashimcha, xuddi shu siyosatni davom ettirishni istayotganga o‘xshaymiz. Bizga o‘sha siyosat konvertatsiya bo‘lmagani uchun yomon edi, deb aytishdi. Nima, endi konvertatsiya joriy qilinishi bilan o‘sha siyosat yaxshi bo‘lib qoldimi?
— 2019 yildan qanday xulosalar olish mumkin?
— Birinchi xulosa, agar siz tezkor va to‘g‘ri yechimga asoslangan islohotlar o‘tkazmas ekansiz, islohot amalga oshirmoqchi bo‘lgan sohangiz mustahkam eski tizimga ega bo‘lsa, hech narsaga erisha olmaysiz. Shuning uchun islohotlarni amalga oshirishda tezkorlik, ishonch va qat’iylik bo‘lishi lozim.
Ikkinchi xulosa, bugungi kunda hukumat tarkibida haqiqiy islohotchilar jamoasi mavjud emas. Islohotlar uchun jon kuydirayotgan ayrim hukumat rahbarlari va guruhlar bor, ammo jamoa yo‘q. Shuning uchun ularning kuchi va ta’sir doirasi yetarli bo‘lmayapti, bu ayniqsa, 2019 yilda sezildi.
Uchinchi saboq sifatida mahalliy amaldorlarimizning 1996 yilda joriy qilingan tartiblarga keragidan ortiq bog‘lanib qolganliklarini ta’kidlash mumkin. Afsuski, iqtisodiyotdagi jarayonlarga eski qarashlar aynan 2019 yildan boshlab yana o‘zini namoyon qila boshladi. Islohotlarni amalda jadal joriy qilish uchun yangi va yosh kadrlar yetishmayapti. Optimistik nuqtai nazardan esa taxmin qilish mumkinki, bu vaqtinchalik holat. Biz bugungi chekinishlardan so‘ng yaqin vaqt ichida, albatta oldinga siljishga muvaffaq bo‘lamiz, degan umiddaman.
— 2020 yil uchun taxmin va prognozlaringiz qanday?
— Mening fikrimcha bu borada ikkita variant mavjud.
Birinchisi pessimistik taxminlarga asoslangan, ya’ni eski tizim o‘z pozitsiyasini mustahkamlab oladi, faqat biroz boshqacharoq, moslashuvchanroq shaklda. Lekin butkul orqaga ketish bo‘lmaydi. Islohotlarning ayrim natijalari saqlanib qoladi, ammo kutilgan samaralar bo‘lmaydi.
Ikkinchisi – optimistik ruhda: 2019 yilda kuzatilgan salbiy holatlarga vaqtincha qo‘llanilgan chekinishlar sifatida qarashdir. Kelgusi yilda islohotlar kursini o‘z oqimiga qaytara olamiz, ammo islohotlar tez va keskin amalga oshadi, deb ayta olmayman. Asta-sekin va shoshmasdan oldinga harakatlanishda davom etamiz. Bu, tan olish kerak, birinchi variantga qaraganda ancha yaxshi taxmin.
— Kelayotgan yangi yilda qanday o‘zgarishlarni kutmoqdasiz?
— Albatta, birinchi navbatda islohotlarning davom etishini kutib qolaman. Eng avvalo agrar sohada islohotlar zarur. Afsuski, so‘nggi yillarda bu sohada deyarli hech qanday o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Aholisining aksariyat qismi qishloq joylarda istiqomat qiladigan mamlakat sifatida iqtisodning asosini qishloq xo‘jaligi tashkil qiladi. Biroq, mazkur soha noto‘g‘ri tizimda ishlab kelmoqda, unda feodal tizim unsurlari har qadamda uchraydi. Asosiy e’tibor paxta va bug‘doy atrofiga qurilgan. Bu fermerlarning ham, oddiy qishloq aholisining ham daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, ushbu tarmoqning samaradorligini pasaytiradi. Natijada biz o‘zimiz kutgan natijalarga erisha olmayapmiz. Umid qilamanki, 2020 yilda mazkur sohada jadal islohotlar amalga oshiriladi va uni davlat buyurtmalarini bekor qilishdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Balki, buni darhol emas, bosqichma-bosqich amalga oshirish kerakdir, asosiysi, jarayonni boshlab yuborish. Shuni ta’kidlash joizki, paxta va bug‘doy bozori erkin bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, men 2020 yilda ma’muriy islohotlar boshlanishini kutyapman. Uning konsepsiyasi 2017-yilda qabul qilingan edi. Ammo, mazkur yo‘nalishda ayrim idoralarning nomi o‘zgargani, ayrim vazirliklar tashkil qilinganini inobatga olmasak, deyarli bu borada ishlar olib borilmadi. Hukumat markaziy boshqaruv organi sifatida mahalliy boshqaruv organlari bilan munosabatlarini, davlat xizmatlari tizimini, tarmoqlar bo‘yicha iqtisodiyotni boshqarish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishi va takomillashtirishi lozim.
Yana davlat sektoridagi tabiiy monopoliyalar islohotiga ham kirishish uchun vaqt yetib keldi, deb o‘ylayman. Aksariyat yirik kompaniyalar davlatga qarashli. Yirik banklarning barchasi davlat tasarrufida, ularni xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish zarur. Tegishli tarmoqlarni ochiq va shaffof tarzda xususiylashtirish amaliyotini joriy qilish kerak. Umid qilamanki, 2020 yilda bu hayrli ishlarga start beriladi.
Umuman olganda, islohotlar boshqa sohalarda ham zarur. Masalan, bank sektori. Bu sohada imtiyozli kreditlar ajratish amaliyotidan voz kechish lozim. Raqobatni rivojlantirish orqali ko‘plab maqsadlarga erishsa bo‘ladi. Bank bozorining yangi ishtirokchilariga ham imkoniyat berish lozim. Turli xil kredit tashkilotlarini rivojlantirish kerak. Avvallari mamlakatimizda kredit uyushmalari faoliyat yuritar edi, ammo keyinchalik ular negadir yopilib ketdi. Bu sohada ham xususiylashtirishni jadallashtirish yaxshi natija berishi mumkin.
Bundan tashqari, soliq, budjet, ta’lim, sog‘liqni saqlash, pensiya sohalarida ham islohotlarni jadallashtirish lozim. Aslida mamlkatimizda islohotlar o‘tkazmasa ham bo‘ladigan soha yoki tarmoqning o‘zi yo‘q. To‘g‘ri, buning uchun katta kuch, salohiyatli kadrlar kerak. Davlat boshqaruvida o‘z vazifasini uddalay olmayotgan, bozor iqtisodiyoti nima, unda davlat organlari qanday ishtirok etishi kerak, degan tushunchalarga ega bo‘lmagan kadrlar kam emas.
Bu bizning katta muammoimiz. Bundan tashqari, amaldorlarning shaxsiy manfaatdorligi ham yo‘q emas. Islohotlar bunday amaldorlar daromadining eski tuynuklarini yopib qo‘yadi va buning ularga nafi yo‘q. Islohotlarni amalga oshirishdagi muammolarning va unga qarshiliklar bo‘layotganining asosiy sabablari ham shu. Ammo, yuqorida aytganimdek, umid bor, kelayotgan yangi yilda qandaydir islohotlar davom ettiriladi, qaysilaridir yangidan boshlanadi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”