18:02 / 30.05.2020
1 979

Yuliy Yusupov bank sohasida zarur bo‘lgan islohotlar haqida

Yuliy Yusupov bank sohasida zarur bo‘lgan islohotlar haqida
Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Ground Zero tomonidan tashkil qilingan vebinar doirasida «Bank islohoti nima uchun zarur?» mavzuida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi hamda savollarga javob berdi.

Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib [leech=https://zamin.uz/index.php?do=go&url=aHR0cHM6Ly9rdW4udXovbmV3cy8yMDIwLzA1LzMwL2ltdGl5b3psaS1rcmVkaXRsYXNoZGFuLXZvei1rZWNoaXNoLWJhbmtsYXJuaS14dXN1c2l5bGFzaHRpcmlzaC15dWxpeS15dXN1cG92LWJhbmstc29oYXNpZGEtemFydXItYm9sZ2FuLWlzbG9ob3RsYXItaGFxaWRh]o‘tadi[/leech].
Iqtisodchining ta’kidlashicha, sog‘lom, normal bank tizimining 2ta asosiy funksiyasi mavjud. Bular: kelishuvlarni ta’minlash va vositachilik. Yuliy Yusupov mazkur funsiyalarni amalga oshirishga hozirda to‘siq bo‘layotgan muammolarni sanab o‘tdi.

- Inflyatsiya - birinchi sabab. Bu Markaziy bankimizning aybi emas, bu bizning jami iqtisodiy siyosatimiz. Banklar nima uchun imtiyozli kreditlar beradi? Chunki bunga ularni nazorat qiluvchi tashkilotlar, hukumat idoralari, hokimlar, ba’zida Markaziy bankning o‘zi ham majbur qiladi. Bu asosan davlat banklari. Bizda tijorat banklar aktivlarining 80 foizi davlatga tegishli. Asosiy banklar – davlat banklari. Imtiyozli kreditlarni ular berishadi.

Odatda inflyatsiya uchun Markaziy bank javob beradi. Mamlakatda inflyatsiya yuqori bo‘lsa, demak Markaziy bank aybdor. Inflyatsiyada bizning Markaziy bank aybdormi? Ham ha, ham yo‘q. Javobgarlik u qadar katta emas deb o‘ylayman. Chunki ko‘p narsa unga bog‘liq emas. Buni tushuntirishga harakat qilaman. Mening fikrimcha, iqtisodiyotimizdagi inflyatsiya, pul massasi ko‘pligining asosiy sababi – katta [miqdordagi] kredit emissiyasi.

Imtiyozli kreditlar beriladi, ya’ni hatto inflyatsiya darajasidan ham past bo‘lgan foiz stavkasida kreditlar beriladi. Ana shu kredit emissiyalari ham ortiqcha pul massasining manbai hisoblanadi. Bizdagi vaziyatda mening nazarimda u [inflyatsiyaning] asosiy manbai. Mendagi so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bizda beriladigan kreditlarning 60 foizi bu – past foiz stavkasidagi imtiyozli kreditlar. Agar tovar resursining narxi past bo‘lsa, talab katta bo‘ladi. Kreditlar real iqtisodiyot o‘sishiga qaraganda ko‘proq o‘sgan.

Tijorat banklarimizdagi kreditlarning 70 foizdan ortig‘i davlat sektoriga ajratiladi, 29 foizi – xususiy sektorga.

Hozirda ma’muriy boshqaruvda nima sodir bo‘lmoqda? Markaziy bank foiz stavkalarini belgilamaydi, biroq hukumat hozirda ana shu imtiyozli kreditlarni bermoqda. Shu sababli yuqorida aytib o‘tilgan inflyatsiyadan tashqari yana ko‘plab muammolar kelib chiqmoqda. Bu – bozordagi o‘yin qoidalarining teng emasligi, chunki kimdir oldi, boshqa birov ololmadi, masalan, imtiyozli kreditlarni davlat korxonalari oldi, kichik biznes esa ololmadi.

Erkin bozordagi yuqori foiz stavkalari. Gap shundaki, odatda imtiyozli kreditlar budjetdan subsidiyalashtirilmaydi. O‘z-o‘zidan, banklar xarajatlarni kimningdir hisobidan qoplashi kerak. Kichik biznesga ajratiladigan kreditlarda foiz stavkalari ancha yuqori bo‘ladi. Ya’ni kichik biznes o‘zi uchun va imtiyozli kredit olgan “o‘sha amaki” uchun to‘laydi. Pul yetishmasligi ana shundan kelib chiqadi, chunki pul imtiyozli kreditlar uchun ajratiladi. Erkin bozordagi foiz stavkalarining yuqori ekanligining sababi ham shunda.

Keyingi muammo – raqobat. Bu yerdagi muammo nimadan iborat? Aytib o‘tganimdek, aksariyat banklar – davlat banklari. Ko‘pincha mazkur davlat banklari ixtisoslashtirilgan, bir-biri bilan raqobat qilmaydi. Bizda xorij banklari kam. Ular bor, lekin yetarli darajada tor sohalarga ixtisoslashtirilgan. O‘z-o‘zidan, bank sektoridagi raqobat kuchsiz. Raqobat uchun asosiy to‘siq – litsenziyalash masalalari. Litsenziyalashning noshaffof tizimi bozorga mahalliy yoki xorijiy yangi banklarning erkin kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Eslab ko‘raylik, 10 yil muqaddam nechta bank bo‘lgan? Qancha bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shuncha. 30tadan kam. Yaqinda ro‘yxatdan o‘tgan 2ta xorijiy bankni hisobga olmaganda.

Yana bir muammo – ishonchning kuchsizligi. Chunki shaxsiy mulk va kelishuvlar huquqi – kuchsiz. Qonunlar yomon, ishlamaydi. Sud tizimi dahshatli. Shuning uchun kredit berish yoki olish mumkin bo‘lgan barcha iqtisodiyot sub’ektlari banklarga ishonmaydi.

Yana bir sabab – davlat strukturasining bank ishiga faol aralashuvi. Ular faqatgina imtiyozli kreditlar emas, ko‘pincha yomon kreditlar. Katta ehtimol bilan [davlat] kreditlarni qaytarmaydigan korxonalarga berishga majbur qiladi. Ular banklarning “yelkasiga o‘tirib oladi”. O‘z-o‘zidan, ishonch ham kamayadi.

Kasallik sabablarini aniqladik. Endi uni davolash haqida gapiramiz. Bu kabi kasalliklarni qanday davolash kerak? Kasalliklar o‘ziga xos. Lekin biz normal bank tizimi qanday ishlashi kerakligini aytamiz. Demak, dorilar aniq.

Imtiyozli kreditlashdan voz kechish kerak. Istisnoli holatlardan tashqari. Albatta, imtiyozli kreditlash qo‘llaniladigan holatlar bo‘ladi. Bunday holatlar bo‘lsa, u banklar hisobidan emas, budjetdan moliyalashtirilishi kerak.

Banklarning bir qismini xususiylashtirish kerak. Qolgan davlat banklarini strategik hamkorlarga aylantirishni tatbiq etish lozim. Hech bo‘lmasa, bankning 5-10 foiz aksiyalariga egalik qilsin, ana shunda bankni korporativ boshqaruv qoidalari bo‘yicha faoliyat yuritishga majbur qiladi. Tashqi investor, strategik hamkor bankda korporativ boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, u yerga kelmaydi.

Litsensiyalashning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish. Bozorga yangi, jumladan, xorijiy o‘yinchilarni kiritish.

Bankdan tashqari kredit sektorini rivojlantirish.

Mulk huquqini mustahkamlash. Buning uchun xuquqiy, sud, siyosiy islohotni o‘tkazish kerak. Bu nafaqat bank sektori, balki iqtisodiyot uchun muhim, - deydi Yuliy Yusupov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yuliy Yusupov bank sohasida zarur bo‘lgan islohotlar haqida