CATL kompaniyasi HyperStrong korxonasidan 60 GVt-soatlik yirik buyurtma oldi

Akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniya CATL Xitoyning "HyperStrong" korxonasi bilan natriy-ionli batareyalar yetkazib berish bo'yicha ulkan shartnoma imzoladi. 2026 yil 27 aprel kuni e'lon qilingan uch yillik hamkorlik doirasida jami 60 GVt-soat quvvatga ega qurilmalar yetkazib berilishi belgilandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
CATL vakillarining ta'kidlashicha, ushbu kelishuv natriy-ionli batareyalarni ommaviy ishlab chiqarishdagi barcha qiyinchiliklar bartaraf etilganidan dalolat beradi. Bu loyiha mazkur texnologiyani tijoratlashtirishda yangi davrni boshlab beradi.
Kompaniya 2016-yildan buyon ushbu yo'nalishdagi tadqiqotlarga qariyb 1,5 milliard dollar investitsiya kiritgan.
Yangi turdagi batareyalar o'zining chidamliligi bilan ajralib turadi: ular 15 000 dan ortiq quvvatlash siklidan keyin ham o'z sig'imining 80 foizini saqlab qoladi. Shuningdek, qurilmalar -40 darajadan +70 darajagacha bo'lgan ekstremal haroratlarda ham samarali ishlashga qodir.
Energiya zichligi har bir kilogramm uchun 160 Vt-soatni tashkil etadi.
Mazkur akkumulyatorlar tarkibida qimmatbaho kobalt va nikel metallari mavjud emas, mis folga o'rniga esa alyuminiydan foydalanilgan. Bu texnologiya nafaqat xavfsizlikni oshiradi, balki ishlab chiqarish tannarxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Yangi mahsulot asosan yirik energiya saqlash tizimlari va ma'lumotlar markazlari uchun mo'ljallangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!